Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:54

Merkel va Makron Ukraina sharqida o‘tkazilgan saylovlarni noqonuniy deb atadi


Donetsk viloyatidagi saylov posterlaridan biri.
Donetsk viloyatidagi saylov posterlaridan biri.

11 noyabr kuni Ukraina sharqidagi Donetsk hamda Lugansk viloyatlarining rossiyaparast ayirmachilar boshqaruvida bo‘lgan hududlarida o‘tkazilgan saylovlarni xalqaro hamjamiyat keskin tanqid qilmoqda. Fransiya va Germaniya separatchilar o‘tkazgan saylovlarni “noqonuniy” deb atadi.

Rasmiy Kiev o‘tkazilgan saylovlar 2014 yilning aprelida boshlangan mojaroni to‘xtatishga qaratilgan harakatlarni yanada mushkullashtirishini aytdi.

Rossiya rasmiylari esa, Donetsk va Lugansk yetakchisi hamda mahalliy vakillik organlari a’zolarini tayinlash uchun o‘tkazilgan saylovlar mojaroni hal etish maqsadida 2014 yil sentabri va 2015 yil fevralida erishilgan “Minsk kelishuvi” shartlarini buzmasligini ta’kidladi.

Rossiya matbuoti tarqatgan xabarlarga ko‘ra, deyarli barcha byulletenlar sanab bo‘linganidan keyin, Donetsk viloyatidagi ayirmachilarning amaldagi yetakchisi Denis Pushilin 61 foiz to‘plagani ma’lum bo‘lgan.

Qo‘shni Luganskdagi ayirmachilarning amaldagi yetakchisi Leonid Pasechnik esa 68 foiz ovoz to‘plagan.

Germaniya kantsleri Angela Merkel bilan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron e’lon qilgan qo‘shma bayonotda “Saylov deb atalayotgan bu hodisa Ukrainaning hududiy birligi hamda suverenitetiga putur yetkazadi”, deyiladi.

Ikki prezident ushbu bayonotni e’lon qilishidan avval 11 noyabr kuni Birinchi jahon urushi tugaganining 100 yilligiga bag‘ishlangan marosimlar davomida Ukraina prezidenti Petro Poroshenko bilan uchrashdi.

Germaniya, Fransiya hamda Ukraina mojaroga yechim topish bo‘yicha “Normandiya formati”dagi muzokaralarni o‘tkazib keladi. Rossiya formatga a’zo to‘rtinchi davlat bo‘lib, keyingi ikki yil davomida muzokara o‘tkazilmadi.

Donetsk viloyatidagi ayirmachilarning amaldagi yetakchisi, 37 yoshdagi Pushilin kazino bankomati hamda minglab odamni laqillatgan taniqli rus Pontsi sxemasining davomchisi MMMning moliyaviy xizmatlarini sotish bilan shug‘ullangan.

Donetskning avvalgi yetakchisi Aleksandr Zaxarchenko avgust oyida bomba portlashi oqibatida halok bo‘lgan edi. Uning o‘limida Moskva va Kiev bir-birini aybladi.

Luganskdagi ayirmachilarning amaldagi yetakchisi, yoshi 48 ga chiqqan Leonid Pasechnik esa Ukraina Xavfsizlik xizmatining sobiq hududiy yetakchisidir.

Pushilin ham, Pasechnik ham Rossiya bilan aloqalarni yanada yaxshilashni va’da qilib keladi.

Donetsk va Luganskdagi saylovlar xavfsizlik choralari kuchaytirilgan muhitda o‘tkazildi.

AFP agentligi tarqatgan xabarlarga ko‘ra, Donetsk viloyatidagi saylov posterlari aholini “qalbida Rossiyani tutgan holda” ovoz berishga chorlagan.

Ayirmachilarning oxirgi saylovi 2014 yilda Kiev hamda g‘arb mamlakatlari e’tirozlariga qaramasdan o‘tkazilgan edi.

Ukraina, AQSh hamda Yevropa Ittifoqi 11 noyabr kuni o‘tkazilgan saylovlarni Rossiya manipulyatsiyasi o‘laroq qoralab, ular Minsk bitimlariga zid ekanligini aytmoqda.

2013 yili moskvaparast prezident Yanukovich hokimiyatdan chetlatilganidan so‘ng Ukraina sharqida rossiyaparast ayirmachilar bilan boshlangan urush oqibatida hozirgacha 10300 dan oshiq dam halok bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG