Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2019, Тошкент вақти: 06:38

Yosh faollar “arzon uylar”ni arzonlatishni so‘rab prezident Mirziyoevga murojaat qildi (VIDEO)


Buxorolik yoshlarning prezidentga videomurojaatidan kadr.

Viloyat hokimligi va Yoshlar ittifoqi rahbariyati tomonidan imtiyozli uy oluvchilar ro‘yxatiga kiritilgan bir guruh buxorolik yosh faollar prezident Shavkat Mirziyoevga videomurojaatini Ozodlikka yo‘lladi.

Murojaatchilar yuborgan videoda ijtimoiy faol yoshlar prezident qarori bilan kam ta’minlangan qatlamga arzon uy qurib berishi lozim “O‘zshahar qurilish invest” taklif qilayotgan kvartiralarning Buxorodagi xususiy shirkatlar qurayotgan ayni kattalikdagi uylardan ikki baravar qimmatligiga e’tibor qaratadi.

Buxorolik faollar¸ imtiyozli kredit va ipoteka olish imkoni faqat “O‘zshahar qurilish invest” uyini oluvchilargagina berilayotgani bois¸ bu shirkatning qimmat uyi uchun navbat kutishga majburligini aytmoqda.

“O‘zshahar qurilish invest” mutasaddisi qurilish materiallarini arzon narxda olib¸ davlat fondi va uy oluvchilar puliga¸ soliq va boshqa imtiyozlar bilan qurilayotgan “arzon uylar”ning nega bunday imtiyozi yo‘q tadbirkorlar qurayotgan uydan qimmatligini tushuntirishni istamadi. Bu mutasaddi shikoyatga “odamlarga qolsa¸ uyni tekinga ber deydi”, degan qabilda munosabat bildirdi.

“Yemay-ichmay oyligimni to‘liq bersam ham¸ 20 yilda imtiyozli uy pulini qoplamaydi”

Prezidentga murojaat qilgan guruh a’zolari Ozodlik bilan suhbatda¸ o‘zlarining chempionlar¸ Beruniy mukofoti laureati¸ yosh fermerlar ko‘rik-tanlovi g‘olibi¸ qisqa aytganda¸ o‘z sohasida muvaffaqiyatga erishgan yoshlar ekanlari va shu bois¸ imtiyozli uy oluvchilar ro‘yxatiga kiritilganini aytdilar.

Бухоролик ёшлар президентдан "арзон уйлар"ни арзонлатишни сўради
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:11 0:00

(Ayni paytda murojaatchilar Ozodlikka o‘z shaxslarini ochiqlab gapirishni istamadilar.)

Prezidentimiz yosh kadrlar halol¸ korruptsiyadan toza holda yashasin¸ deb shunday imtiyoz berdi. Olayotgan oyligimni to‘lig‘icha bersam ham¸ taklif qilinayotgan imtiyozli uyga beriladigan 20 yillik kredit va ipotekani qoplashga yetmaydi. Oilam¸ bolalarim bor¸ nima yeb-nima ichaman¸ boshqa ehtiyojlarimizni qanday qoplayman?»¸ deydi ijara uyda yashayotganini aytgan sovrindor faollardan biri Ozodlik bilan telefon suhbatida.

Arzon uy arzon emas

Prezident Shavkat Mirziyoevga qilingan videomurojaatda qatnashgan Yoshlar ittifoqi yetakchilaridan biri¸ 2016 yili imtiyozli Yoshlar uyiga ariza topshirgani va bugunga kelib viloyat hokimligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatda navbat kutayotganini aytadi.

Ozodlik bilan suhbatda o‘z shaxsini ochiqlamaslikni so‘ragan yosh faolga ko‘ra¸ prezident tashabbusi bilan berilgan imtiyozli kreditdan foydalanib¸ “arzon uy” olish¸ aslida qimmatga tushmoqda.

