Линклар

Шошилинч хабар
15 ноябр 2019, Тошкент вақти: 12:05

O‘zbek muhojiri: Meni deportatsiya qilishsa, bolalarimni kim boqadi?


Sohib Sodiqov farzandlari bilan

Rossiya 3,5 yil qamoqda o‘tirib chiqqan o‘zbekistonlikni 12 yilga deportatsiya qilishga hozirlanmoqda. Mahalliy deportatsiya izolyatorida saqlanayotgan 34 yoshli qo‘qonlik Sohib Sodiqov Samarada Rossiya grajdanlari bo‘lgan voyaga yetmagan 3 nafar farzandi va rafiqasi boquvchisiz qolayotganini Ozodlikka so‘zladi.

Tolyatti shahar SUVSIGI (Xorij grajdanlarini vaqtinchalik saqlash markazi)dan Ozodlik tahririyatiga WhatsApp messenjeri orqali ulangan asli qo‘qonlik Sohib Sodiqov 29 dekabrdan buyon deportatsiya xavfi ostida qolayotganini bildirdi.

Ozodlik bilan suhbatda u dekabr oxirlarida 3,5 yillik qamoq jazosini o‘tab chiqqani, ammo mahalliy idoralar uning qo‘liga O‘zbekistonga chiqarib yuborilayotgani va 12 yilga Rossiyaga qaytib kirishni taqiqlovchi hujjat topshirishganini aytdi..

- Men anchadan beri – 1993 yildan beri Samarada yashayman, ota-onam bilan kelganmiz. 2003 yilda hujjatlarimni yo‘qotib, grajdanstvo ololmadim. 2011 yilda bu yerga ukam kelgandi – u bandalik qilib qoldi. Shu bahonada elchixonadan “yurtga qaytish” qog‘ozini olib, O‘zbekistonga borib, ukamni ko‘mib, pasport qilib kelganman. 2013 yilda “skinxedlar” meni pichoqlashgan edi. 24 joyimdan pichoq yeb, bir o‘limdan qoldim. Kasalxonada pul zarur bo‘lib yotganimda yonimga tanishlarim keldi. Bir odamni qo‘lida ishlagan pullarimni olib berishni so‘radim ulardan. Bular 17-18 kundan keyin borishgan va uni kaltaklab, pullarini, buyumlarini olib ketishgan. Men qilmagan ishim uchun, go‘yo ularni yollaganim uchun 3,5 yilga qamaldim. O‘tirib chiqqanimdan keyin meni qonun bo‘yicha 12 yilga deportatsiya qilishmoqchi,- deydi Sohib.

Sohib Sodiqovni Samarada 3 farzandi kutmoqda
Sohib Sodiqovni Samarada 3 farzandi kutmoqda

Suhbatdosh Samarada 14 yoshli bir qizi, 12 va 5 yashar ikki o‘g‘li borligiga qaramasdan Rossiyadan chiqarib yuborilayotgani, ular boquvchisiz qolayotganini bildirdi.

- 29 dekabr kuni men ozodlikka chiqarildim. Qo‘limga deportatsiya qog‘ozini berishdi, men esa bu qaror ustidan shikoyat qilishga ham imkoniyatim yo‘q – hamma bayram ta’tiliga chiqib ketgan. 15 yanvar kuni boshliq keladi deyapti – keyin man oldiga kiraman ekan. Qizim Sodiqova Alina – 14 yoshda, Sodiqov Temur - 12 yoshda va Sodiqov Amir – 5 yoshda. O‘zbekistonda meni yashaydigan joyim ham yo‘q, uylarimizni sotvorganmiz. Onam O‘zbekistonda ijarada yashaydilar. Meni 12 yilga deportatsiya qivorsa farzandlarim hayoti nima bo‘ladi?! 3,5 yil usiz ham otasiz qiynalishdi bollarim. Onasi ishlamaydi, kim boqadi ularni? - dedi Sodiqov Sohib.

O‘zbekistonlik muhojir yigit Ozodlik orqali Rossiya hukumatiga uni deportatsiya qilmaslikni so‘rab, murojaat qildi.

Tolyattining Novozavodskaya ko‘chasida joy olgan deportatsiya lagerida Ozodlik so‘roviga Sohib Sodiqovning deportatsiya qilinishi to‘g‘risidagi qaror mahalliy migratsiya bo‘linmasi tomonidan chiqarilganini bildirishdi.

Ozodlikka taqdim etilgan Samara viloyati Ichki ishlar boshqarmasining Migratsiya bo‘limi qarorida “grajdanin Sohib Sobirovich Sodiqovning Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lishi jamoatchilik tartibi, rossiyalik grajdanlar qonuniy manfaatlari va huquqlarini jiddiy xatar ostiga qo‘yayotgani” vaji bilan deportatsiya qilinayotgani ko‘rsatilganini ko‘rish mumkin.

Deportatsiya qog‘ozi
Deportatsiya qog‘ozi

Moskvalik yurist Svetlana Salamova Ozodlik bilan suhbatda o‘zbek muhojirini deportatsiya qilmoqchi bo‘layotgan Rossiya rasmiy idoralari xalqaro qonunlarga xilof ish tutayotganini ma’lum qildi.

- Umuman olganda ularning haqqi yo‘q! Oila a’zolarini ajratmaslik to‘g‘risida xalqaro konvensiya mavjud. Biroq, afsuski, oxirgi paytlarda mahalliy sudlar bunday qarorlarni o‘z kuchida qoldirishni boshlashdi. Odatda xorijlik necha yilga qamalgan bo‘lsa, shuncha vaqtga deportatsiya qilinishi kerak. Bolali odamni 12 yilga badarg‘a qilishdan nima naf?! Ular “Jinoyat sodir etgan odamning rossiyalik bolalari bo‘lsa, o‘z yurtiga olib ketib qarasin!” qabilida ish tutmoqda. Har holda, Sodiqovda sud yordamida bu qarorni bekor qilish imkoniyati bor, dedi huquq himoyachisi.

2014 yilning o‘rtalarida Davlat Dumasi tomonidan “Rossiya Federatsiyasiga qirish va chiqish tartibi to‘g‘risida”gi 114- Federal qonunga kiritgan o‘zgartishlarga ko‘ra, Rossiya hududida qasddan jinoyat sodir etgan va jinoiy javobgarlikka tortilib, uni o‘tab chiqqan xorij vatandoshlari majburiy deportatsiya qilinadi.

Unda Rossiya grajdanlari bo‘lgan oilasi bor shaxslar to‘g‘risida biror gap-so‘z yuritilmagan.

XS
SM
MD
LG