Линклар

Шошилинч хабар
23 май 2019, Тошкент вақти: 01:57

Buxoroda bankirlar uyma-uy yurib soliqdan qarzdorlikni ëpishga majburlanmoqda


Bank xodimlari soliq bo‘yicha qarzdorlikni naqd yoki terminal orqali qabul qilayotganlarini bildirdi.

13 dekabrdan boshlab Buxorodagi bank xodimlari uyma-uy yurib, aholidan to‘lanmagan yer va mulk solig‘ini undirmoqda. Ozodlik bog‘langan ayrim bank tizimi mulozimlari bu ishning viloyat prokuraturasi tomonidan berilgan og‘zaki topshiriq asosida qilinayotganini bildirdi.

Hozircha O‘zbekiston prokuraturasi bu ma’lumot bo‘yicha izoh bermadi.

Soliqchiga aylangan bankirlar

Buxoro viloyati Kogon tumanidagi "Milliy bank" bo‘limi xodimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda 13 dekabrdan boshlab o‘zi va hamkasblarining uyma- uy yurib, aholidan soliq undirish bilan shug‘ullanayotganini bildirdi.

“Ertalab soat 9 da ishga kelamiz. Soat 10 dan 16 gacha mahallalarga soliq undirish uchun ketamiz. Mulk va yer solig‘i bo‘yicha qarzdorlikni terib chiqayapmiz. Har birimizga ikkitadan mahalla biriktirilgan. Yonimizda mahalla yig‘ini raisi yoki yordamchisi bo‘ladi. Har kuni soat 16 da Markaziy bankning tumanimizdagi vakiliga svodniy beramiz, qancha pul yiqqanimiz va qancha xonadonga kirib chiqqanimiz borasida hisobot beramiz. Markaziy bank vakili esa sektor rahbariga ya’ni prokurorga soat 19 gacha kunlik hisobot berishi lozim”, deydi ishdan haydalish xavfi ostida ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan bank xodimi.

Ayni sabab bois ismi sir saqlanishini so‘ragan "Qishloq qurilish banki"ning ushbu tumandagi bo‘limi xodimi ham soliq undirishga chiqayotgani va buni dam olish kunlarisiz amalga oshirishga majbur qolayotganini bildirdi.

“Dam olish kunlarisiz ishlayapmiz. Shanba-yakshanba kunlari ham soliq undirish bilan bandmiz. Ortiqcha ishlaganimiz uchun ustama pul ham to‘lanmaydi. Har kuni soat 16 dan keyin bankka kelib asosiy ishimiz bilan shug‘ullanamiz. Yil oxirida bank xodimlarining ishi ko‘p bo‘ladi. Kreditlarni yopishimiz kerak. Qarzdorlik bo‘yicha mijozlar bilan ishlashimiz kerak. Lekin biz asosiy ish vaqtimizda soliq terishga majbur qolayapmiz . Har kuni soat 19:30-20:00 gacha bankda qolib ketayapmiz”, deydi Qishloq qurilish banki xodimi.

"Ishdan haydash bilan bosim qilishdi"

Kogondagi "Xalq banki" bo‘limining Ozodlik bilan suhbatlashgan xodimi¸ soliq yig‘ishga rahbarlar bosimi ostida chiqishga majbur bo‘layotganlarini ta’kidladi.

“Soliqchi bo‘lmasam, nimaga soliq yig‘ishim kerak.O‘zimning ishlarim qolib ketayapti”, deganlar bo‘ldi. Boshliqlar “Ishlasang shu, ishlamasang, o‘rningga ishlayman deb turganlar ko‘p”, deb ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilishdi. Keyin xonadonlarga kirib ham tahdidga qolayapmiz. Bizni haydab solganlar ham bo‘ldi. “Seni birinchi marta ko‘rib turishim, bizning o‘z soliq inpektorimiz bor. Senga pul bermayman”, deb haydashdi. Biz odamlardan naqd pul olamiz yoki puli kartochkada bo‘lsa, yonimizda terminalimiz ham bor. Har qanaqa ko‘rinishda pulni qabul qilishimiz mumkin. Lekin soliq terish juda qiyin bo‘layapti. Keyin boshliqlar “nimaga kam soliq yig‘ding”¸ deb bizni yana urishayapti”, deydi "Xalq banki" xodimi.

"Soliqchilarga yordamlashayapmiz"

Kogon tumanidagi "Qishloq qurilish" banki bo‘limi mulozimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda soliq yig‘ish borasida viloyat prokuraturasi tomonidan og‘zaki topshiriq berilganini iddao qildi.

“Bu nafaqat bizning tumanda¸ balki butun Buxorodagi banklarda bo‘layotgan holat. Buxoro viloyatining soliqdan qarzdorlik darajasi katta ekan. Soliq xodimlari ulgurmayapti ekan. Bizni tuman prokuraturasiga chaqirib, viloyat prokuraturasidan shunday topshiriq bo‘lganini aytishdi. 29 dekabrgacha mulk va yer solig‘i bo‘yicha qarzdorlikni undirishimiz kerak. Qo‘limizda aholining qarzdorligi bo‘yicha hujjat ham bor”, dedi ismini oshkor qilmayotganimiz mulozim.

Ozodlikka taqdim qilingan hujjatga ko‘ra, Kogon aholisining mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qarzdorligi 2018 yil dekabrigacha 490 million 666 ming 329 so‘mni tashkil etadi.

Buxoro viloyat Markaziy bank mulozimi nafaqat Kogon tumani¸ balki viloyatdagi barcha banklar xodimlari soliq yig‘ishga jalb qilinganini tasdiqladi¸ biroq buning sabablarini izohlashni istamadi. Markaziy bankning Toshkentdagi bosh ofisi mulozimi esa¸ bank boshqaruvining bank xodimlarini soliq yig‘ishga jalb qilish jarayoniga aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.

Buxoro viloyat prokuraturasidan hozircha bu borada biror ma’lumot olish imkoni bo‘lmadi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati esa bu xabarni o‘rganib, natijasini bildirishni ma’lum qildi.

17 dekabr kuni muallifi O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi bo‘lgan soliq yig‘imlariga oid qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.

2 yanvar kuni muhokamasi tugaydigan qaror loyihasi soliq qarzlarini undirishni banklar zimmasiga yuklash¸ xususan “qarzdor jismoniy shaxslarning soliq qarzini bank plastik kartalaridan oyiga eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda so‘zsiz undirib olishi”ni ko‘zda tutadi.

Markaziy bank ushbu qonun loyihasiga qarshi chiqdi.

XS
SM
MD
LG