Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:47

Rossiyadagi "Farg‘ona"ning yoshi 20 ga to‘ldi


 “Farg‘ona.ru” axborot agentligining yangi logotipi
“Farg‘ona.ru” axborot agentligining yangi logotipi

O‘tgan shanba kuni Moskvada “Farg‘ona.ru” axborot agentligi ish boshlagan kunning 20 yilligi nishonlandi. Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlarining siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy hayotiga oid xabar va maqolalari bilan tanilgan agentlik yubileyi munosabati bilan Moskvadagi “Farg‘ona Uyi”da qabul bo‘lib o‘tdi.

“Farg‘ona”ni qutlagani uning "Farg‘ona Uyi"ga kelgan nashr muxlislari, jurnalistlar va ekspert-mutaxassislar oldida chiqish qilgan uning asoschisi va bosh muharriri Daniil Kislov agentlik o‘z logotipini yangilagani va yangi sayt ish boshlaganini e’lon qildi.

Daniil yana bir yangilikni e’lon qilib, “Farg‘ona.ru” agentligi bosh muharriri vazifasini o‘zining bosh yordamchisi Mariya Yanovskaya-Dubnovaga topshirganini aytdi.

- Bugunga kelib “Farg‘ona.ru”da 18 muxbir ishlamoqda. Bizni kuniga minglab odamlar kuzatib, o‘qib boradi. Yangilanish vaqti yetib keldi – yangi davr talablariga moslashishga intilayapmiz. Biz yangi saytni ishga tushirdik. Men baribir O‘zbekiston va mintaqada bo‘layotgan voqealarni kuzatib boraman. Axir men busiz yashay olmayman - mening qalbim u yerda qolgan. Agarda menda biror fikr-mulohaza paydo bo‘lsa, albatta muxlislarimizga havola etaman,- dedi Daniil Kislov.

Daniil Kislovning o‘zi “Farg‘ona.ru” MChJ Bosh direktori lavozimini saqlab qolishi va nashrning moliyaviy-xo‘jalik ishlarini boshqarishini aytdi.

"Farg‘ona Uyi" mehmonlari
"Farg‘ona Uyi" mehmonlari

Yozuvchi va jurnalist, filologiya fanlari nomzodi Mariya Yanovskaya-Dubnova nashrda 2008 yildan buyon faoliyat yuritib keladi.

Mariya Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha taniqli ekspert, jurnalist va siyosatshunos Arkadiy Dubnovning rafiqasidir.

Ozodlik bilan suhbatda u “Farg‘ona.ru”ning kelgusi siyosati va strategiyasi borasida so‘z yuritib, dedi:

- Biz Markaziy Osiyo mintaqasi bilan shug‘ullanayotgan, u haqda yozayotgan, uni sevuvchi va mintaqada sodir bo‘layotgan har bir hodisani sinchiklab o‘rganuvchi ommaviy axborot vositasidirmiz. Biz baland turib emas, ichkaridan turib uni yoritishni davom etamiz. Biz “Farg‘ona” olib borgan ishni davom ettiramiz. Endi uning texnik imkoniyatlarini kengaytirish niyatidamiz.

“Farg‘ona.ru” agentligi bosh muharriri Mariya Dubnova-Yanovskaya
“Farg‘ona.ru” agentligi bosh muharriri Mariya Dubnova-Yanovskaya

​Nashrning bosh muharriri O‘zbekistonning Mirziyoev boshqarayotgan hukumati yangilanishga qaratilgan siyosatini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab, ruxsat berilsa, agentlik O‘zbekiston poytaxtida o‘z vakolatxonasini ochishga tayyor ekanini ham ma’lum qildi.

“Farg‘ona.ru”ning 20 yillik yubileyiga kelgan mehmonlar nashrga o‘z tilak-istaklarini Ozodlik orqali bildirishdi.

Internet nashrining ashaddiy muxlislaridan biri, asli qozog‘istonlik dizayner Aelita Jumaeva “farg‘onachilarga” o‘z ishlarini hech qanday qiyinchiliklarga qaramasdan davom ettirishni so‘rab, dedi:

- “Farg‘ona” o‘tgan 20 yil ichida juda ulkan ishni bajardi. Men unga shu tarzda davom ettirishini tilab qolardim. Taslim bo‘lmang, boshqalar ta’siriga tushmang va o‘zligingizni saqlab qoling!

“Farg‘ona.ru” Xalqaro axborot agentligi 1998 yilda “Farg‘ona hamkorligi” Internet forumi negizida shoir va muharrir Daniil Kislov tomonidan yaratilgan. 53 yoshli asli farg‘onalik Daniil Kislov 2001 yilda o‘z nashriga ommaviy axborot vositasi sifatida Rossiyada davlat litsenziyasini olgan.

Bugunga kelib “Farg‘ona.ru” AA Markaziy Osiyo mintaqasi hayotiga bag‘ishlangan o‘tkir va ob’ektiv ma’lumotlarni rus, o‘zbek va ingliz tillarida tarqatishga o‘rinayotgan sanoqli Internet portallardan biridir.

O‘z faoliyatini 1999 yilgi voqealarni yoritishdan boshlagan oddiy Internet forumi, bugunga kelib Rossiyaning eng yirik va nufuzli axborot uzatuvchi vositalari qatoridan o‘rin olgan.

XS
SM
MD
LG