"Prezidentimiz tomonidan 2018-2019 yilda imtiyozli kreditlar asosida Buxoro viloyatiga 420 dona uy-joy qurish va buning uchun 62 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu uy-joylarni quradigan firma uchun barcha xo‘jalik mahsulotlari imtiyozli narxda beriladi. 62 milliard mablag‘ni 420 dona uyga bo‘lganda¸ bir uyning narxi 147 million chiqadi. Hozirda bizga beriladigan bitta ikki xonalik kvartiraning eng arzoni 240 million so‘m. O‘tgan yil bu narx 120 million bo‘lgan. Bir metr kvadrati 3 million 900 ming so‘mga to‘g‘ri kelmoqda"¸ deydi bu muammo yuzasidan faqat guruh bo‘lib chiqishga jur’at qilgan yoshlar yetakchilaridan biri.

Prezidentga videomurojaat bilan chiqqan faollardan yana biri¸ arzon deb taqdim etilayotgan davlat dasturidagi uylarning amalda xususiy shirkatlar qurayotgan uylardan nega qimmatligini hech kim tushuntirib bermayotganini aytadi.

Arzon uy qurayotgan tashkilotga hamma narsa imtiyozli narxda beriladi¸ bular materiallarni bozor narxida olmaydi. Bundan tashqari¸ bular soliqdan ham ozod qilingan. Bir kilo sementni 305 so‘mdan olamiz¸ degan gapni qurilish firmasi xodimining o‘z og‘zidan eshitdik. Bozorda bir kilo sement 650 so‘m. Xususiy qurilish kompaniyalari bozordan 650 so‘mdan olib qurayapti¸ lekin ularniki arzon¸ 305 so‘mdan olayotganniki qimmat. Smetani ko‘rsating¸ qaerdan bunaqa narx kelib chiqayapti¸ desak bunaqa vakolating yo‘q¸ senlarga ko‘rsatmayman¸ deyishdi”.

Kam ta’minlanganlar nega bozordagi arzon uyni emas¸ davlatning “arzon-qimmati”ni olishga majbur?

Ozodlik bilan suhbatlashgan buxorolik yosh faollardan biri¸ xususiy shirkatlar qurayotgan ikki xonalik arzon uy 20 yillik kredit va ipoteka foizlarini qo‘shib hisoblaganda¸ 247 million so‘mga tushishi¸ “O‘zshahar qurilish invest” taklif qilayotgan ayni kategoriyadagi kvartira esa¸ 480 million so‘mga tushishini aytadi.

Nega xususiylar qurayotgan arzon uyni olib qo‘ya qolmaysiz?”¸ degan savolga bu suhbatdosh¸ davlat taqdim etayotgan imtiyozli kreditlarning aynan “O‘zshahar qurilish invest” qurayotgan uylarga bog‘lab qo‘yilganini aytadi.

Prezident qarori bilan ijtimoiy faol yoshlarga uy qiymatining birinchi 25 foizlik badalini Yoshlar ittifoqi beradi¸ biz bu pulni sekin-sekin foizlarsiz qaytaramiz. Bundan tashqari¸ biz uch yil faqat foiz to‘laymiz¸ ipoteka stavkasi ham banklar qo‘ygan 18 foiz emas¸ imtiyozli 7 foizlik. Xususiy shirkatdan oladigan bo‘lsak¸ birinchi 25 foizlik badalni o‘z cho‘ntagimizdan to‘lashimiz kerak – buncha pulimiz yo‘q. Keyin ipoteka foiz stavkasida ham imtiyoz yo‘q. Ana shu imtiyozlar uchun ijtimoiy uy olishga navbatga yozilganmiz”¸ deydi buxorolik yosh faollardan biri.

Arzon uy nega arzon emas? “O‘zshahar qurilish invest” javobi

Ozodlik prezidentga murojaat qilgan yosh faollar qo‘ygan bu savol bilan “O‘zshahar qurilish invest” MChJsi rahbariyatiga murojaat qildi.

Birinchidan¸ biz uy qurmaymiz¸ biz buyurtmachimiz¸ uyni pudratchi tashkilotlar quradi. Buyurtmachi bilan pudratchining o‘rtasida katta farq bor”¸ deya gap boshladi 21 noyabr kuni Ozodlik gaplashgan kompaniya rasmiysi. (Suhbat davomida bu farqqa izoh berilmadi.)

