Линклар

Шошилинч хабар
19 май 2021, Тошкент вақти: 01:14

Rossiya Qora dengizda Ukraina kemalarini o‘qqa tutdi. Ukraina harbiy holat joriy qilmoqchi


Kerchda ushlab turilgan Ukraina kemalari.

Ukraina Radasi deputatlari 26 noyabr kuni harbiy kengash tavsiyasiga ko‘ra mamlakatda harbiy holat joriy qilish masalasini ko‘rib chiqmoqchi. Bunga Rossiya qo‘shinlari Qora dengizda Qrim yarim oroli sohillaridan narida suzib ketayotgan Ukraina kemalariga qarshi o‘t ochgani sabab bo‘ldi.

Bu haqda Ukraina prezidenti Petro Poroshenko shunday dedi:

− Qo‘limizda mavjud rad etib bo‘lmas isbotlarga ko‘ra, ushbu tajovuz, Ukraina harbiy-dengiz floti (HDF) kemalariga hujum xato ham, tasodif ham emas. Bu ham, Ukraina harbiy dengizchilariga qarshi qurol ishlatish ham qasddan qilingan amaldir.

Xabarlarga ko‘ra, 23 nafar ukrain dengizchisi asir olindi va ushbu mamlakatning 3 ta kemasi Kerchda ushlab turilibdi. Ular Qora dengizdan Kerch bo‘g‘ozi orqali Azov dengiziga o‘tmoqchi bo‘lgan.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy vaziyat keskinlashuvi oldini olish uchun BMT Xavfsizlik Kengashi 26 noyabrda favqulodda majlis o‘tkazmoqchi ekani xabar qilindi. Majlis o‘tkazishni Rossiya ham, Ukraina ham iltimos qilmoqda.

Ushbu voqeadan so‘ng Rossiya Kerch bo‘g‘ozidagi kemalar o‘tish joyini to‘sib qo‘ydi.

NATO matubot kotibi Oana Lungesku ushbu harbiy ittifoq Azov dengizi va Kerch bo‘g‘ozidagi vaziyatni “yaqindan kuzatib turgani”ni va Ukraina hokimiyat idoralari bilan aloqaga chiqib turganini aytdi.

Rossiyaning Federal xavfsizlik xizmati Ukraina harbiy kuchlari kemalar ushbu mamlakatning hududiga fitna qo‘zg‘ash uchun noqonuniy kirganini iddao qilmoqda.

Ikkala mamlakat ham keyingi paytlarda Azov dengizida harbiy kemalarini ko‘paytirdi. Rasmiy Kiev Moskvani Ukrainaning Mariupol singari portlariga yo‘l olayotgan kemalarni ta’qib qilishda ayblamoqda.

25 noyabr kuni Rossiyaning chegarani qo‘riqlovchi “Don” kemasi Ukrainaning shatakchi kemasiga atay borib urilgan va unga shikast yetkazgan.

O‘z navbatida Rossiya tomoni ushbu to‘qnashuv uchun aybni Ukraina tomoniga ag‘darmoqda. Rossiya Federal Majlisi yuqori palatasi bo‘lmish Federal Kengashning Xalqaro siyosat masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Aleksey Pushkov “Rossiya 24” telekanaliga telefon orqali mana bu fikrni bildirdi:

‒ Buyruqni bevosita Ukraina prezidenti Petro Poroshenko berganiga hech qanday shubha yo‘q. Bunday ishlar davlat rahbari bexabar bo‘lgan holatda, uning roziligisiz va o‘ylanmanki, tashabbusisiz qilinmaydi. Bu ma’lum maqsadni ko‘zlagan fitnadan boshqa narsa emas.

XS
SM
MD
LG