Линклар

Шошилинч хабар
25 январ 2021, Тошкент вақти: 23:15

Shakar ishlab chiqarish qayta tiklanmoqda. Import shakarga 20% soliq solindi


O‘zbekistonda arzon shakar taqchilligi tez-tez kuzatiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoevning 12 dekabr kungi farmoni bilan import shakarga 20 foizlik qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) joriy qilindi.

Yangi farmonda 2018 yil yanvarida shakar xom ashyosi importiga berilgan imtiyozlar 2020 yil 1 yanvariga qadar uzaytirilgani holda¸ tayyor shakardan olib tashlangan QQS qayta kiritildi.

Buning ortidan Yangi yil dasturxoniga turli xil shirinlik pishirish mavsumi boshlangan bir davrda O‘zbekiston bo‘ylab shakar narxi ko‘tarildi.

Prezident o‘z farmoniga Yangi yil arafasida o‘zi o‘zgartish kiritdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 2018 yilning 12 dekabrida «Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2018 yil 16 yanvardagi PF-5303-son Farmoniga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” 5596-sonli yangi farmonni chiqardi.

Farmonni sharhlagan Davlat bojxona qo‘mitasi rasmiysi¸ uni sodda qilib¸ prezident shakar ishlab chiqaruvchilar import qilayotgan xom ashyoni qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashdan 2020 yil 1 yanvariga (o‘tgan yilgi farmonda bu 2019 yil 1 yanvarigacha deb belgilangan – tahr.) qadar ozod qilgan holda¸ tayyor shakarni bu toifadan chiqarganini bildirdi:

“12 dekabr kungi farmon bilan import qilinayotgan tayyor shakarga 20 foizlik NDS (QQS) joriy qilindi. Yangi farmonda shakar xom ashyosiga imtiyozlar saqlab qolindi, faqat tayyor shakarga emas”.

Ozodlik suhbatlashgan Davlat soliq qo‘mitasi mutaxassisi 2018 yil davomida import qilingan shakarning QQSdan ozod etilganini ichki bozordagi talabni qondirish va chakana narxlar keskin oshib ketishi oldini olish uchun ko‘rilgan vaqtinchalik chora bo‘lganini ta’kidladi.

Qo‘mita mutaxassisi¸ 2018 yilning 12 dekabridan boshlab import qilinayotgan (asosan Ukrainadan - tahr.) tayyor shakarga 20 foizlik QQS joriy qilinishini "ichki ishlab chiqaruvchini oyoqqa turg‘izishga yordam berish" maqsadi bilan izohladi.

2017 yil sentabrida Mirziyoev hukumati o‘zbek so‘mini devalvatsiya qilishi ortidan O‘zbekistondagi shakar ishlab chiqaruvchi ikkala zavod - «Xorazm-shakar» va «Angren-shakar» yil oxiriga borib ishdan to‘xtagan edi.

"O‘zbekoziqovqatholding" raisi o‘rinbosari Asatilla Salimov 2018 yil avgust oyida mahalliy matbuotga bu ikkala zavodni ishga tushirish ustida ish borayotganini bildirgan edi.

2018 yilning 18 dekabr kuni Ozodlik to‘liq ishga tushgan taqdirda yiliga 700 ming tonna shakar ishlab chiqarishi aytilgan bu ikkala zavodning ishga tushgan-tushmaganiga oid aniq ma’lumotni topa olmadi.

"Xorazm-shakar" rahbariyati qabulxonasi "shakar ishlab chiqarish boshlandimi" degan savolga javob berishni istamagan bo‘lsa¸ "Angren-shakar" mulozimi o‘tgan oydan ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganini bildirdi.

2018 yil iyulь oyida "Angren-shakar"ning 20 foizlik aksiyasini "Savdogar bank" sotib olgan bo‘lsa¸ sentabr oyida toshkentlik Anvar Toshevning "Xorazm- shakar" zavodi aksiyalarining 99,4 foizini sotib olgani xabar qilindi.

