Линклар

Шошилинч хабар
14 декабр 2019, Тошкент вақти: 12:34

OzodDayjest: Senat raisi minglab o‘quvchi hayoti xavf ostida ekanidan ogohlantirdi


Oliy Majlis Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Muammolarni ko‘tarayotgan taniqli deputat bosim ostida qoldi. Senat raisi O‘zbekistonda qo‘lbola isitish tizimi o‘quvchilar hayotiga xavf solayotganiga e’tibor qaratdi. Chegirmali chiptalar chayqovga chiqib ketgani qoralandi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Oliy Majlis deputati xalq muammolarini ko‘tarayotgani uchun unga bosimlar bo‘layotganini aytdi

Rasmiy idoralar parlamentga nisbatan bepisand munosabatda bo‘layotgani deputatlarning o‘z vazifasini to‘laqonli bajarishiga g‘ov bo‘lmoqda (“XXI asr”, 20 dekabr). Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev ma’lum qilgan. Deputatga ko‘ra, idora va tashkilotlarning mas’ullari parlament a’zolariga “Bular kim bo‘libdi, o‘zicha” qabilidagi mensimay munosabatda bo‘lmoqda. Ayrim tashkilotlar esa rasmiy deputatlik so‘rovlariga ham bepisandlik qilmoqda. Masalan, “Qish­loq qurilish invest” injiniring kompaniyasi bir guruh fuqarolarni asossiz sarson qilayotgani, o‘zining yashirin ishlarini prezident qarori bilan xaspo‘shlashga urinayotgani yuzasidan rasman deputatlik so‘rovi kiritilgan, ammo shirkat bunga e’tiborsiz munosabatda bo‘lmoqda. Shuningdek, Oliy Majlis deputati R. Kusherbaev mas’ullar oldiga xalq muammosini hal etish borasida talablar qo‘yayotgani uchun shaxsan unga bilvosita bosimlar bo‘layotganini aytgan. Tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan deputat aynan qaysi idora yoki tashkilotlar bosim qilayotganini ochiqlamagan. Ammo u parlamentni bor qilish ham, yo‘q qilish ham xalqning qo‘lida ekanini urg‘ulagan.

Senat raisi: Maktablardagi qo‘lbola isitish tizimi o‘quvchilar hayotiga xavf solmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev mamlakat maktablaridagi isitish tizimi xavfli holatda ekani haqida bong urgan (“Darakchi”, 20 dekabr). Senatning 17-yalpi majlisida so‘zlagan N. Yo‘ldoshevga ko‘ra, is gazidan zaharlanish holati ko‘p uchrayotganiga qaramay, maktablarda bolalar hayotiga xavf soluvchi isitish pechlaridan foydalanilmoqda. Masalan, Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatganki, mazkur hududlardagi 170 ga yaqin maktab mo‘rili cho‘yan va qo‘lbola pechkalar bilan isitilmoqda. Boshqa viloyatlarda ham ahvol bundan yaxshiroq ekaniga kafolat yo‘q. Senat raisi bolalar sog‘lig‘i va hayotiga xavf soladigan ushbu muammoni bartaraf etish bo‘yicha taklif bilan chiqmagani uchun Xalq ta’limi va Sog‘liqni saqlash vazirliklariga tanbeh bergan. Bu hol ertaga mudhish oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Chegirmali chiptalar chayqovchilar qo‘liga o‘tib ketgan

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ 30 dekabrdan 3 yanvarga qadar mahalliy va “Afrosiyob” tezyurar poezdi chiptalari chegirma asosida sotilishini ochiqlagan, ammo yo‘lovchilar chipta xarid qilolmayotganidan shikoyat qilgan (“Oila davrasida”, 20 dekabr). Temir yo‘l kassalarida 20 dekabrdan 5 yanvarga qadar muddat uchun chipta qolmagani ma’lum qilingan. Gazeta o‘rganishlariga ko‘ra esa, kassada “qolmagan” chiptalarni tanish-bilish orqali topish mumkin. Chegirmali deb va’da qilingan chiptalar qora bozorga – chayqovchilar qo‘liga chiqib ketgan. Qayd etilishicha, yangi yil kunlari va bayram arafasida temir yo‘l qatnoviga talab kuchayadi. Ana shunday pallada chipta savdosida turli o‘yinlar qilinayotgani yo‘lovchilarga qiyinchilik tug‘dirmoqda. Bu hol, qolaversa, ichki turizmni rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni yo‘qqa chiqarmoqda.

XS
SM
MD
LG