Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:02

Prezident yog‘, tuz va qandga qarshi kurash boshladi


O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tarkibida yog‘lar, tuz va qand miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirish, ishlab chiqarish (tayyorlash), sotish va iste’molini cheklash bo‘yicha takliflar kiritsin.

Bunday topshiriq prezident Mirziyoev 18 dekabrda imzolagan “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasini, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda belgilab qo‘yilgan.

Hujjat muqaddimasida u “yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va jismoniy faolligini oshirishni tashkil qilish va boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida” qabul qilinayotgani aytilgan.

Prezident qarori bilan

“2019-2022 yillarda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish Konsepsiyasi”

hamda

“2019-2022 yillarda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari Dasturi” tasdiqlangan.

Qarorga binoan Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Respublika dietologiya o‘quv-ilmiy markazi negizida davlat muassasasi shaklida Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi va viloyatlarda markaz hududiy bo‘limlari tuziladi.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga bir qator vazifalar yuklatilgan bo‘lib, tarkibida yog‘lar, tuz va qand miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirish, ishlab chiqarish (tayyorlash), sotish va iste’molini cheklash bo‘yicha takliflar kiritish o‘sha vazifalardan biridir.

Hamma yugursin va suzsin!

Qarorning 10- bandida bunday deyilgan:

10. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarida:

ish kuni davomida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari;

haftasiga kamida bir marotaba xodimlarning jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlarda (yugurish, suzish, futbol, voleybol, basketbol, tennis va boshqalarda) ishtirok etishini nazarda tutadigan “Salomatlik kuni”;

muntazam ravishda xodimlar orasida ommaviylashgan sport turlari bo‘yicha sport musobaqalari va boshqa jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlar o‘tkazib borilishi amaliyotga joriy etilsin.

Yuguradigan, suzadigan joy yo‘q? Amallang!

Prezident qarorida mavjud sport inshootlarini hisobga olish olish va ulardan foydalanish belgilab qo‘yilgan.

U yoki bu tashkilot (korxona, muassasa)ga yaqin inshoot bo‘lmasachi? Bu holatda qarorning quyidagi bandi bo‘yicha ish qilinadi:

13. Belgilansinki, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari jamoasiga sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratish, shu jumladan, sport ob’ektlariga shug‘ullanish (qurish, jihozlash) bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish tegishli davlat organlari va tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Har bir xodim Alpomish, har xodima Barchinoy

Alpomish va Barchinoy haqida qarorning 14- bandida aytilgan:

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining aholining keng qatlamlari orasida quyidagilarni o‘z ichiga olgan “Alpomish” va “Barchinoy” maxsus testlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

aholining umumiy jismoniy tayyorgarligi darajasiga sport normativlarini va davlat talablarini belgilash;

aholining turli yoshdagi guruhlari o‘rtasida sport musobaqalarini o‘tkazish;

yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan fuqarolarni “Alpomish” va “Barchinoy” I, II va III darajali ko‘krak nishonlari bilan taqdirlashni joriy etish.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda “Alpomish” va “Barchinoy” maxsus testlarni o‘tkazishni tashkil qilish to‘g‘risida hukumat qarorini qabul qilsin.

***

Prezident Mirziyoevning 18 dekabr kungi qarori bir tomondan Sovet davridagi GTO (Gotov k trudu i oborone) dasturini eslatsa, ikkinchi tomondan o‘zlarini tabib deb e’lon qilgan ba’zi shaxslar shubhali usullari bilan odamlar hayoti va salomatligini xavf ostida qoldirayotgan, huquq-tartibot organlari esa, ularni litsenziya olib ishlash to‘g‘risida ogohlantirish bilan cheklanayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.

Ozodlik yaqinda o‘shanday tabiblardan biri - minglab kasallarni asalchoy va xandon pista bilan davolayotgan shahrixonlik tabib haqida yozgan edi.

XS
SM
MD
LG