Ozodlik bilan suhbat davomida mutaxassis¸ uylar loyihasini Loyiha instituti tasdiqlaganidan keyin¸ u davlat ekspertizasidan o‘tishi va ekspertiza xulosasida narxlarning haqiqiy qiymati kelib chiqishini bildirdi.

"Davlat ekspertizasi xulosasi bu okonchatelniy. Agar biz noto‘g‘ri ish qilganimizda¸ prokuratura allaqachon ish qo‘zg‘agan bo‘lardi. Hozirgachayam bunaqa savol va tortishuvlar¸ prokuraturaga shikoyatlar ko‘p bo‘ldi"¸ dedi “O‘zshahar qurilish invest” mutasaddisi.

Kam ta’minlanganlar uchun maxsus imtiyoz asosida qurilayotgan uylar narxining bir yil ichida ikki baravarga oshgani (120 million so‘mlik kvartira 240 millionga aylangan -tahr.) sababini izohlash so‘ralganda “O‘zshahar qurilish invest” mutasaddisi¸ buni O‘zbekistondagi inflyatsiya bilan tushuntirishga urindi.

"Ko‘rib turibsiz¸ bir yilda 15-16 foiz inflyatsiya bo‘layapti¸ narx-navolar oshayapti¸ ayniqsa qurilish materiallari – sement¸ metall va boshqalar. Odamlarga qolsa¸ tekinga ber deydi. Odamlar yana bir narsani tushunmayapti. Xususiy shirkatlar qurgan uylar quruq korobka¸ bizniki esa¸ pod klyuch¸ hammayog‘i tayyor uy"¸ dedi kompaniya rasmiysi.

Ayni paytda bu mutasaddi¸ ayni inflyatsiya sharoitida ishlayotgan xususiy kompaniyalar narxlarini bu qadar keskin oshirmayotgan bir paytda¸ qurilish materiallarini ikki baravar arzonga olib¸ davlat va uy oluvchilar puliga uy quraëtgan “O‘zshahar qurilish invest” narxi nega ikki baravarga oshdi¸ degan savolga javob berishni istamadi.

Bu savolni eshitgan mulozim:

- Shirkatimizning elektron pochtasiga savollaringizni yuborsangiz¸ tegishli tarzda ko‘rib chiqiladi¸ deyish bilan suhbatga yakun yasadi.

Ozodlik rasmiy sayti yo‘q¸ rahbar va boshqa mutasaddilari bilan bog‘lanish uchun ma’lumotlar jamoatchilikka taqdim etilmagan “O‘zshahar qurilish invest” elektron pochta manzilini¸ bir necha qo‘ng‘iroqdan so‘ng aniqladi. Bu manzilga jo‘natilgan savollarga hozircha javob kelmadi.

“O‘zshahar qurilish invest” respublika ixtisoslashtirilgan injiniring kompaniyasi prezidentning 2017 yil 13 yanvar kungi “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tuzilgan.

Butun O‘zbekiston bo‘ylab ijtimoiy uylarni qurish huquqi “arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish borasidagi tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida ustav kapitali 1 mlrd so‘m miqdorida bo‘lgan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “O‘zshahar qurilish invest” ga berildi.

Bu kompaniya raisi etib¸ Bosh vazirning 1-o‘rinbosari Ochilboy Ramatov tayinlandi¸ uning muassislari ro‘yxatiga esa¸ O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi– 61%;“Ipoteka bank” ATIB – 9%;“O‘zmetkombinat” AJ – 10 %;“Qizilqumsement” AJ – 10% va “O‘zbekinvest” MSK – 10% ulush bilan kiritildi.

Buxorolik yosh faollarning prezident Shavkat Mirziyoevga "arzon uylarni arzonlatish"ni so‘rab qilgan videomurojaatiga munosabat bildirgan o‘zbekistonlik huquqshunoslardan biri¸ davlat va aholi mablag‘iga maxsus imtiyozlar bilan uy qurdirayotgan “O‘zshahar qurilish invest” har bir tiyinning nimaga¸ qanday sarflanayotganini jamoatchilikka ochiqlashi shartligi¸ aks holda¸ jarayondan “korrupsiya hidi” kelayotganini ta’kidladi.

XS
SM
MD
LG