Линклар

Шошилинч хабар
12 май 2021, Тошкент вақти: 04:05

OzodMaktub: "Chinobodning tuman maqomi qayta tiklanishini istaymiz"


Andijon viloyatining Baliqchi tumanidan Rossiyaning Novosibirsk shahriga borib ishlayotgan bir guruh mehnat muhojirlari Ozodlikka yozgan maktubida yaqinlari tuman markaziga borish uchun masofaning olisligidan qiynalayotgani haqida shikoyat qildi.

Ularning aytishicha, tumanning ba’zi hududlari bilan markaz orasi 55 kilometrgachadir. Mehnat muhojirlari, bir paytlar Baliqchi tumaniga qo‘shib yuborilgan Chinobod tumanining qayta tiklanishi ham iqtisodiy, ham maishiy tomondan qulay bo‘lishini yozadilar. Maktub tahrirsiz e’lon qilinmoqda.

Baliqchi tumani xaritasi
Baliqchi tumani xaritasi

"Assalomu alaykum "Ozodlik" radiosi! Sizlarga Rossiyaning Novosibirsk shahridan maktub yo‘llayapmiz. Biz Internet tarmog‘i orqali qishloqlarimiz oqsoqollarini Baliqchi tuman markazini Chinobod shaharchasiga (shaxarchaning o‘zida 42 ming axoli yashaydi) ko‘chirish yoki Chinobod tumanini qayta tiklashni so‘rab prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoevga murojatnoma yuborishganidan xabar topdik.

Yaxshi xabarlar tez tarqaydi. Rossiyaning boshqa viloyatlaridan xam bir-birlarimizga telefon qilib xabarlashayapmiz. Biz, Novosibirsk, Kemerevo, Krasnoyarsk, Tomsk, Xakasiya Respublikasi, Irkutsk, Xabarovsk, Yakutiya Respublikasi, Vladivostok viloyatlarida va shaharlarida mehnat muxojirligida yurgan shu qishloqlar yoshlari oqsoqollarimiz murojatini qo‘llashimizni bildiramiz!

Uzoq yillardan beri qishloqlarimiz (30 dan ziyod qishloqlar) tuman markazidan uzoqdaligi uchun nazardan chetda qolib keldi.

Oqsoqollarimiz murojaatiga prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning e’tiboridan biz juda xursand bo‘ldik. Prezident xatni ko‘rib chiqish uchun viloyat hokimiga jo‘natganini bildik. Endi O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi, viloyatimiz hokimi hurmatli Shuhratbek Abdurahmonov, senatorlarimiz 100 mingdan ziyod aholi zich yashayotgan qishloqlarimiz taqdirini, kelajagini, istiqbolini rejalab qaror chiqarishlariga umid qilib qolamiz!

Odilona chiqarilgan qaror Andijon viloyatimizda xozirgi kunda amalga oshirilayotgan xayrli ishlar va ijobiy o‘zgarishlar kabi viloyatimiz tarixiga muhrlanib qoladi".

(Muhojirlar tuman xaritasini ham maktubga ilova qilgan)

XS
SM
MD
LG