Линклар

Шошилинч хабар
13 декабр 2019, Тошкент вақти: 19:12

OzodDayjest: Xorazmda “GM Uzbekistan”ning “shapkasevar” xodimi ushlandi


Illyustrativ surat.

Matbuot fondi rahbari hukumatparvarlikni vatanparvarlik bilan qorishtirmaslik lozimligini urg‘uladi. Xorazmda “Damas” uchun “shapka” so‘ragan GM Uzbekistan shirkati xodimi qo‘lga olindi. “Toshkent Siti”ni reklama qilgan Mayk Tayson tanqidga uchradi.

_____________________________________________________________

Matbuot fondi rahbari: Hukumatparvarlikni vatanparvarlik deb xaspo‘shlash avj oldi

O‘zbekistonda xalq tafakkurining o‘zgarmayotgani prezident Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan buyon ikki yil davomida amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘siq bo‘lmoqda (“Jamiyat”, 14 dekabr). O‘zbekiston mustaqil bosma OAVni qo‘llab-quvvatlash fondi rahbari Saidabdulaziz Yusupovga ko‘ra, mamlakatda vatanparvarlik va hukumatparvarlik degan tushunchalar qorishtirib yuborilgan. Ayniqsa ommaviy axborot vositalari va ma’naviy targ‘ibot ishlarida bu yaqqol namoyon bo‘lmoqda. “Go‘yoki vatanparvarlik deb o‘ylab qilayotgan ishlarimiz, o‘tkazayotgan targ‘ibot tadbirlarimiz, olayotgan filmlarimiz, yozilayotgan asarlarimiz, she’rlarimizning ko‘p qismi aslida hukumatparvarlikdan boshqa narsa emas. Vatanparvarlikning hukumatparvarlikdan farqi shundaki, vatanparvar o‘zidan kechib, vatan uchun har narsaga tayyorlikni anglatadi. Hukumatparvarlik esa hukumatdan rag‘bat olish uchun o‘zidan boshqa hamma narsadan voz kechishga tayyorlikni anglatadi”, deb yozadi S. Yusupov. Qayd etilishicha, ko‘pchilik millatga qayishish o‘rniga millat xizmatchisi bo‘lgan hukumatga yon bosishni, ya’ni hukumatparvarlikni vatanparvarlik, deb o‘ylamoqda.

“Damas” uchun 2200 dollar “shapka” talab qilgan “GM Uzbekistan” shirkati xodimi qo‘lga olindi

“GM Uzbekistan” shirkatining Xorazm viloyat filiali xodimi avtomobil sotib olish niyatida bo‘lgan vatandoshdan 2200 dollar “shapka” olayotganda ushlandi (“Huquq”, 20 dekabr). Bu haqda Xorazm viloyat prokuraturasi vakili Dilshod Abdullaev ma’lum qilgan. Ismi oshkor etilmagan xodim xivalik ayol “Damas” avtomobili xarid qilish niyatida ekanidan xabar topgan. Tayyor “o‘lja”ni qo‘ldan chiqarishni istamagan kompaniya xodimi xaridordan mashinani tezroq chiqarib berish evaziga 2200 dollar pul talab qilgan. Ayol esa filial xodimining noqonuniy talabi haqida huquq-tartibot organlariga xabar bergan. Qayd etilishicha, “GM Uzbekistan” vakili ko‘rsatilgan summani olayotganda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

“Toshkent Siti” reklamasiga “tatiurovkali mushtumzo‘r” – Mayk Tayson jalb etilgani tanqidga uchradi

“Toshkent Siti” loyihasi doirasida qurilayotgan turarjoylar reklamasiga professional boks bo‘yicha sobiq jahon chempioni Mayk Taysonning jalb etilgani tanqidga uchradi (“Hurriyat”, 19 dekabr). “Toshkent Siti”da yashash uchun “klient” chorlab, basharasiga tatiurovkalar urilgan ajnabiy mushtumzo‘r rasmini har qadamda ko‘chalarga osib tashlaymiz, televidenieda tinmay namoyish qilamiz. “Qara, shunday buyuk inson Toshkentdan uy olmoqchi. Yashasang shunday odam bilan yasha-da!” Undan ideal yaratamiz”, deb yozadi gazeta. Eslatib o‘tamiz, dastlab Mayk Tayson “Toshkent Siti” majmuasida qurilayotgan turarjoylarni targ‘ib-tashviq etayotgani aks etgan reklama tushunmovchiliklarga sabab bo‘lgan edi. Keyinroq hashamatli turarjoylarni sotish bilan shug‘ullanayotgan “Dream City Development” shirkati amerikalik bokschi chindan ham mazkur hududdagi kvartiralardan birining egasi ekanini ma’lum qildi. Ammo shirkat M. Tayson kvartiraga qay tarzda ega chiqqani (sotib olganmi yoki unga hadya qilinganmi), amerikalik bokschiga Toshkentdan doimiy propiska beriladimi-yo‘qmi kabi savollarga oydinlik kiritmagan.

XS
SM
MD
LG