Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:28

Tramp: AQSh tez orada Xashoggi o‘limi bo‘yicha yakuniy qaror beradi


Saudiyaning valiahd shahzodasi Muhamma ibn Salmon, 23 oktabr, 2018 yil
Saudiyaning valiahd shahzodasi Muhamma ibn Salmon, 23 oktabr, 2018 yil

AQSh prezidenti Donald Tramp saudiyalik jurnalist Jamol Xashoggining o‘limiga kimlar aralashgani to‘g‘risida kelasi hafta boshida yakuniy qarorga kelishini ma’lum qildi. Oldinroq AQSh matbuoti, razvedka agentliklari valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon uni o‘ldirishga buyruq bergan degan xulosaga kelgani haqida xabar tarqatgan edi.

Tramp 17 noyabrda Kaliforniya shtatida jurnalistlarga, “Biz keyingi ikki kun, dushanba va seshanba kunlari to‘liq ma’lumot olamiz”, deb aytdi.

AQSh matbuotiga ko‘ra, Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) ekspertlari Saudiya qirolligining amaldagi rahbari bo‘lgan valiahd shahzoda o‘tgan oyda dissident va jurnalistni Turkiyada o‘ldirishga buyruq bergan, degan xulosaga kelgan.

Ayni paytda, razvedka agentliklari, valiahd shahzodaning jurnalistni o‘ldirishga bevosita buyruq berganiga oid konkret dalil yo‘qligi, bunday xulosa qirollikdagi boshqaruv tabiatidan kelib chiqqanini bildirgan.

Saudiya Arabistoni hukumati, ilk bor The Washington Post gazetasining 17 noyabrdagi nashrida chop etilgan, keyinroq boshqa OAV, jumladan, Assoshieyted Press va Reyter agentliklari tasdiqlagan bu bayonotni rad etdi.

AQSh Davlat departamenti voizi Hizer Noyert 17 dekabrda, “Yangi paydo bo‘layotgan xabarlarga ko‘ra, AQSh hukumati Xashoggi ishi bo‘yicha qabul qilgan yakuniy qarorda noaniqlikka yo‘l qo‘yilgan”, deb aytdi.

Bu vaziyat Kongressda AQShning eng yaqin hamkorini jazolash to‘g‘risidagi sa’y-harakatlarni o‘t oldirib yuborishi mumkin.

MRB rahbari Jina Haspel va davlat kotibi Mayk Pompeo 17 noyabrda Kaliforniyaga safar qilib, ushbu xulosalar haqida Trampga ma’lumot berdi.

MRB bugun menga ma’lumot bermoqchi, − dedi u Kaliforniyaga ketayotib, uchoqqa chiqishi oldidan o‘tkazgan brifingida. - Ayni paytda menda bor ma’lumotga ko‘ra, valiahd shahzoda bu ishga aralashmagan. Qani, bir oz sabr qilaylik-chi, ular nima der ekan? Saudiya Arabistoni – bizning ulkan ittifoqchimiz. Ular bizga juda ko‘p ish o‘rinlari yaratish, korxonalar ochish va iqtisodiy rivojlanish imkonini berdi.

The Washington Post gazetasining bu ishdan xabari bor kishilarga iqtibosan xabar qilishicha, AQSh razvedka xizmatlari xulosasi qisman Saudiya Arabistonining Qo‘shma Shtatlardagi elchisi valiahd shahzodaning akasi Xolid bin Salmonning Xashoggi bilan telefon orqali gaplashgani faktiga asoslanadi.

Elchi 17 dekabrda Tvitterda qoldirgan izohida bunaqa telefon suhbati bo‘lganini rad etdi.

The Washington Post gazetasi muxbiri va valiahd shahzodaning tanqidchisi Xashoggi 2 oktabrda Saudiyaning Istanbul shahridagi konsulligida o‘ldirilgan.

Saudiya Arabistoni davlat prokurori 15 noyabrda Xashoggini o‘ldirishda gumon qilinayotgan 11 kishining 5 nafariga o‘lim jazosi tayinlamoqchi ekanini aytdi.

Prokuror Shalaan ash-Shalaanning jurnalistlarga bildirishicha, valiahd shahzodaning Xashoggi o‘ldirilishidan xabari bo‘lmagan. O‘sha qotillik vaqtida uning jasadi bo‘laklarga bo‘linib, elchixonadan olib chiqilgan va mahalliy “hamkor”ga topshirilgan.

O‘tgan haftada Tramp ma’muriyati jurnalistni o‘ldirishda qo‘li borligi gumon qilinayotgan 17 nafar Saudiya rasmiysiga qarshi sanksiya joriy qildi. Ammo, AQSh Kongressi a’zolari qattiqroq choralar ko‘rilishi, jumladan, Saudiya Arabistoniga qurol-yarog‘ sotishni cheklashni talab qilmoqda.

XS
SM
MD
LG