Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:02

Toshkentda xorijga chiqish pasporti uchun hujjat qabul qilish boshlandi


Yangi xorijga chiqish pasporti
Yangi xorijga chiqish pasporti

Toshkentning 11 tumanida yangi joriy etilayotgan xorijga chiqish pasporti uchun hujjatlarni qabul qilish 4 yanvardan boshlandi. IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, 7 yanvardan O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham yangi pasport uchun arizalarni qabul qilish boshlanadi.

Toshkent shahar Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Qudrat Yuldashevga tayanib, Gazeta.uz nashrining xabar qilishicha, hozircha har bir pasport stoli 1 kunda 200dan ortiq shaxsning hujjatini qabul qilishi mumkin.

"1−3 yanvar kunlari zarur uskunalarni o‘rnatdik, fuqarolar uchun sharoitlar yaratdik va xodimlarni o‘qitdik. Bugun birinchi kun. Avvaliga punktlardagi har bir biometrik ma’lumotlarni to‘plash uskunasi orqali kuniga 180−200 kishini o‘tkazish qobiliyatiga ega bo‘lishini kutgan edik. Biroq so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, biz 200 dan ko‘proq kishini qabul qila olishimizni ko‘rsatdi", deya iqtibos keltiradi nashr IIBB mulozimidan.

Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Badriddin Shorixsievning Gazeta.uz nashriga bildirishicha, respublika bo‘ylab 5 viloyatda yangi pasportni berish uchun zarur uskunalar o‘rnatib bo‘linmagan, ammo 7 yanvardan barcha viloyatlarda hujjatlarni qabul qilish boshlanadi.

Xorijga chiqish pasporti Davlat personallashtirish markazi tomonidan 10 ish kuni ichida berilishi kerak.

Xorijga chiqish pasportini olishni istagan shaxslar quyidagi hujjatlarni topshirishi lozim:

- ikki nusxada tegishli shakldagi ariza-anketa;

- biometrik pasport yoki 16 yoshga to‘lmagan fuqarolarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi va asli.

- harbiy guvohnoma yoki harbiy qism ro‘yxatida turganlik haqidagi guvohnoma (harbiy xizmatga majburlar uchun);

- ikkita 3,5x4,5 rasm;

- oldin taqdim etilgan xorijga chiqish biometrik pasporti (agar bo‘lsa);

- vakil idoraning hukmi (xorijga chiqish biometrik pasporti ashyoviy dalil sifatida olinganda);

- xorijga chiqish uchun ota-ona yoki vasiylik qiladigan odamning notarial tasdiqlangan ruxsati (voyaga yetmaganlar uchun);

- hamroh fuqaroning notarial tasdiqlangan majburiyati (voyaga yetmaganlar uchun);

- davlat bojini to‘laganlik haqidagi kvitansiya.

Yangi pasport uchun to‘lanadigan boj miqdori eng kam ish haqining 120 foizi miqdorida - ya’ni, 243 ming 276 so‘mdir.

Xorijga chiqish pasporti:

- tug‘ilgan kunidan 1 yoshgacha – 2 yillik muddatga;

- 1 yoshdan 16 yoshgacha – 5 yillik muddatga;

- 16 yoshdan katta bo‘lgan shaxslarga – 10 yillik muddatga beriladi.

Toshkent shahri bo‘ylab xorijga chiqish uchun biometrik pasport beruvchi 11 ta punkt tashkil qilingan. Ularning har birida kuniga 200 dan ortiq fuqaroning hujjati qabul qilinishi mumkin.

Ayni paytda, Toshkent shahar IIBB yangi pasport beruvchi punktlar soni oshirilishi mumkinligini bildirgan.

O‘zbekiston fuqarolarining xorijga chiqish uchun beriladigan yangi biometrik pasporti to‘q qizil rangda bo‘ladi. 48 sahifalik yangi pasportda O‘zbekistonning tarixiy va arxitektura yodgorliklari aks etadi.

Bundan tashqari, xorijga chiqish pasporti suv belgilari, rangi o‘zgaruvchi bo‘yoq, muarli effekt, metallashtirilgan himoyaviy ip, laminatsiyalashtirilgan plyonka hamda pasport qobig‘iga joylashtirilgan elektron chipdan iborat bo‘ladi.

5 yanvar kuni Toshkent shahar IIBB o‘z saytida yangi pasportning ustki ko‘rinishi aks etgan surat va pasportni rasmiylashtirish tartibini e’lon qildi.

Yangi xorijga chiqish pasportiga o‘tish boshlanishi bilan O‘zbekistonda yillardan buyon tanqidga uchrab kelayotgan - chiqish vizasi (OVIR) amaliyoti bekor qilinmoqda.

Ammo, hozirda amaldagi biometrik pasportida muddati bitmagan chiqish vizasi bo‘lgan fuqarolar, chiqish vizasi stikerining muddati bitgunicha bemalol chetga chiqishi mumkin.

Ayni paytda, O‘zbekistonda 2011 yildan berila boshlagan amaldagi biometrik pasport o‘rniga ID-karta berilishi rejalanayotgani ma’lum qilingan.

Jumladan, 2018 yilning 1 noyabridan boshlab, Toshkent shahrining Yunusobod tumanida sinov tariqasida ID-karta joriy etilishi aytilgan edi, biroq keyinchalik bu jarayon kechiktirildi.

ID-kartada har bir fuqaro uchun yagona identifikatsiya raqami va uning shaxsiy ma’lumotlari bo‘lishi, undan mamlakat ichida davlat xizmatlarini olish paytida shaxsni aniqlash uchun foydalanilishi aytilgan.

XS
SM
MD
LG