Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2019, Тошкент вақти: 05:28

Prezident qabulxonasi oldida piket qilgan 5 ayoldan biri 5 kunga qamaldi


9 yanvar kuni ayollar O‘zbekiston prezidenti qabulini talab qilib, xalq qabulxonasi oldiga to‘planishgandi.

Toshkentda O‘zbekiston prezidenti qabulxonasiga mahalliy amaldorlar ustidan shikoyat bilan borgan 5 nafar ayoldan biri bezorilikda ayblanib, 5 sutkaga qamaldi, qolgan 4 ayol minimal ish haqining 11 barobari (qariyb 2 million so‘m) miqdorida jarimaga tortildi.

Bu haqda Ozodlikka voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan inson huquqlari himoyachilari xabar qildi.

Huquq himoyachilarining aytishicha, 9 yanvar kuni ayollar O‘zbekiston prezidenti qabuliga kiritishlarini talab qilib, Oliy Majlis Senati binosidagi Xalq qabulxonasi oldiga to‘plangan.

Ayollar Xorazm, Samarqand va Toshkent viloyatlaridan bo‘lib, ularning shikoyati o‘zlari yashayotgan viloyatlarda mahalliy amaldorlarning ularga nisbatan nohaqliklariga oid bo‘lgan.

Piket aks etgan videoda ayollar "prezidentni xalq sayladi, chiqsin xalqning oldiga", deya baqiradi.

Ammo, piket uzoqqa cho‘zilmadi. Prezident qabulxonasi qo‘riqchilari besh nafar ayolni avtobusga bosib olib ketadi.

Xorazmlik faol Mahmud Rajabning Ozodlikka aytishicha, piket ishtirokchilari Yakkasaroy Ichki ishlar bo‘limiga olib borilgan.

31 yoshli Nafosat Ollashukurova bezorilik aybi bilan besh kunga qamalgan.

- Ayollar prezident qabulxonasi oldida qo‘lga olinib, oldin Yakkasaroy tumani IIBsiga, keyin sudiga olib borilgan. Ularga ma’muriy jazo qo‘llanilgan. Nafosat besh sutkaga qamalgan, qolgan ayollarga 11 baravar minimal oyliq miqdorida jarima solingan, - dedi Mahmud Rajab.

O‘zbekiston prezidenti xalq qabulxonasiga borgan ayollarning qo‘lga olinishi va jazolanishi yuzasidan Yakkasaroy tumani IIBsi Ozodlikka izoh bermadi.

Qamalishidan bir kun oldin Nafosat Ollashukurova uning noroziligiga mahalliy hokimlikning Urganchdagi ijara uyidan haydab chiqargani sabab bo‘lganini Ozodlikka bildirgandi.

Shuningdek, u 9 yanvar kuni ertalab militsiya uning telefonini olib qo‘yib, undagi videotasvirlarni o‘chirib tashlashgani haqida ham Facebook sahifasida xabar bergandi.

U o‘zining Facebook sahifasiga qo‘ygan videolarda prezident mahkamasi qo‘riqchilarining ayollardan birining telefonini tortib olishga urinayotgani, ayollarning qarshilik ko‘rsatishayotgani ham aks etgan.

Videodagi yozuvda bir ayol, militsiyaning "Siz kimsiz? Nega videoga olayapsiz?" degan savoliga "Prezidentimiz har kim videoga olishga va diktofonni qo‘shishga haqqi bor deb qo‘ydilar!" deya javob beradi.

O‘zbekistonda va boshqa ko‘pgina mamlakatlarda prezident qo‘riqchilari qiyofasini videoga olinishi taqiqlangan.

Mahalliy hokimliklardan norozi ayollarning prezident qabulxonasi oldida qo‘lga olingani haqida Ozodlik bundan oldin ham xabar bergan.

O‘tgan yilning iyun oyida prezident qabulini talab qilib borgan ayollardan biri 11 sutkaga qamalgan edi.

XS
SM
MD
LG