Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:33

Hibsga olingan Tashqi migratsiya agentligi rahbarlari Koreyaga bormoqchilardan $20 mln pora olganlikda gumonlanmoqda


Janubiy Koreyaga ketuvchilar uchun uyushtirilgan 2017 yilgi test imtihoni savollari jiddiy noroziliklarga sabab bo‘lgan edi.
Janubiy Koreyaga ketuvchilar uchun uyushtirilgan 2017 yilgi test imtihoni savollari jiddiy noroziliklarga sabab bo‘lgan edi.

Tashqi migratsiya agentligi rahbarlarining hibsga olinganiga oid Ozodlikka kelgan xabarni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining bir-biridan mustaqil ikki mulozimi tasdiqladi.

Hozircha jamoatchilikdan sir tutilayotgan bu ma’lumotni ochiqlashga vakolati yo‘qligi bois shaxsi sir qolishini so‘ragan bu mulozimlarga ko‘ra¸ 16-20 noyabr kunlari Migratsiya agentligining 20 ga yaqin rasmiysi Bosh prokuratura Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi xodimlari tomonidan olib ketilgan.

Koreyaga ishga ketish uchun ariza bergan minglab odamdan pora olganlikda gumonlanib olib ketilganlarning ko‘pchiligi qo‘yib yuborilgan¸ ammo agentlik boshlig‘i¸ uning o‘rinbosari va Koreyaga ketayotgan fuqarolarni oldindan ko‘niktirish va o‘qitish markazi rahbarining 26 noyabr kuni ham hibsda qolayotgani aytildi.

Ozodlik gaplashgan jarayon tafsilotlaridan xabardor mulozimlar¸ hibsga olinganlarning Koreyaga ishga yuborish va’dasi bilan 20 (yigirma) million AQSh dollaridan ko‘proq pora olganlikda gumonlanayotganini bildirdilar.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Tashqi migratsiya agentligi mutasaddilari Ozodlikning bu hibsga olishlarni rasman tasdiqlash yoki inkor qilish so‘rovini javobsiz qoldirdi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tergov siri nuqtai nazaridan bu ma’lumotni na tasdiqladi va na inkor qildi.

Qama-qamalar

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ Tashqi migratsiya boshqarmasining hibsga olingan rasmiylari yil davomida har bir viloyatdan kamida 400 tadan odamga Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilib¸ ularning har biridan kamida 5000 AQSh dollari miqdorida pora olgan jinoiy guruhga boshchilik qilganlikda gumonlanmoqda.

Viloyatlardagi pul berganlar aldanganini bilib¸ Tashqi migratsiya agentligining Akademgorodokdagi bosh ofisiga kelib to‘polon qilganidan so‘ng¸ vaziyatga prokuratura aralashishga majbur bo‘ldi”¸ deydi voqea tafsilotlarini Ozodlikka gapirib bergan vazirlik mas’ullaridan biri.

Boshlanishi Migratsiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Toshkentda o‘z ofisida 5000$ bilan prokuratura departamenti tomonidan ushlandi. Srazu boshliq va beshta bo‘lim rahbari ketdi. Bu 16 noyabrda bo‘ldi¸ katta boshliqlarni 20 noyabrda olishdi”¸ deydi vazirlik rasmiysi.

Tashqi Migratsiya agentligi rahbar va mutasaddilarining hibsga olinganini tasdiqlagan agentlik mulozimlaridan yana biri¸ olib ketilganlarning beshtasi qo‘yib yuborilgani, yuqori rahbarlardan uchtasi¸ xususan¸ agentlikning birinchi rahbari va o‘rinbosarining hibsda qolaëtganini bildirdi.

(26 noyabr kuni Ravshan Ibragimov va Ulug‘bek Nazarov Tashqi migratsiya agentligi rasmiy saytida hamon agentlik boshlig‘i va o‘rinbosar sifatida ko‘rsatilgan.)

Ozodlik 26 noyabr kuni bu ma’lumotni tasdiqlash yoki inkor etishni so‘rab rasman Bandlik vazirligi va Migratsiya agentligiga murojaat qildi.

Savolni eshitgan rasmiylar¸ Ozodlik muxbiri telefon raqamlarini yozib olib¸ o‘zlari qo‘ng‘iroq qilib¸ javobini aytishni va’da qildilar. Ammo kun davomida bunday javob berilmadi.

“Vazir pora janjalini 19 noyabr kungi majlisda tilga oldi”

20 noyabr kuni O‘zbekiston telekanallari va mahalliy axborot nashrlari¸ Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbievning o‘z vazirligida o‘tkazgan uchrashuvi haqida xabar tarqatdi.

Uchrashuvda Kudbiev Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining bu ish bilan shug‘ullanuvchi yagona agentlik bo‘lishi chet elda ishlash istagini bildirgan o‘zbekistonliklarga shaffof va porasiz xizmat ko‘rsatish imkonini bermaganini aytgan va tez orada Koreya¸ Yaponiya va Yevropa davlatlariga ishchi yuborish bilan xususiy mehnat agentliklarining shug‘ullanishiga ruxsat berilishini bildirgan.

19 noyabr kuni Bandlik vaziri Sherzod Kudbievning vazirlikda o‘tkazgan yig‘ilishi haqida “O‘zbekiston 24 kanali xabar berdi. Vazir bu majlisda aytgan boshqa muhim gaplar tilga olinmadi. Ana shu majlisda vazir “otam menga Koreyaga odam jo‘natish uchun 5000 dan pul yig‘ayotgan ekansanlar. Agar shunday bo‘lsa¸ bizning qishloqdan ham jo‘natib ber”¸ deb iltimos qildi. Demak aniq hududlar pul yiqqan¸ deb gapirdi”¸ deydi bu yig‘ilish tafsilotlaridan bevosita xabardor rasmiy.

