Линклар

Шошилинч хабар
28 январ 2021, Тошкент вақти: 21:33

Bekobodda 59 bola ovqatdan zaharlangan bog‘cha yopildi


O‘zbekistondagi bog‘chalardan birining o‘yin maydonchasi (illyustrativ surat)

Toshkent viloyati Bekobod tumanida muzlatgich ishlamagani bois, 59 bola va 3 xodim ovqatdan zaharlandi, hodisa sodir bo‘lgan 8-sonli bog‘cha vaqtincha yopildi.

Gazeta.uz nashrining O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligiga tayanib xabar qilishicha, bu bog‘chada zaharlangan 62 kishi 9-10 noyabr kunlari tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizilgan. Ularga dastlab, "o‘tkir gastrit, gastroenterit" tashxisi qo‘yilgan.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, bemorlarda og‘ir holatlar qayd etilmagan, 7 nafar bolaning holati o‘rtacha, qolganlari esa o‘rtacha og‘ir holatda qolmoqda. Nashrning xabar qilishicha, 10 noyabr kechga qadar 20 kishi shifoxonadan chiqarilgan, 11 noyabr kuni yana bir necha bemorga ruxsat berilishi rejalangan.

Vazirlikka ko‘ra, tekshiruvlar vaqtida bog‘chadagi maishiy muzlatkich markalanmagani va nosoz holatda ekani aniqlangan. Tibbiy hamshiraning esa mahsulot sifatini tekshirish uchun kunlik namuna olmagani aytilmoqda. Bundan tashqari, bog‘chada sabzavot va ildiz mevali o‘simliklarni tozalash uchun alohida xona bo‘lmagan.

"Epidemiyaga qarshi choralarni muvofiqlashtirish va mahalliy mutaxassislarga metodik yordam berish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi Epidemiologiya, mikrobiologiya va infeksion kasalliklar ITI direktori, professor N.Otabekov hamda respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi B.Almatov boshchiligidagi infeksionistlar va epidemiologlar guruhini jo‘natdi", deb yozadi nashr.

Bosh prokuraturasi Bekoboddagi 8-sonli bog‘cha tarbiyalanuvchilarining zaharlanishiga oid holat yuzasidan 10 noyabr kuni rasmiy bayonot e’lon qildi.

Banyonotda aytilishicha, holatni Bekobod shahar prokuraturasi tergov qilmoqda.

"Shahar tibbiyot birlashmasining 10.11.2018 yildagi ma’lumotnomasiga ko‘ra, murojaat qilgan shaxslarning sog‘ligi darajasi o‘rtacha og‘irlikni tashkil etib, «ovqat toksikoinfeksiyasi» tashhisi qo‘yilganligi ko‘rsatilgan. Bosh prokuratura tomonidan tekshiruv harakatlari ustidan tegishli nazorat o‘rnatilgan", deyiladi bayonotda.

Hozirda Bekobod prokuraturasi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 257−1- modda 1- qismi bo‘yicha («Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish») jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, tumandagi 8-sonli bog‘cha 280 o‘ringa mo‘ljallangan, ammo hozirda jami 235 bola bu bog‘chaga qatnaydi. 9 noyabr kuni 205 bola bog‘chada bo‘lgan.

Bu Bekobod tumanida bolalarga nisbatan mas’uliyatsizlik bilan munosabatda bo‘lishga oid so‘nggi 5 kun ichida Ozodlikka ma’lum bo‘lgan ikkinchi holat.

7 noyabr kuni Ozodlik ayni tumanda emlash hamshirasi paxtaga chiqarilgani ortidan 7 nafar bola noto‘g‘ri emlanganini aniqlagan edi.

7 noyabr kuni Ozodlikka bog‘langan bekobodlik ota-onalar 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan 7 nafar bolaga kalendarga muvofiq gepatit "A" o‘rniga, gepatit "B"ga qarshi katta dozada emlash qilinganini da’vo qilib, tibbiyot xodimlarini jazolash va o‘z farzandlarining mustaqil tibbiy tekshiruvdan o‘tkazishni talab qilishgan.

Ota-onalarga ko‘ra, bu voqea 25-26-27 oktabr kunlari Bekobod shahridagi Metallurg shifoxonasiga qarashli bolalar poliklinikasida sodir bo‘lgan. Ozodlik gaplashgan hamshiraga ko‘ra, kasalxona rahbariyati bu xatolikdan xabar topgach, ota-onalarni ogohlantirish o‘rniga, voqeani bekitishga uringan.

XS
SM
MD
LG