Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:31

Tailandga qochib ketgan saudiyalik qizning otasi Bangkokka bordi


Rahaf Muhammad al-Qunun Bangkok aeroportida.
Rahaf Muhammad al-Qunun Bangkok aeroportida.

Oila a’zolari tahdidlari ortidan Tailandga qochib borgan 18 yashar saudiyalik qizning otasi Tailand poytaxti Bangkokga yetib bordi. Bu haqda Tailand immigratsiya xizmati raisi Surachate Hakparn bildirdi.

Hakparn Rahaf Muhammad al-Qununning otasi va akasi u bilan ko‘rishishi uchun avval BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha idorasidan (UNHCR ) ruxsat olishlari kerakligini aytdi.

Seshanba kuni BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi Saudiya Arabistoniga qaytsa, oila a’zolari o‘ldirib yuborishidan qo‘rqayotgan Qunun ishini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.

Inson huquqlari faollari Qununning keyingi taqdiridan xavotir bildirmoqda. Human Rights Watch tashkilotining Osiyo bo‘yicha direktori o‘rinbosari Fil Robertson Reuters bilan suhbatda:

- Otasi Tailandga kelibdi va bu xavotirli holat, - dedi.

Tailand rasmiylari, avvaliga, Qununning mamlakatga kirishi uchun kerakli hujjatlari bo‘lmagani uchun vataniga badarg‘a qilmoqchi bo‘ldi. Ammo kuni kecha bu qarorni keyingi qoldirib, Qununni UNHCR qaramog‘iga topshirdi.

Qunun shu kunda Bangkok mehmonxonasida yashamoqda.

Tashkilotning Tailanddagi vakili Juzeppe de Vinsentis bu holatni ko‘rib chiqish hamda keyingi qadamlarni belgilash uchun bir necha kuni talab qilinishini aytdi.

- Tailand rasmiylari uni istagiga qarshi qaytarib yuborishmaganidan hamda uni himoya qilishayotganidan juda xursandmiz, - dedi Vinsentis.

Ushbu holat ortidan Saudiya Arabistonidagi qat’iy ijtimoiy qonun-qoidalarga global e’tibor yana kuchaydi. Mamlakatda ayollar mahramsiz ishlashi, sayohat qilishi, turmushga chiqishi yoki hattoki shifokorga murojaat qilishi man etiladi.

Qunun o‘z ko‘rgiliklari haqida ijtimoiy tarmoqlarda yozib, dunyo e’tiborini o‘ziga tortdi. Buning ortidan Tailand rasmiylari uni Saudiya Arabistoniga badarg‘a qilish rejasidan voz kechdi.

Bangkok aeroportida qamalib olgan Qununga 48 soatdan keyin Tailandga kirishiga ruxsat berildi.

Avstraliya va Britaniyadagi huquqshunoslar va faollar o‘z hukumatlarini Qununga siyosiy boshpana berishga undamoqda.

Tailand va UNHCRdan Qunun iddaolarini tezkorlik bilan tergov qilishga chorlagan Avstraliya rasmiylari UNHCR o‘z qarorini chiqarganidan keyin, Qununga gumanitar viza berish masalasi ko‘rib chiqilishini ma’lum qilishdi.

Saudiya Arabistonining Tailanddagi elchixonasi Er-Riyod Qununni ekstraditsiya qilishni so‘ragani haqidagi xabarlarni rad etdi.

“Saudiya Arabistoni Qirolligi uni ekstraditsiya qilishni so‘ragani yo‘q. Elchilik ushbu holatni oilaviy masala deb biladi”, - deya tvitladi elchilik xodimlari.

Bu orada britaniyalik ayol Buyuk Britaniya hukumati Qununga boshpana berishga chaqirilgan petitsiyani minglab odam imzoladi.

XS
SM
MD
LG