Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:27

Internetda amaldorni "behurmat" qilgan rossiyalik bezorilikda ayblanishi mumkin


“Yedinaya Rossiya” partiyasi a’zosi, senator Andrey Klishas.
“Yedinaya Rossiya” partiyasi a’zosi, senator Andrey Klishas.

Rossiya Konstitutsiyacining 25-yilligi nishonlanayotgan 12 dekabr kuni hukumat vakillariga hurmatsizlik bildirganlarni javobgarlikka tortuvchi qonun loyihasi Davlat Dumasi muhokamasiga kiritildi.

“Yedinaya Rossiya” partiyasi vakillari tomonidan ishlab chiqilgan yangi o‘zgartishlar kuchga kirsa, hokimiyat haqida yomon fikr bildirgan rossiyaliklar va nashrlar “mayda bezori” sifatida jarimaga tortiladi.

Parlamentga kiritilgan qonun loyihasida davlatga, davlat organiga va Konstitutsiyaga Internetda bildirilgan “aniq hurmatsizlik” alomatlari mavjud materiallar uchun javobgarlikka tortish choralari ko‘zda tutilgan.

Hujjat qonunchilik palatasi rasmiy saytida chop etildi.

“Axborot, axborot texnologiyalari va ma’lumotlar himoyasi to‘g‘risida” hamda “OAV to‘g‘risida”gi federal qonunlarga kiritilayotgan o‘zgartishlarga binoan, hukumat a’zolari haqida “behurmat” gap-so‘zlarni bitganlarga 1 mingdan 5 ming rublgacha jarima yoki 15 sutkaga ma’muriy hibs chorasi qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan.

Agarda maqola-reportajda amaldorga nisbatan jiddiyroq haqorat borligi aniqlansa, jinoiy javobgarlikka tortish masalasi ham ko‘tarildi.

Loyiha mualliflari - “Yedinaya Rossiya” hokimiyat partiyasi vakillari senatorlar Andrey Klishas, Lyudmila Bokova va deputat Dmitriy Vyatkinlardir. Ular “hurmatsizlik materiallari”ni chop etganlarni “mayda bezorilik” sodir etganlarga tenglashtirish, materiallarini esa, blok qilishni taklif qilmoqda.

Shuningdek, Putin partiyasi vakillari Gosdumaga “ommaviy tartibsizliklarni keltirib chiqaruvchi” va “odamlar hayoti va sog‘ligiga xavf-xatar yetkazuvchi shubhali ma’lumotlarni” Internet va ommaviy axborot vositalarida tarqatishni cheklash borasida ham yangi chora-tadbirlarni joriy qilish taklifini ilgari surdi.

Yangi tartibga ko‘ra, “shubha uyg‘otgan” materiallar tarmoqda tarqatilishi taqiqlangan “Ekstremistik materiallar Federal ro‘yxati”ga kiritiladi.

O‘tib borayotgan 2018 yilda Rossiyada Internetda chop etilgan fikr-mulohazalar uchun javobgarlikka tortish holatlari urchidi. Eng ko‘p ishlar Rossiya Federatsiyasi JK 282- moddasi (Nafrat yoki adovat qo‘zg‘atish va inson qadr-qimmatiga putur yetkazish) asosida qo‘zg‘atilgani e’tiborga molik.

Muxolif kuchlar va xalqaro jamoatchilik noroziligini keltirib chiqargan bu qonunbuzarlik uchun jinoiy javobgarlikni ma’muriyga o‘zgartirish taklifini Dumaga Vladimir Putinning shaxsan o‘zi kiritgan edi.

Kuzatuvchilar va huquq himoyachilari Vladimir Putin tarafdorlari tomonidan joriy etilayotgan bu qadamlarni so‘z erkinligiga bosimni kuchaytirish va demokratik konstitutsiyaviy tamoyillarning toptalishi o‘laroq baholamoqda.

Ayni damda Internet orqali «noqonuniy namoyishlarni» uyushtirishda ayblanib, 16 kunga qamalgan mashhur rossiyalik inson huquqlari faoli, 77 yashar Lev Ponomaryov Moskva qamoqxonasida qolmoqda.

XS
SM
MD
LG