Линклар

Шошилинч хабар
29 январ 2020, Тошкент вақти: 09:53

Sirdaryoda IIB xodimlari to‘rt yigitni qiynoqqa solgani iddao qilinmoqda


Illyustrativ surat

30 dekabrda Sirdaryoda sodir bo‘lgan mushtlashuvda qatnashganlar, yaqinlarining iddao qilishicha, Guliston shahar Ichki ishlar bo‘limida uch kecha-kunduz davomida qiynoqqa solingan.

Guliston shahar Ichki ishlar bo‘limi mulozimi qiynoqqa solingani iddao qilinayotgan to‘rt yigitning bo‘lim binosida ushlab turilganini tasdiqladi, biroq qiynoq to‘g‘risidagi iddaolarni rad etdi.

Otaning aytganlari

1996 yilda tug‘ilgan, motorist usta Abdusamadning otasi, 1963 yilda tug‘ilgan Abdurazzoq Nazarovning Ozodlikka 15 yanvar kuni aytishicha, 30 dekabr kuni uning uyiga bir militsiya xodimi kelib, o‘g‘lini "1 soatga", deb olib ketgan. Shu ketganicha, Abdusamad uyiga 2 yanvar kechasi qaytgan. O‘g‘lidan eshitganlarini hikoya qilar ekan, Abdurazzoq Nazarov, jumladan, bunday dedi:

- Oborganidan urishni boshlashibdi. Azizbek degan o‘rtog‘iga qarshi ko‘rgazma berishni talab qilishibdi. Azizbek go‘yo o‘zini o‘zi pichoqlaganmishu, militsioner bolaning boshiga urganmish. Shunday ko‘rgazma berishni talab qilishibdi. O‘g‘lim “ko‘rganim yo‘q, qochib ketuvdim u yerdan”, desa, boshiga salafan paket kiydirishibdi, “opachalaringni, onangni olib kelib, bir balo qilaman”, deb qo‘rqitishibdi. “Qo‘limga kishan solib, tovonimga qarsillatib uraverdi, qo‘liga sochiq bog‘lab chakkamga uraverdi, seni bu yerdan jinni qilib chiqaramiz, deyishdi”, dedi o‘g‘lim.

Abdurazzoq Nazarovning qo‘shimcha qilishicha, o‘g‘li unga militsiya xodimlari uzoq vaqt ovqatsiz, suvsiz, hojatsiz ushlab turganini aytgan:

- Ikki yarim kun ovqat ham, suv ham bermadi, hojatga ham chiqarmadi, dedi o‘g‘lim.

Otasining aytishicha, hibsdan ozod bo‘lib qaytgan Abdusamad qiynoqlardan olgan jarohatlarini davolash uchun kasalxonaga yotish to‘g‘risidagi yaqinlari taklifini “qandaydir qog‘ozlarga qo‘l qo‘yib chiqqanini, kasalxonaga yotsa uydagilarga yomon bo‘lishidan ogohlantirilganini” aytib rad etgan.

Qiynoqqa solingan to‘rt yigit

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati Sirdaryo viloyat bo‘limi raisi Isroil Rizaevga ko‘ra, hammasi bo‘lib to‘rt kishi: Abdusamad Nazarov, Shohruh Omonov, Suhrob Shomansurov, hamda Farruh Sodiqovlarning qiynoqqa solingani iddao qilinmoqda.

Tilga olingan yigitlar o‘rtoqlari Azizbek Hakimovga qarshi “30 dekabr kungi janjalda profilaktika noziri Alisherni Azizbek urdi”, deb ulardan yolg‘on ko‘rsatma olish uchun qiynoqqa solingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo tuman sudi ajrimiga ko‘ra, Azizbek Hakimov o‘ziga o‘zi qaychi bilan jarohat yetkazgan
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo tuman sudi ajrimiga ko‘ra, Azizbek Hakimov o‘ziga o‘zi qaychi bilan jarohat yetkazgan

Ozodlik 15 yanvarda Azizbek Hakimovning yaqin qarindoshi bilan ham bog‘landi. Xavfsizligini o‘ylab, ovozini eshittirilmaslik sharti bilan gapirgan ayol Azizbek va uning o‘rtoqlari bilan bog‘liq ishni yaqindan o‘rganganini aytar ekan, yigitlarning tanasida kaltak izlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini ta’kidlab aytdi.

