Линклар

Шошилинч хабар
12 декабр 2019, Тошкент вақти: 05:59

O‘zbekistonlik gastarbayter Magnitogorskda 8 kishini qutqardi


​​Alan Abdullaev Magnitagorskda qurilishda ishlaydi. Sharq yakka kurashi sporti bilan shug‘ullanadi.

O‘zbekistonlik 23 yoshli muhojir ishchi Alan Abdullaev Rossiyaning Magnitogorsk shahrida portlash oqibatida qulab tushgan ko‘p qavatli uy vayronalari ostidan​ sakkiz kishini birinchilardan bo‘lib, hali MChS xodimlari kelmasidanoq qutqarishga muvaffaq bo‘lgan. Rossiya matbuoti Abdullaevni "haqiqiy qahramon", deya ta’riflamoqda. Magnitogorskdagi ko‘p qavatli uyda 31 dekabrda portlash yuz bergani oqibatida 1100 kishi yashaydigan ko‘p qavatli binoning bir qismi qulab tushgan edi.​

Magnitogorsk shahridagi qurilishlardan birida ishlovchi o‘zbekistonlik 23 yoshli Alan Abdullaev 31 dekabr kuni saharda namozga shoshayotganda portlash ovozini eshitadi.

U odamlarga yordam berish uchun portlash ro‘y bergan turar joy binosi tomon shoshadi.

Life.ru nashriga ko‘ra, qutqaruvchilar yetib kelguniga qadar Alan uy vayronalaridan sakkiz odamni qutqarishga muvaffaq bo‘lgan.

Qutqaruvchilar yetib kelganidan so‘ng, o‘zbekistonlik muhojir ishchi MChS xodimlariga qaysi uyumlar ostida odamlar borligini ko‘rsatib, yordam bergan.

"Vayron bo‘lgan kvartirada yosh bolali ayolni ko‘rdim. Qaysi qavatdaligini hozir eslolmayman. Shu yerga tirmashib, chiqib ularni pastga olib tushdim. Boshqa bir kvartirada keksa ayol yong‘inda qolib ketgan ekan. Menga ognetushitel berishdi, o‘tni o‘chirib, pensionerga yordam berdim", - deb aytgan Alan Abdullaev Life.ru nashriga.

Alan Abdullaev Magnitogorskda qurilishda ishlaydi. Sharq yakka kurashi sporti bilan shug‘ullanadi.

Hozirgi kunda Alan har kuni ko‘ngilli sifatida qutqaruvchilarga yordam bermoqda.

Magnitogorskda 31 dekabr kuni portlash oqibatida vayron bo‘lgan bino ostida qolib, 38 kishi qurbon bo‘ldi.

Rossiyaning Chelyabinsk viloyati Magnitogorsk shahrida maishiy gaz portlashi oqibatida ko‘pqavatli uylarning birining pod’ezdi o‘pirilib tushgandi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi ko‘p qavatli uyda portlash nima sababdan yuz berganini tekshirmoqda. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, uyda gaz portlagan bo‘lishi mumkin.

Magnitogorskda yuz bergan fojia munosabati bilan Rossiya rahbari nomiga dunyo yetakchilaridan hamdardlik maktublari kelmoqda. Jumladan, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Vladimir Putinga birinchilar qatorida ta’ziya bildirgan.

XS
SM
MD
LG