Shakar qimmatladi

12 dekabr kungi prezident farmoni ortidan O‘zbekiston bo‘ylab shakar narxi ulgurji va chakana savdoda oshgani ko‘rildi.

17 dekabr kuni Ozodlik gaplashgan shakar bilan ulgurji savdo qiluvchi tadbirkor¸ 12 dekabr kungi qaror chiqishi bilan shakar avtomatik tarzda 20 foizga qimmatlaganini bildirdi.

Kilosini 12 dekabrgacha 4160 so‘mdan olayotgandim¸hozir 4500 so‘m bo‘ldi. Qopi 208 ming edi¸ hozir 225 ming bo‘p turipti. Bu olishim. Sotishim kilosiga endi 5300-5500 so‘m bo‘ladi”¸ dedi Chilonzordagi do‘konlardan birida savdo qilayotgan tadbirkor.

17 dekabr kuni Ozodlik muxbiri toshkentliklar orasida ommalashgan Korzinka supermarketlar tarmog‘iga telefon qilib¸ shakar narxida o‘zgarish bo‘lgan-bo‘lmagani bilan qiziqdi.

Supermarketlar tarmog‘ining iste’molchilar uchun ochiq telefon liniyasiga javob bergan operator¸ shakarning 17 dekabr kungi narxini lebazar.uz saytidan tekshirib ko‘rishni tavsiya qildi.

Bu saytda 200 grammlik paketdagi shakarning 2890 so‘m (kilosi 14 450 so‘m)¸ ayni paytda¸ 900 grammlik paketdagi shakarning 4490 so‘m (kilosi 4939 so‘m) qilib narxlanganini ko‘rish mumkin.

Shakarning 17 dekabr kuni "Korzinka" do‘konlarida ayni shu narxda sotilayotgan-sotilmayotganiga oid savolga supermarket xodimlari javob bera olmasliklarini bildirdilar.

Iqtisodchi: Shakar qimmatlashi o‘zbekistonliklarni kambag‘allashtiradi!

Telegram ijtimoiy tarmog‘ida “Iqtisodchi kundaligi” ruknini olib borayotgan Behzod Hoshimov dekabr oyi boshida Ukraina bilan kuzatilgan qisqa savdo urushiga sharh berib¸ Ukrainadan shakar importi to‘xtalishi ehtimoliga quyidagicha sharh bergan edi.

OAVlar «Ukrainadan shakar olish to‘xtatildi» deb emas, «O‘zbekistonliklar o‘rtacha yana kambag‘allashadi» deb yozish kerak edi. Sababi oddiy. Ukrainadan shakar kelishi to‘xtasa, shakarning narxi, albatta, oshadi. Lekin shakar, juda noelastik tovar bo‘lib, narxi oshishiga qaramasdan, iste’moli deyarli kamaymaydi. Bu har bir o‘zbekistonlik inson, oz bo‘lsa-da kambag‘allashadi, degani. Masalan, oila byudjetining shakarga chiqimi 3% bo‘lgan bo‘lsa, endi, deylik, 4% bo‘ladi».

Mahalliy va Rossiya matbuotining Davlat Statistika qo‘mitasi sentabr oyida e’lon qilgan so‘nggi raqamlarga tayanib yozishicha¸ 2018 yilning 8 oyi davomida (shu davrda O‘zbekistondagi ikki shakar zavodi ishlamagan) O‘zbekistonga jami 244 million dollarlik tayyor shakar import qilingan va bu 2017 yilning ayni davriga nisbatan 2713 baravar ko‘pdir. Import qilingan shakarning 89 foizi Ukraina hisobiga to‘g‘ri kelgan. Bunday ko‘payish¸ aynan import shakarga nisbatan QQSning olib tashlanishi bilan izohlangan.

Rasmiy hisob-kitobga ko‘ra¸ O‘zbekistonda bir yilda jon boshiga o‘rtacha 15-16 kilogramm shakar iste’mol qilinadi.

XS
SM
MD
LG