Qiynoqqa solingani iddao qilinayotgan yigitlarning o‘zlari bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Yigitlar, Abdusamadning otasining aytishicha, 15 yanvar, soat 10 da viloyat prokuraturasiga chaqirtirilgan. Balki, shuning uchundir, yigitlarning telefonlari kun davomida o‘chiq bo‘ldi.

IIB yigitlar ushlab turilganini tasdiqladi

15 yanvar kuni Ozodlik Guliston shahar IIB bilan bog‘landi. Telefonni ko‘targan zobit Ozodlikning tafsilotli savolini toqat bilan eshitdi.

Javoblaridan Ozodlik tilga olgan ism-familiyalar zobitga notanish emasligi ma’lum bo‘ldi. Yigitlarning bo‘lim binosida ushlab turilganini zobit tasdiqladi. Biroq uning aytishicha, "Guliston IIBning bu ishga aloqasi - yigitlarning shu bo‘lim binosida ushlab turilgani xolos. Ular bilan Mirzaobod tuman IIB xodimlari ishlagan".

Qiynoq to‘g‘risidagi iddaoni ham Guliston IIB zobiti inkor etdi. “Hamma joyda kamera borku?!” dedi zobit.

Ozodlik Mirzaobod tuman IIB bilan 15 yanvar kun davomida bog‘lanishga urindi, biroq bog‘lana olmadi.

Nima bo‘lgan edi?

Ma’lum bo‘lishicha, 2018 yilning 30 dekabrida Sirdaryo viloyat, Mirzaobod tumanidagi Pillakor qo‘rg‘onida Guliston shahri tarafdan katta tezlikda kelayotgan Jiguli yo‘l chetida to‘planib turgan yoshlarga loyqa ko‘lmak suv sachratib o‘tib ketib, yon ko‘chadagi xususiy avto ustaxona joylashgan xonadon oldiga kelib to‘xtagan.

Shunda mahalliy yoshlardan Azizbek Hakimov avtomashinadan tushgan to‘rt notanish tengquriga qarata: “Qishloq ichida sekinroq yursalaring bo‘lmaydimi?” deb tanbeh bergan. Bunga javoban kelganlardan kimdir “Onangni... , ko‘cha senikimi, senga problema kerakmi?” deb javob bergach, o‘rtada janjal kelib chiqqan.

Vaziyat jiddiy tus ola boshlagach, mahalliy yoshlar telefonda profilaktika noziri Alisherni voqea joyiga chaqirgan. Buni ko‘rgan shaharlik yoshlar “Ular sheriklarini chaqirayapti” deb o‘ylab, ular ham telefon orqali yordamga “qo‘shimcha kuchlar”ni chaqirgan.

Soat 23:30 larda profilaktika noziri fuqarolik kiyimida yetib kelib, tomonlarni o‘zaro yarashtirib turgan vaqtda Guliston shahri tomonidan oq rangli Jiguli katta tezlikda yetib kelib to‘xtab, undan tushgan 4-5 yigit qo‘lidagi temir jismlar bilan hammani bir chetdan ura ketgan.

“Janjal paytida mahalliy yoshlardan kimdir Azizbek Xakimovning olti joyiga, Suhrob Shomansurovning esa, oyog‘iga o‘tkir tig‘li jism bilan og‘ir tan jarohati yetkazgach, ular qo‘rquv va og‘riqdan voqea joyidan qochib uylarga kelgan. Ularni Azizbek Hakimovning ota-onalari o‘z avtoulovida zudlik bilan RShTTYoIM ning Sirdaryo filiali, Jarrohlik bo‘limiga yotqizgan”, - dedi voqeani yaqindan o‘rgangan inson huquqlari himoyachisi Isroil Rizaev.

