Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:59

Turkmanistonda bepul gaz-svet ta’minoti to‘xtashiga oz qoldi, rasmiylar uyma-uy yurib tekshirmoqda


Turkmanistonda bepul energiya davri o‘z yakuniga yaqinlashar ekan, poytaxt Ashxobodda rasmiylar fuqarolar gaz va elektr toki uchun to‘lashga tayyor ekaniga amin bo‘lish uchun uyiga birma-bir tashrif buyurmoqda.

Poytaxt turg‘unlaridan biri Ozodlik radiosining turkman xizmati bilan suhbatda:

- Bir necha marta kelishdi, ikki kishi-ikki kishi bo‘lib kelishdi. Bir necha kun ichida ayni darvozalarni qoqib, hisoblagich o‘rnatilgani yoki yo‘qligini so‘rashdi, - dedi.

Turkmaniston hukumati keyingi yildan tabiiy gaz hamda elektr toki uchun ajratib kelayotgan subsidiyalarini to‘xtatadi. Rasmiylar ungacha har bir uyda hisoblagich o‘rnatilishini istaydi.

Hukumatning ushbu choralari 25 yildan beri subsidiyalardan foydalanib kelgan aholini xavotirga solmoqda.

- Bu biz uchun ruhiy zarbadek bo‘ldi, - dedi shahar turg‘unlaridan biri.

Subsidiyalar to‘xtatilishi haqida prezident Gurbanguli Berdimuhamedov 25 sentabr kuni e’lon qilgan. Hukumatning bu rejasi aholiga qimmatga tushishi kutilmoqda, chunki ular nafaqat gaz va elektr toki uchun, balki ularning iste’molini yozib boruvchi hisoblagichlar o‘rnatilishi uchun ham to‘lashi kerak.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, gaz hisoblagichlarini o‘rnatish 75 dollarga tushishi mumkin. Poytaxt turg‘unlarining Ozodlikka bildirishicha, rasmiylar hisoblagichlarni kelgusi yilda o‘rnatish bundanda qimmat bo‘lishi haqida ogohlantirgan.

Hukumat ishchilari o‘rta hisobda 200-350 dollar daromad topadigan mamlakatda bunday xarajatlar ko‘pchilikka og‘ir tushishi aytilmoqda.

Turkmanistonliklar hisoblagichlarni o‘rnatish jarayoni tushunarsiz va tartibsiz o‘tkazilayotganidan ham shikoyat qilmoqda.

Ozodlikka kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim poytaxt turg‘unlari ishchilar kelib hisoblagich o‘rnatishi uchun bir necha kun kutishga majbur bo‘lmoqda. Ayrimlar esa yangi moslamalarni o‘rnatish uchun turli xil summa talab qilishayotganini aytishdi.

- Ulardan narx haqida so‘rasam, 60 dollar bo‘ladi, deyishdi. Bir necha soatdan keyin ularni yana ko‘rib qoldim va qo‘shim narxni yana bir bor so‘radi. Bu safar 74 dollar bo‘lishini aytishdi, - dedi ismini oshkor qilishni istamagan poytaxt turg‘uni.

Ashxobodliklarning so‘zlariga ko‘ra, ayrim texniklar uylariga kelib, hisoblagich o‘rnatishni taklif qilgan, ammo keyinroq ular aslida shahar gaz ta’minoti bo‘limida ishlamasligi ma’lum bo‘lgan.

Ozodlik radiosi turkman xizmati Ashxobod gaz ta’minoti bo‘limidan o‘z savollariga javob ola olmadi.

Turkmanistonda 1993 yilda joriy qilingan subsidiyalarga ko‘ra, har bir oilaning ro‘yxatdan o‘tgan har bir a’zosiga har oy 35 kilovatt elektr toki hamda 50 kubometr gaz ajratilib kelinadi. Shuningdek, har bir fuqaro uchun kuniga 250 litr suv beriladi.

2017 yilning yoziga kelib rasmiylar subsidiyalar bekor qilinishi haqida ilk marta ma’lum qilgan edi.

Keyingi yillarda Turkmaniston iqtisodiy tanazzulga uchradi. Ayni damda hukumat ishchilari o‘z vaqtida maosh ololmayotganlari, oddiy fuqarolar esa non va boshqa muhim mahsulotlar narxi tobora oshib borayotganidan shikoyat qilmoqda.

XS
SM
MD
LG