Линклар

Шошилинч хабар
06 май 2021, Тошкент вақти: 11:24

MXXning Markaziy bankdagi sobiq kuratori Alisher Akmalov ozodlikka chiqarildi


Markaziy bank raisi o‘rinbosari Alisher Akmalov.

O‘zbekiston Markaziy banki raisining sobiq o‘rinbosari Alisher Akmalov o‘tgan oy ozodlikka chiqqan va hozirda o‘zining Lunacharskiy markazidagi hovlisida yashamoqda.

Bu haqda Ozodlikka Alisher Akmalovni bevosita ko‘rgan va uning ishi tafsilotlaridan xabardor toshkentlik bir necha mulozim xabar qildi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Alisher Akmalov bilan bog‘liq so‘nggi yangilik yuzasidan Ozodlik savoliga “mazkur ishning maxfiy tarzda tergov qilingani bois¸ unga oid ma’lumot berilmasligini” bildirish bilan cheklandi.

O‘zbekiston Markaziy bankida 25 yil davomida MXX kuratori¸ xodimlar tili bilan aytganda¸ “rejim boshlig‘i” bo‘lgan 56 yashar Alisher Akmalovning 2018 yil mart oyida hibsga olingani haqida Ozodlik birinchi bo‘lib xabar tarqatgan edi.

“Mahallada yuripti...”

Alisher Akmalovning ozodlikka chiqqani haqida Ozodlikka xabar qilgan toshkentliklardan biri¸ uni yangi yil arafasida mahallasida o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini aytdi.

Konvertatsiya qiroli” hozir yana yuripti ochiqda. Kontorskiy edi¸ (Nodir) To‘raqulov va Hayot (Sharifxo‘jaev – ikkalasi ham yuqori darajali MXX sobiq amaldorlari – tahr.) ishi bo‘yicha qamoqqa olishgandi. Kamida 200 million dollar to‘ladi¸ deyishayapti. Londondagi kvartirasi va Rigadagi hovlisini zararni qoplash uchun davlatga o‘tkazib berganmish. Pul to‘lagan¸ lekin qancha to‘laganini aniq aytish qiyin”.

Milliy xavfsizlik xizmatining O‘zbekiston bank sistemasi ustidan nazoratini amalga oshirib kelgan asosiy mulozimi bo‘lgan Alisher Akmalovning 2018 yil dekabrida ozodlikka chiqarilganini Markaziy bank mulozimlaridan biri ham tasdiqladi.

Akmalov uyiga qaytipti. Go‘yoki prezidentning o‘zi qo‘yvoringlar¸ deb aytganmish. Prezident nomini sotmayaptimikin¸ deb o‘ylayapman. Hali sud tugamay turib¸ uyiga chiqishi juda qiziq. Taxminlarga ko‘ra¸ bir necha yuz million dollarlik katta garov evaziga chiqqan. Lekin Markaziy bank bergan kamtar oylik bilan buncha boylikni yig‘ish - aqlga sig‘maydi”¸ deydi Markaziy bankning Alisher Akmalov bilan birga ishlagan mulozimlaridan biri shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab.

Maxfiy tergov

Alisher Akmalovning qariyb 10 oylik hibsdan so‘ng ozodlikka chiqqani haqidagi xabarga O‘zbekiston Bosh prokuraturasi “mazkur ishning maxfiy tarzda tergov qilingani bois¸ unga oid ma’lumot berilmasligini” bildirish bilan cheklandi.

Ayni paytda¸ respublika huquq tizimida ishlaydigan, maxfiy ish bo‘yicha matbuotga ma’lumot berish vakolati yo‘qligi bois ismi ochiqlanmasligini istagan mulozimning Ozodlikka bildirishicha¸ O‘zbekiston jinoyat-protsessual qonunchiligiga ko‘ra¸ u yoki bu shaxs tomonidan davlatga yetkazilgan zarar to‘liq qoplansa, qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasi ozodlikni cheklash bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa ehtiyot chorasiga o‘zgartirilishi mumkin.

Shundan kelib chiqib¸ Alisher Akmalovga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi o‘zgartirilib¸ uning uyiga chiqarilganini aytish mumkin. Lekin bu yerda gap jinoiy javobgarlikdan ozod etish haqida bormayapti. Aybdorlik masalasi sud qarori bilan hal etiladi. Ish sudga oshirilgan”.

Hozircha Alisher Akmalovga nisbatan qamoq ehtiyot chorasining qachon¸ qaysi sud qarori bilan o‘zgartirilgani Ozodlikka ma’lum emas.

Ayni paytda Alisher Akmalov ustidan sud jarayoni boshlanganmi-yo‘qmi, unga qanday rasmiy ayblov qo‘yilgani haqida ham Ozodlikda rasmiy ma’lumot yo‘q. Ish tafsilotidan bilvosita xabardor manbalar¸ uning “xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilganlikda” ayblanayotganini bildirgan edi.

1997 yildan 2018 yilning fevraliga qadar 21 yil uzluksiz Markaziy bank raisining o‘rinbosari lavozimini egallab kelgan Alisher Akmalov¸ Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ ishdan olinishidan bir oy o‘tib-o‘tmay hibsga olingan edi.

Ish tafsilotlaridan xabardor mulozimlar¸ uning O‘zbekiston sobiq bosh prokurori Rashitjon Qodirov ishi doirasida¸ ayni paytda¸ MXX Tergov boshqarmasi sobiq tergovchisi Nodir To‘raqulov va MXX sobiq generali Hayot Sharifxo‘jaevlar ko‘rsatmalari asosida hibsga olinganini bildirgan edi.

“MXXchilar g‘alabasi”

Bank tizimining Ozodlik gaplashgan bir necha xizmatchisi¸ Alisher Akmalovni O‘zbekiston bank-moliya strukturalarini MXX generallari uchun pul yuvish mexanizmiga aylantirib¸ 20 yildan ko‘proq bu tizimni nazorat qilib kelgan shaxs sifatida ta’rifladi va uning ozod etilishi¸ halol mutaxassislar ruhini tushirganini aytdi.

Akmalov bank tizimini rasvo qilganlardan biri va uning urug‘i ko‘p haligacha bu tizimda. Ular¸ albatta¸ xursand, bu xursandliklarini bildirib qo‘yishayapti. Prezidentning hamma yoqni “o‘g‘ri-kalamush”lardan tozalash haqidagi va’dasi qaerda qoldi? Bu narsa davlatning milliardlab dollar pulini o‘g‘irlab¸ uning bir necha yuz millionini qaytarib bersang¸ bemalol yuraver¸ degan juda xunuk xulosaga kelishga majbur qilayapti odamlarni”.

Ozodlik suhbatdoshlari Alisher Akmalovning MXX sobiq raisi general Rustam Inoyatovning yaqin odami ekani va uning ozod etilishi¸ Inoyatov va qarindosh-urug‘larining hamon prezident qaroriga ta’sir ko‘rsatish qudratiga egaligini ko‘rsatishini aytadi.

Xo‘jayini Inoyatov ham¸ qudasi Saidova ham prezident maslahatchisi bo‘lib o‘tiripti ”¸ deydi Alisher Akmalovning sobiq hamkasblaridan biri.

Alisher Akmalovning ukasi Qahramon Akmalov akasi hibsga olinganidan ko‘p o‘tmay 2018 yilning mayida Bosh vazir o‘rinbosari – Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksi rahbari lavozimidan bo‘shatilgan edi.

XS
SM
MD
LG