Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:12

Samarqanddagi maktab direktorlariga, savodini tekshirish uchun, diktant yozdirildi


Samarqandlik maktab direktorlari diktant yozmoqda. Tinglovchi jo‘natgan surat. Samarqand shahri, 2018, 9 noyabr.
Samarqandlik maktab direktorlari diktant yozmoqda. Tinglovchi jo‘natgan surat. Samarqand shahri, 2018, 9 noyabr.

9 noyabr, juma kuni Samarqanddagi 9- maktabda shahardagi umumta’lim maktablari direktorlariga diktant yozdirildi.

Diktant yozishga qatnashgan direktorlardan biri bu tadbir viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi buyrug‘i bilan o‘tkazilganini aytsa, boshqa bir direktor diktantni o‘z xohishlari bilan yozishganini aytdi.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati samarqandlik maktab direktorlariga diktant yozdirilganidan xabarsiz ekanligini Ozodlikka bildirdi.

O‘tgan oyda Samarqand viloyat, Bulung‘ur tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudirining imlo xatolarga to‘la xati ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalar ob’ektiga aylangan edi.

Samarqandlik direktorlarga diktant yozdirilgani Ozodlikka shu tadbirda ishtirok etganlardan biridan kelgan xatdan ma’lum bo‘ldi.

Xatda, jumladan, bunday deyilgan:

“Samarqand viloyatidagi maktablarning barcha rahbarlaridan diktantlar olinmoqda. Konvertga pechatlangan 200 so‘zdan iborat matndan iborat diktant olindi. Diktant olinishida har bir rahbar bittadan partaga o‘tirib, faqat o‘zi yozishi ta’minlandi. Videokamera xam tashkil etilib, qonuniy o‘tayotgani videoga olib borildi. Shu o‘quv yilida yana 3 marta diktant olinishi aytildi va yil oxirida shunga qarab baho berilishi aytib o‘tildi”.

Imzosiz kelgan, lekin yoshi katta erkak va ayollar sport zaliga o‘xshash katta xonada yozib o‘tirgani aks etgan suratlar ilova qilingan bu xatdagi ma’lumotlarni Samarqand shahridagi ikki maktab direktori tasdiqladi.

Direktorlar diktant yozmoqda
Direktorlar diktant yozmoqda

O‘zini tanishtirmagan birinchi direktor (erkak kishi) diktantni maktab direktorlari 9- maktabda 9 noyabr, juma kuni yozganini aytish bilan cheklandi. Boshqa savollarga javob berishni istamadi.

Yana bir direktor ham (ayol kishi, u ham o‘zini tanishtirishni istamadi) ko‘proq ma’lumot bilan o‘rtoqlashdi. Uning aytishicha, direktorlarga diktantni o‘zbek yoki rus tilida yozishni tanlash huquqi berildi:

“Men rus tili o‘qituvchisi bo‘lganim uchun rus tilida yozdim. Menga o‘xshaganlar 17 kishi ekan. Hammamiz rus tilida yozdik. Boshqalar o‘zbek tilida yozdi”.

Bu gaplarni aytgan direktor “diktant faqat viloyat markazidagi direktorlarga yozdirildimi yoki tadbir viloyat bo‘yicha o‘tkazildimi”, degan savol javobini bilmasligini aytdi.

“Diktantni o‘z xohishimiz bilan yozdik, savodxonligimizni tekshirib turishimiz kerakku, axir, to‘g‘rimi?” dedi direktor.

Qaerdan paydo bo‘lib qoldi bunday istak, degan savolni direktor ayol javobsiz qoldirdi.

Diktant to‘g‘risidagi xabarni jo‘natganning yozishicha, bunday diktant “O‘tgan yili ham olingan va rahbarlar necha baho olgani aytilib uyaltirilgan edi”.

Biroq 13 noyabr kuni Ozodlik muloqot qilgan ikki direktor bunday tadbir birinchi marta o‘tkazilganini aytdi.

Diktantda nechta xato qilibsiz, degan savolga har ikkala direktor "Hali natija chiqqani yo‘q", deb javob berdi.

Direktorlarning savodxonligini tekshirish zarurati qaerdan paydo bo‘lib qolganini so‘rash uchun Samarqand viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati Samarqanddagi tadbirdan xabari yo‘qligini, biroq masalani o‘rganib, Ozodlikka Telegram orqali 1 soat ichida informatsiya berishni va’da qildi. Ushbu xabar yozilayotgan daqiqalarda va’da berilgan vaqtdan kamida 3 soat o‘tdi, lekin javob kelmadi.

O‘tgan oyda Samarqand viloyat, Bulung‘ur tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudirining imlo xatolarga to‘la xati O‘zA muxbiri tomonidan keskin tanqid qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalar ob’ektiga aylangan edi.

Bulung‘ur tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudiri yozgan xat. Surat O‘zAdan olindi.
Bulung‘ur tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudiri yozgan xat. Surat O‘zAdan olindi.

Tilga olingan agentlikning 17 oktabrda xabar qilishicha, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘z xatida ko‘plab imlo xatolariga yo‘l qo‘ygan “Bulung‘ur tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri A.Umrzoqov hamda bo‘lim xodimi F.Murodovga o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan qaragani uchun intizomiy jazo chorasi qo‘llash” belgilangan. Jazoning nimadan iborat ekanligi xabarda aytilmagan..

XS
SM
MD
LG