Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:28

Levada-sentr: Rossiyada SSSRni sog‘inganlar ko‘paydi


Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sovet Ittifoqining qulashini o‘tgan asrning “eng ulkan geosiyosiy halokati” deb atagan edi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sovet Ittifoqining qulashini o‘tgan asrning “eng ulkan geosiyosiy halokati” deb atagan edi.

Sovet Ittifoqi tarqaganidan afsuslanayotgan rossiyaliklar soni yildan-yilga oshib bormoqda. “Levada-sentr” ijtimoiy so‘rov markazi so‘nggi tadqiqotlariga ko‘ra, ular soni 66 foizga yetdi va bu oxirgi 10 yilda eng katta ko‘rsatkichdir.

Ayni damda, mutaxassislar o‘zbekistonliklar orasida ham Sovet Ittifoqini qo‘msovchilar soni ko‘pligiga e’tibor qaratmoqda.

Rossiyaliklar SSSRni qo‘msamoqda

“Levada-sentr” e’lon qilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 2017 yilda Sho‘rolar Ittifoqining yo‘q bo‘lib ketganidan afsuslanayotgan Rossiya grajdanlari soni o‘rtacha 58 foizni ko‘rsatgan edi.

Sovetparastlar sonining maksimal ko‘rsatkichi 2000 yilda qaydga olingan bo‘lib, o‘shanda ular jami so‘rovda ishtirok etganlarning 75 foizini tashkil etgan edi.

“Levada-sentr” sotsiologlari SSSR parchalanishidan pushaymonda bo‘lgan rossiyaliklarning aksar qismini 55 yoshdan yuqori bo‘lganlar tashkil etganini ma’lum qildi. Ammo tadqiqot natijalaridan “temir panjara” qulashidan afsuslanayotganlar orasida 18-24 yoshdagilar soni keskin ko‘payib borayotganini anglash mumkin.

1991 yilda parchalangan Sovet Ittifoqini qo‘msayotganlar bunga “yagona iqtisodiy tizimning buzilishi”ni (52%) va “buyuk yagona davlat hisidan mahrum etilgani”ni (36%) sabab qilib ko‘rsatdi.

Rossiyaliklarning SSSR parchalanishiga munosabati.
Rossiyaliklarning SSSR parchalanishiga munosabati.

Shu bilan birga so‘rovda ishtirok etgan respondentlarning har uchinchisi (31%) Rossiyada o‘zaro ishonchsizlik va shafqatsizlik hissi oshib borayotganidan xavotir bildirgan.

"SSSRda odamlar yaxshi edi!"

Moskvalik siyosatshunos va jurnalist Rustam Jalil rossiyaliklarning SSSRni “qo‘msash” hissining yil sayin oshib borayotgani sabablarini sanab o‘tishga urinib ko‘rdi.

- Sovet Ittifoqiga bo‘lgan “nostalgiya” ayniqsa Rossiya provinsiyasida hech qachon susaymagan ham edi, aslida. 50 yoshdan oshgan har bir odam u davrni o‘z yoshligi davri bilan bog‘liklikda yodga oladi. Qaysi odam o‘z yoshligini qo‘​msamaydi, uni “ajoyib davr” sifatida eslamaydi deysiz?! Boshqa tomondan Gorbachyov davri SSSRi haqiqatan hozirgi Putin Rossiyasiga nisbatan ancha erkinroq edi.

Oxirgi yillarda Rossiyada vujudga kelgan iqtisodiy-ijtimoiy va siyosiy inqirozni ham hisobga olsak,davlatni muqaddas deb bilguvchi, “buyuk davlatchilikni” o‘zining iqtisodiy muammolaridan ustun qo‘yuvchi ruslar orasida hozirgi hokimiyatga bo‘lgan ishonch so‘nib borishiga olib kelmoqda. Rossiyaliklar o‘zlarini aldangandek his qilayapti! Bunday kayfiyatning ommalashishiga ommaviy axborot vositalaridagi propagandaning roli ham katta emas, deb hisoblayman – bu jamiyatdagi vujudga kelgan hodisa, dedi Rustam Jalil.

Siyosatshunos katta yoshdagi rossiyaliklarning SSSRga bo‘lgan “hurmat-ehtiromi” ularning avlodlariga ham o‘tib bormoqda va bunday kayfiyat sobiq Ittifoq respublikalarida ham kuchliligicha qolmoqda, deydi:

- Kattalardan bularning hammasi ertak tarzida kichik yoshdagilarga singdirilmoqda. Ayniqsa, “ishchi” mintaqalarda! Qrimning qo‘shib olinishiga ishongan va “buyuk imperiyani” tiklash istagida bo‘lganlar umidlari so‘nggi yillarda chippakka chiqdi. Bunday kayfiyat faqat Rossiyadagina emas. Men biladigan Markaziy Osiyo respublikalaridagi katta yoshdagilar ham “Sovetlar davrida yaxshi edi” deb ko‘p marotaba bolalariga aytayapti, bu esa ko‘plab yoshlar ongiga singib bormoqda, dedi siyosiy sharhlovchi Rustam Jalil.

Moskvada muhojirlikda yurgan Abdullo SSSR yo‘q bo‘lgan yili tug‘ilgan. Siyosatshunos so‘zlarini tasdiqlar ekan, 28 yashar Abdullo Ittifoq parchalanishi markaziy osiyoliklarga faqat salbiy ta’sir o‘tkazganini Ozodlikka gapiradi.

- SSSRda poezdda narsalar kelardi, to‘kin-sochin edi, baraka bor edi. Odamlar boriga shukur qilib yashardi. Insonlar qorni to‘q bo‘lsa ham chiqib devonachilik qilyapti hozir! Rahmatli otamdan, akalarimdan eshitganman. Oz bo‘lsa ham SSSR parchalarida yashadim, nonini edim. Odamlar yaxshi, sodda edi. Hozirgi odamlar nima o‘y-fikrda yurishibdi – qornini o‘ylab qolgan... SSSRda odamlar yaxshi edi, shunisi menga afzal. Hozir biz bechora-kambag‘allar fikrini birov eshitmaydi. Sovet davridek hammada umumiy fikr bo‘lsa yaxshi bo‘ladi, tartib bo‘ladi. SSSR buzilganida odamlar buzilib bo‘ldi, dedi Abdullo.

2005 yilda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sovet Ittifoqining qulashini o‘tgan asrning “eng ulkan geosiyosiy halokati” deb atagan edi.

1991 yilning 25 dekabrida Sovet Sotsialistik Respublikalar Ittifoqi – SSSR prezidenti Mixail Gorbachyov o‘z iste’fosini e’lon qilgan va shu bilan SSSR parchalanishi rasman nihoyasiga yetgan edi.

XS
SM
MD
LG