Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:13

Senator fermerga qasam ichirish bilan hosil ko‘payib qolmasligini aytdi


Senator Maqsuda Vorisova (surat XDPning rasmiy saytidan olindi)
Senator Maqsuda Vorisova (surat XDPning rasmiy saytidan olindi)

Shu kunlarda Sirdaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan “fermerlar qasamyodi” ham aslida yuqorida keltirilgan maqsadga erishish niyatida amalga oshirilgan. Lekin, bu qanchalik to‘g‘ri bo‘ldi va bu qasamyod bilan qishloq xo‘jaligidagi bugungi ahvolni yaxshilab bo‘ladimi?

Bu savolni Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova o‘z partiyasi rasmiy saytida “Qasam bilan hosil ko‘payadimi?” degan sarlavha ostida e’lon qilgan maqolasida o‘rtaga tashlagan.

Qasamyod nimaligi haqida fikr yuritar ekan, senator Vorisova bunday yozadi:

«Qasamyod – harbiy yoki boshqa shu turdagi xizmatga kirayotganda, ma’lum bir statusni olayotganda (masalan, fuqarolik olayotganda yoki sudda guvohlik berayotganda), lavozimga tayinlanayotgandagi rasmiy va tantanali ont ichish marosimi. Qasamyod faqat ommaviy tarzda (omma ko‘z o‘ngida) amalga oshiriladi va qasamyod qiluvchiga uni – qasamyodni ado etmagani uchun yuridik javobgarlikni yuklaydi».

Demokratik tuzumlarda qasamyod mas’uliyat hajmi ulkan bo‘lgan, mas’uliyatsizlik oqibatida jamiyat katta talofat ko‘rishi mumkin bo‘lgan holatlarda hamda sudda – haqiqatni yuzaga chiqarishga safarbar etilgan idoradagina qo‘llanadi”.

Senator amaldagi qonunchilikka ko‘ra fermer tadbirkor ekanligini eslatib o‘tgan..

“U qishloq xo‘jalik maxsulotlari yetishtiradi va o‘z faoliyatini bozor talablari asosida yuritishi kerak. Fermerga qasam ichirish bilan biz unga “ma’naviy cheklov” qo‘ymoqdamiz, dehqonni qasamga tayantirish jamiyatimiz rivoji uchun foyda keltiradimi yoki zarar?”, deb yozadi senator Vorisova.

Maqolasi davomida senator navbatdagi savollarini o‘rtaga tashlaydi:

Bu holat rahbariyat oldida “yangilik” yaratib obro‘ olishga urinish emasmi? Qishloq xo‘jaligidagi salbiy holatlar sanoqli bo‘lsa, barchaga “ommaviy” qasam ichirish zarurmi? Agar bunday holatlar ko‘p bo‘lsa, unda ularni keltirib chiqargan sabablarni taxlil qilish, tizimli choralar ko‘rilishi kerak-ku!

Senatorning fikricha, fermerlarning bu yilgi noqulay sharoitda mo‘ljaldagi hosilni yetishtira olmaganligi uchun nafaqat ob-havo yoki dehqonning dangasaligi, uddaburon emasligi aybdor emas, balki ishni tashkil qilishdagi tizimli kamchiliklar sabab bo‘lgan.

“Tumanlarda bo‘lib fermerlar, tajribali dehqonlar bilan suhbatlashib quyidagi sabablarni aniqladik. Ya’ni, fermerlarda zarur darajada bilim yetishmasligi, texnikalar eskirgani yoki yetishmasligi, yerning meliorativ holatini to‘g‘ri baholay olmaslik va unga chora ko‘rishdagi nochorlik, fermer xo‘jaliklarning aksariyatida agronomlar yetishmasligi, urug‘chilikning achinarli ahvoldaligi, sug‘orish ilmi unutilib borayotgani, suv taqsimotidagi hatoliklar va yana bir qator [kamchiliklar mavjud]”, deb yozgan senator Vorisova.

Senatorning fkiricha, qishloq xo‘jaligidagi qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun avvalo yuqorida keltirilgan kamchiliklarni qanday yo‘qotish mumkin degan savolga javob topish kerak. Balki mayda fermer xo‘jaliklaridan uyushma tashkil etib, ularda ish boshqaruvchi, agronom, buxgalter, traktorchi, suvchi kabi zarur lavozimlar joriy etilishi moliya ishlaridagi, agronomiya ishlaridagi, umuman ishni tashkil etishdagi kamchiliklarni oldini olar. Mana shunday fermer- dexqon uyushmalariga tajribali insonlar boshchilik qilsa fermerlarning ma’suliyat hissi bir qancha ko‘tarilar?

Maqolasini senator Vorisova yuqoridagi gaplar uning shaxsiy fikrlari ekanligini ta’kidlar ekan, mutaxassislardan bu mavzuda takliflar berishlarini kutib qolishini yozgan.

16 noyabr kuni Sirdaryo viloyat markazi Guliston shahri hokimligi qarshisida “g‘alladan mo‘l hosil yetishtirishga azmu qaror qilgan fermerlarni “yurt taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shish, nopok ishlarga qo‘l urmaslik” bo‘yicha uyushtirilgan qasam ichtirish tadbiri bo‘lib o‘tgan edi.

Ozodlikning aniqlashicha, fermerlarga qasam ichtirish tadbirlari butun mamlakatga tarqalgan.

Qasam ichtirish tadbirlari sekin-asta boshqa sohalarga ham ko‘chmoqda.

20 noyabr kuni Samarqand viloyat, Kattaqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasining 150 nafar shifokori va 150 nafar hamshiralari tuman mutasaddilari, keng jamoatchilik oldida qasamyod qabul qildi, deb xabar qildi zarnews.uz sayti.

Senator Maqsuda Vorisova 1961 yilda tug‘ilgan, Toshkent viloyat, Zangiota tumanidagi 19- qishloq oilaviy poliklinikasi mudiri. Oliy Majlis Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi hamda Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi a’zosi, I darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan taqdirlangan.

XS
SM
MD
LG