Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2021, Тошкент вақти: 09:28

Bokira chiqmaganlikda ayblanib haydalgan kelin militsiya akademiyasida o‘qimoqchi


Mastona Ato

To‘ydan ikki kun o‘tib, bokira emasligini iddao qilib kuyovi quvib yuborgan Mastona Ato ona qishlog‘i -Tojikiston janubidagi Baljuvondan boshini olib chiqib ketdi. Mastonaning o‘zi unga qo‘yilgan ayblovlarni qat’iyan rad etib keladi.

21 yashar Mastona ko‘rgiliklari tufayli uy bekasi bo‘lishni orzu qilgan oddiy qishloq qizidan kuchli ayolga aylanganini aytadi. Endilikda uning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi bor.

Mastona poytaxt Dushanbedagi militsiya akademiyasiga o‘qishga kirib, o‘zinikiga o‘xshash qismatga yo‘liqqan kelinlarga yordam berishni istaydi:

- Ko‘rgan-kechirganlarim yordamida boshqalarga ko‘mak bersam bo‘ladi. Mening boshimga tushgan ishlar boshqa ko‘p qizlarning ham boshiga tushgan.

Mastonaning otasi Asomiddin Jalolov qizi tahsil olishi uchun mablag‘ to‘plashni va’da qilgan.

Mastona 2017 yilning avgustida turmushga chiqib, tezda ajrashganidan beri otasi uni qo‘llab kelayotganini aytdi.

Mastona kuyov uni to‘ygacha boshqasi bilan jinsiy aloqa qilishda asossiz ayblaganini aytib keladi. Konservativ tojik jamiyatida qizlarning to‘ydan oldin jinsiy aloqa qilishi o‘ta katta gunoh hisoblanadi.

Hozirda poytaxt Dushanbeda istiqomat qilayotgan ota va qiz sobiq kuyovni tuhmat va jinsiy zo‘ravonlik uchun javobgarlikka tortish uchun kurashmoqda.

Jalolov Hamadoni tumani hamda Dushanbe shahrida 16 davlat idorasiga, jumladan, politsiya, prokuratura, ayollar ishlari qo‘mitalari hamda mahalliy hukumat idoralariga murojaat qilgan.

Bir necha idora Jalolovning arizalarini olganini tasdiqlagan va chora ko‘rishni va’da qilgan.

Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi Ozodlik radiosi tojik xizmati bilan suhbatda Jalolovning maktubi kelib tushganini hamda Mastonaning ishini sud ko‘rib chiqadigan bo‘lsa, unga advokat berishlarini ma’lum qildi.

Oradan 15 oy o‘tgan bo‘lsa-da, oila boshqa idoralar javobini kutmoqda.

Jalolov qiziga ishonishini, o‘z maqsadiga erishish uchun oxirigacha kurashishini aytdi.

O‘tgan yilda Mastona Ozodlik radiosiga bergan samimiy intervyusi ortidan ko‘plab odam uni qo‘lladi, ayrimlar hatto unga uylanmoqchi bo‘ldi.

Mastona joriy oyda Ozodlik radiosiga bergan ikkinchi intervyusida shunday dedi:

- Boshqa yig‘lamaslika qaror qilganman. Yig‘laganim yetadi. Hozircha yana oila qurishni rejalashtirayotganim yo‘q. Tahsil olib, politsiya xodimi bo‘lishni, boshqa ayollarga yordam berishni istayman.

Moskvada ishlayotgan tojikistonlik ayol Mastonaga moddiy yordam berishni taklif qilgan. Jalolov esa qizi tahsil olishi uchun oilaning sigir va buzog‘ini sotgan.

Mastona turmushga chiqish o‘rniga avval tahsil olmagani eng katta armoni ekanligini aytadi.

Uning yana bir armoni to‘ydan oldin “bokiralik testini” topshirmaganidir.

Mastona to‘ygacha bokira bo‘lganini, ammo kuyov unga ishonmaganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelin-kuyov yaqinlik qilishi ortidan kuyov uni qattiq do‘pposlab, to‘ydan oldin birov bilan jinsiy aloqa qilganini tan olishni talab qilgan.

- Sochingni qirib tashlab, ko‘chaga uloqtiraman. Azob chekishni xohlamasang, o‘ldirishimdan oldin iqror bo‘l, dedi, - deya xotirladi Mastona.

- U bokira qizdan bir hafta qon kelishi kerakligi aytib, meni tergadi. Tikdirmasliging kerak edi, chunki sendan faqat bir kecha qon keldi, dedi.

Mastona quvilgan kun uning oilasi kelinni Dushanbega Milliy sud tibbiyoti markaziga olib borgan. U yerda shifokorlar Mastona to‘yi kechasi chindan bokira bo‘lganini tasdiqlashgan.

Kuyovning oilasi Mastonani hech kim urmaganini, kelin to‘ydan oldin jinsiy aloqa qilganini tan olganini aytib keladi.

Mastonaning sobiq qaynonasi Xayriniso Emomova:

- Uni hech kim urgani yo‘q. Kim umid bilan to‘yga shunga pul sarflab, kelinni ota-onasiga biror sababsiz qaytarib yuboradi? - dedi.

Tojikistonda ilk marotaba oila qurayotgan yoshlar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak.

2015 yili qabul qilingan qonun OITS hamda gepatit kabi tanosil kasalliklari tarqalishi oldini olishni ko‘zlaydi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tilganini tasdiqlovchi tibbiy guvohnomasiz bo‘lajak kelin-kuyov zagsdan o‘ta olmaydi.

“Pokizalik testi” ixtiyoriy, ammo aksar qizlar kuyov talabi bilan yoki mojaroning oldini olish uchun ushbu testdan o‘tadi.

Milliy sud tibbiyoti markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yilning birinchi yarmida kamida 22 yangi oila bokiralik bo‘yicha munozarani hal qilish uchun markazga murojaat qilgan. Ayni muddat davomida 100 dan oshiq bo‘lajak kelin bokiralik testidan o‘tgan.

Ayrim holatlarda kelinning bokiraligini tasdiqlovchi shifokor guvohnomasi ham shubhalana boshlagan kuyovni tinchlantira olmaydi.

2017 yilda bunday munozaralarning biri fojia bilan yakunlandi: 18 yoshga to‘lgan kelin o‘z joniga qasd qildi, uni bunga majburlagan kuyov ozodlikdan mahrum qilindi.

Yaqinda BMT bokiralik testlarini joriy qilgan davlatlarni “tibbiy jihatdan keraksiz bo‘lgan” ushbu an’anani bekor qilishga chaqirdi.

XS
SM
MD
LG