(Rasmiy biografiyasiga ko‘ra¸ 37 yashar Sherzod Kudbiev asli farg‘onalik – tahr.)

Bu suhbatdosh¸ jarayonning davom etishi va har bir viloyatda Janubiy Koreyaga ketishga nomzodlardan pora olganlarga navbat kelishini aytadi.

Vazirlikda kayfiyat yo‘q¸ agentlikdagilar yuragini berib qo‘ygan. Hibsdagilar kimga qarshi ko‘rsatma beradi¸ buni hech kim bilmaydi. Bu hali boshlanishi¸ endi navbat viloyatlardagilarga keladi”¸ dedi agentlikda ishlovchilardan biri.

Hozircha O‘zbekistondagi biror nashr¸ qolaversa¸ Bosh prokuratura matbuot xizmati Tashqi Migratsiya rahbarlarining katta miqdorda pora olganlikda ayblanib¸ hibsga olingani haqida xabar tarqatmadi.

Har biri 5000 dollardan pora berganlar¸ bu xabarni eshitib¸ to‘polon boshlamasin¸ deb Migratsiya rahbarlarining hibsga olingani haqida xabar chiqarishmayapti. Bundan tashqari¸ bu ishga tepadagilarning ham aloqasi bor bo‘lib chiqayapti. Aniq bir xulosaga kelinmaguncha¸ sir tutishadi¸ shekilli”¸ deb izohladi bu jimlikni Ozodlik gaplashgan mulozim.

Ayblov mohiyati

Ozodlik gaplashgan voqea tafsilotlariga yaqin mulozimga ko‘ra¸ qo‘lga olinganlar Janubiy Koreyaga ishga ketish uchun minglab arizachidan minglab dollar pora olganlikda gumonlanmoqda.

Bir yilda Janubiy Koreyaga ishga ketish uchun 5000 ta kvota bor. Shuni 12 viloyat va Qoraqalpog‘istonga sochsangiz¸ taxminan 400 tadan to‘g‘ri keladi. Migratsiya agentligi rasmiylari hududiy boshqarmalari orqali "Koreyaga ishga ketishingga garantiya beramiz"¸ deb har viloyatdan kamida 400 odamdan 5000 dollardan pul olishgan. Bu respublika miqyosida 20 million dollardan ko‘p bo‘ladi”¸ deydi Ozodlikka ish tafsilotlariga oid ma’lumot yo‘llagan vazirlik mulozimi.

Bu mulozim iddaosicha¸ so‘roq paytida Migratsiya agentligi mas’ullari¸ buncha porani “yakka o‘zlari yemaganlari¸ uni Bosh vazir o‘rinbosarlaridan biriga 50/50 qilib uzatib kelgan”ini bildirgan. (Ozodlikka bu korrupsion mojaroda nomi tilga olinayotgan Bosh vazir o‘rinbosari kimligi ma’lum¸ ammo tekshiruv davom etayotgani bois¸ uni hozircha ochiqlamayotir – tahr.)

“Koreyaga pora bermasdan ketishning iloji yo‘q”

Janubiy Koreyaga Tashqi migratsiya agentligi orqali ishga ketish kvotasi 2018 yilga kelib 5000 ga chiqarilgani holda¸ yiliga Koreyaga ketish uchun hujjat topshiruvchilar sonining 100 mingdan ko‘proqni tashkil etishi aytiladi.

2017 yilning 27-28-29-30 mart va 1-3 aprel kunlari Janubiy Koreyaga ishga ketishga talabgorlar uchun o‘tkazilgan ro‘yxatga olish va anketa to‘ldirish jarayoni natijalari¸ ariza beruvchilarning nihoyatda ko‘pligi ortidan kelib chiqqan texnik nosozliklar iddaosi bilan¸ 18 aprel kuni butunlay bekor qilingan edi.

Bu jarayonning shaffof emasligi ijtimoiy tarmoqlarda e’tirozlarga sabab bo‘lgani ortidan¸ agentlik rahbari Ulug‘bek Nazarov lavozimidan bo‘shatilgan edi (Nazarov ko‘p o‘tmay agentlik boshlig‘iga o‘rinbosar etib tayinlandi).

Bu voqeaga munosabat bildirganlardan biri – uch yildan beri o‘z kuchiga ishonib¸ Koreyaga ketish uchun testdan o‘tolmayotganlardan biri buxorolik 25 yashar Anvar jarayonning nihoyatda korrupsiyalashganini aytgan edi.

Oxirgi test savollari ustimizdan kulish bo‘ldi¸ xolos. Hozirgacha 80 foiz odam pora bilan Koreyaga ketayapti. Migratsiyadagilarga aloqador o‘rtakashlar koreyschani umuman bilmaydiganlarni o‘tkazib kelishayapti. O‘tgan yillarda 4-5 ming dollar edi¸ bu yilga kelib¸ stavkani 7000 dollarga chiqarishipti”¸ degan edi bu jarayonni yillardan beri kuzatib kelgan Anvar.

BILDIRUV: Agar siz ham Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan Tashqi migratsiya agentligi xodimlari yoki ular yaqinlariga pora berganlardan bo‘lsangiz¸ tafsilotlarni Ozodlikning Telegram va WhatsApp kanallari¸ yoki Facebook va Odnoklassnikidagi sahifalari¸ yoxud quyidagi "Sharh" katakchasiga yozib yuborishingiz mumkin. Shaxsingiz sir qolishi kafolatlanadi.

XS
SM
MD
LG