Sudga oid tibbiyot ekspertizasining 2018 yil 31 dekabr kungi № 31/22 sonli xulosasiga ko‘ra, Azizbek Hakimovga yetkazilgan jarohat – o‘ta og‘ir deb malakalangan. Suhrob Shomansurovning jarohati esa yengil deb topilib, jarohat olgan joyi tikilib, uyiga javob berilgan.

Voqea guvohlarining aytishicha, janjal paytida profilaktika noziri fuqarolik kiyimida bo‘lganligi sababli guruhdan kimdir qattiq jism bilan uning boshiga zarba bergach, u ham hushini yo‘qotgan. Hamkasblari uni shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizgan, u tirik.

“Yigitlar qiynoqlar oqibatida o‘z do‘stiga qarshi ko‘rsatma berishga majbur bo‘ldi”

Voqeani yaqindan o‘rgangan inson huquqlari himoyachisi Isroil Rizaev 15 yanvar kuni Ozodlikka bunday dedi:

- Shohruh Omonov, Suhrob Shomansurov, Abdusamad Nazarov hamda Farruh Sodiqovlarni hamkasbi uchun o‘ziga xos intiqom olgan militsiya xodimlari 3 sutka davomida och qoldirib, boshlariga yelim xalta kiydirib, bo‘g‘ib qiynashgan. Qo‘llariga kishan solib, urib do‘pposlashgan. Qimirlay olmasliklari uchun tizzalariga o‘tirib olib, qo‘llariga sochiq o‘rab urishgan. Og‘riqdan dodlashsa, qorniga dubinka bilan urishgan. O‘z o‘rtoqlari Hakimov Azizbekga qarshi ya’ni, “O‘sha janjalda profilaktika noziri Alisherni Azizbek urdi” deb yolg‘on ko‘rsatma olishga erishishgan.

“O‘zini o‘zi pichoqlagan” Azizbek Hakimov tergov izolyatorida

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo tuman sudi 2019 yil, 9 yanvarda hozirda og‘ir ahvolda shifoxonada davolanayotgan jabrlanuvchi Azizbek Hakimovni qamoqqa olish haqida ajrim chiqargan. Gumondor Xovosdagi tergov izolyatoriga joylashtirilgan.

Isroil Rizaevning fikricha, sud bunday ajrim chiqarar ekan, "IIB nozirlari tomonidan qiynoqlar vositasida olingan ko‘rsatmalar asoslangan".

Ozodlik ixtiyorida sud ajrimi nusxasi bor. Unda bunday deyilgan:

“A.Hakimov ustaxonaning asbob-uskunalar turgan joydan xo‘jalik qaychini qo‘lga olib, qasddan o‘ldirish maqsadida A.Hakimovning orqa qismiga qaychi bilan bir necha marotaba urib, tan jarohat yetkazgan”. (Sud ajrimidan ko‘chirma tahrirsiz berildi)

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo tuman sudining 2019 yil, 9 yanvardagi ajrmi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo tuman sudining 2019 yil, 9 yanvardagi ajrmi

O‘zbekiston Milliy agentligi 15 yanvar kuni e’lon qilgan bayonotida Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov 2018 yil davomida vazirlik xodimlarining " har bir fuqaro bilan shu jumladan, xoh ayblanuvchi, xoh jabrlanuvchi bo‘lsin, xushmuomala bo‘lishlari, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashi qat’iy belgilangani¸ hibsxonalarda saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari tomonidan bu borada kelib tushayotgan har bir xabarga zudlik bilan munosabat bildirilib, aybdor xodimlarga nisbatan keskin jazo choralari ko‘rilayotganini bildirgan.

XS
SM
MD
LG