Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:27

Mirziyoev Peterburgdan MDHning 2020 yilgi sammitini Toshkentda o‘tkazadigan bo‘lib qaytdi


Sh.Mirziyoev va V.Putin, Sankt-Peterburg, 2018, 6 dekabr.
Sh.Mirziyoev va V.Putin, Sankt-Peterburg, 2018, 6 dekabr.

2019 yilda O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida raisdoshlik qiladi, 2020 yilda esa MDH sammitini qabul qiladi.

6 dekabrda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan MDH norasmiy sammitida qatnashdi. Davlat rahbarini Rossiya prezidenti Vladimir Putin kutib oldi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

“Uchrashuvda Hamdo‘stlik davlatlarining savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada rivojlantirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, transport-kommunikatsiya salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, xavfsizlikni mustahkamlash, zamonaviy xatar va tahdidlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish masalalariga e’tibor qaratildi. Gumanitar, ta’lim va turizm sohalarida almashuvlarni izchil davom ettirish zarurligi ta’kidlandi", deyiladi rasmiy xabarnomada.

MDH sammitida, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev, Armaniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikola Pashinyan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenka, Qozog‘iston rahbari Nursulton Nazarboev, Qirg‘iziston prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov, Moldaviya prezidenti Igor Dodon, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedovlar qatnashdi.

Yevrosiyo Iqtisodiy Kengashi (YeOIK) yig‘ilishi.
Yevrosiyo Iqtisodiy Kengashi (YeOIK) yig‘ilishi.

Sammitni boshlashdan oldin Rossiya prezidenti raisligida Yevrosiyo Oliy iqtisodiy kengashi yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi. Unda Aleksandr Lukashenka Vladimir Putin bilan gaz va Belarus traktorlari narxlari masalasida tortishgani jamoatchilik e’tiboriga tushdi. Keyinroq, Lukashenka jurnalistlar oldida qilgan chiqishida “biroz qizishib ketgani”ni tushuntirdi va Vladimir Putindan uzr so‘radi.

YeIH uchrashuvi davomida ishtirokchilar tomonidan Vladimir Putin taklifi bilan yagona gaz va neft bozori hamda umumiy orbital kosmik guruh tuzish taklifi ham qabul qilindi.

MDH davlat rahbarlari uchrashuvi esa tushlik formatida o‘tkazilib, unda har bir ishtirokchi istagan masalani ko‘tarishiga ruxsat berildi.

Sammit davomida O‘zbekiston prezidenti MDH a’zosi bo‘lgan davlat rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Biroq, jurnalistlarga Vladimir Putindan tashqari qaysi bir davlat rahbari bilan o‘zbek prezidentining yuzma-yuz uchrashuvi bo‘lib o‘tgani borasida ortiqcha xabar berilmadi.

Shavkat Mirziyoev birgalikda yangi bozorlar ochish, bojxona tartiblarini soddalashtirish, MDH davlatlari tomonidan mintaqaviy va xalqaro transport yo‘llaridan yanada samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.

Oliy toifali uchrashuv doirasida kelgusi 2019 yilda O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida raisdoshlik qilishi, 2020 yilda esa MDH sammitini qabul qilishiga kelishib olindi.

2016 yilda O‘zbekistonda hokimiyat tepasiga kelgan Shavkat Mirziyoev MDH tashkilotiga e’tiborni kuchaytirgani sezilmoqda.

MDH davlat rahbarlarining sammit yakunidagi umumiy fotosi.
MDH davlat rahbarlarining sammit yakunidagi umumiy fotosi.

Prezident sayti xabariga ko‘ra, o‘tgan bir yil mobaynida O‘zbekiston MDH Parlamentlararo assambleyasining to‘la huquqli a’zosi bo‘ldi, O‘simliklar karantini bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash, Fan-texnika va innovatsiya sohalarida hamkorlik bo‘yicha davlatlararo kengash, Agrosanoat majmui masalalalari bo‘yicha kengash, Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha komissiya, MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashi, MDHning xizmatlar bo‘yicha erkin savdo hududi to‘g‘risida bitimini ishlab chiqishga oid yuqori darajali ishchi guruh va boshqa organlar faoliyatiga qo‘shildi.

O‘zbekiston prezidenti tashrifi shu kuniyoq o‘z yakuniga etdi.

6 dekabrda Peterburgda KXShT sammiti va uning bosh kotibi saylovi bo‘lib o‘tishi ham oldinroq rejalashtirilgan edi.

Ammo, Rossiya prezidenti apparati vakili Yuriy Ushakov so‘zlaricha, KXShT bosh kotibi saylovi Armaniston prezidenti Nikol Pashinyan iltimosiga binoan keyinroqqa – Armanistondagi prezident saylovi yakuniga qadar qoldirildi. Hozircha Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi bosh kotibi lavozimini Rossiya vakili Valeriy Semerikov egallab kelmoqda.

XS
SM
MD
LG