Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:52

2018 yilda ilm-fan sohasida erishilgan 10 muhim yutuq


Amerikaning Science News jurnali 2018 yilda erishilgan eng muhim 10 ilmiy yutuq ro‘yxatini tuzdi. Jurnal ro‘yxatidan Grenlandiyada topilgan kraterdan tortib, DNKsi o‘zgartirilgan egizaklar o‘rin oldi.

1. Iqlim o‘zgarishi uchun ko‘rilayotgan choralar

Joriy yilda 2015 yilda iqlim bo‘yicha imzolangan Parij bitimi iqlim keskin o‘zgarishi oldini olish uchun yetarli bo‘lmasligi ma’lum bo‘ldi. O‘tkazilgan bir necha tadqiqot ayrim tabiiy ofatlar inson faoliyati tufayli iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga kelganini ko‘rsatdi. Umuman olganda, bu yil iqlim o‘zgarishi haqida qayg‘urish vaqti allaqachon kelganini bilib oldik.

2. DNKsi o‘zgartirilgan chaqaloqlar

Noyabr oyida xitoylik olim Xe Szyankuy DNKsi o‘zgartirilgan egizak qizaloq tug‘ilganini ma’lum qilib, shov-shuvga sabab bo‘ldi. Ko‘plab izlanuvchilar hamda etika bo‘yicha mutaxassislar embrionlar genini o‘zgartirish ular sog‘lig‘iga tahdid solishini aytmoqda. Boshqalar esa buyurtma asosida tayyorlanadigan “super chaqaloqlar” paydo bo‘lishidan xavotirda.

3. Genealogiya yordamida yechilgan jinoyatlar

2018 yilda AQSh tergovchilar genetik genealogiyadan foydalana boshladi. Xususan, tergovchilar gumonlanuvchilarning va ularning qarindosh-urug‘lari genlari yordamida bir necha o‘n yil oldin yoki yaqinda sodir etilgan jinoyatlar jumbog‘ini yechdi. Ammo ushbu metod genetik daxlsizlik hamda politsiya amaliyotlari haqida munozaraga sabab bo‘lmoqda.

4. Neytrinolarning olis manbasi

Neytrino deb ataluvchi sirli zarralar tinmay Yerga yog‘ilib turadi. Bu yilga qadar katta energiyali neytrinolar qaerdan kelishini hech kim bilmas edi. Joriy yilda olimlar nihoyat ularning manbasiga yaxshi nomzodni aniqlashdi: bu blazar deb ataluvchi kosmik mayoqlardir. Ushbu kashfiyot ortidan yorug‘lik hamda neytronlardan olingan ma’lumotni tahlil qiluvchi yangi astronomiya sohasi yuzaga kelishini kutish mumkin.

5. Grenlandiyada topilgan krater

Bir guruh olim Grenlandiya shimoli-g‘arbida bir kilometr qalinlikdagi muz ostida topilgan kraterni uch yil davomida sir tutdi. Noyabr oyida ular nihoyat kraterni dunyoga taqdim etishdi. Buning ortidan So‘nggi drias deb nomlanuvchi qisqa muz davri sababchisi haqidagi munozaralar avj oldi.

6. Chivinlar uchun oxir zamon?

Joriy yilda tarixda ilk marotaba olimlar buzg‘unchi genlar yordamida bir to‘da chivinni butunlay yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu kashfiyot Yer yuzidagi barcha chivinlarni qirib tashlash imkonini yaratadi.

7. Ichkilikning ziyoni

2018 yilda o‘tkazilgan qator tadqiqotlar alkogol har qanday miqdorda sog‘liq uchun ziyon ekanligini ko‘rsatdi. Buning ortidan olimlar ichimlikdan butunlay voz kechish eng yaxshi yo‘l ekanligini xulosa qilishdi.

8. Marsning muz qoplagan ko‘li

Joriy yilda tadqiqotchilar Marsning janubiy qutbiga yaqin hududda 1,5 km muz ostida yashiringan ko‘lni aniqlashdi. Ushbu ko‘l sayyorada topilgan eng yirik suyuqlik manbasi bo‘lib, u ming yillab oldin yuzaga kelgani taxmin qilinmoqda.

9. Paralich bilan kurashdagi yutuqlar

Bu yil orqa miyani intensiv davolash hamda elektrik stimulyatsiya qilish yordamida jiddiy jarohat olgan shaxslar yana qadam tashlashiga erishildi. Ushbu mavzuda chop etilgan uch ilmiy maqola, shuningdek, orqa miya tiklanishi mumkinligi ko‘rsatib berildi.

10. Idrokli odamlarning kelib chiqishi

Joriy yildagi arxeologik topilmalar tosh davrida yashagan insonlarning topqirligi haqida ko‘proq bilib olishimizga yordam berdi. Xususan, homo odamlar biz o‘ylagandan ancha topqir bo‘lgani aniqlandi.

XS
SM
MD
LG