Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:12

Andijon hokimi mahalliy klub uchun viloyatdagi barcha tadbirkor va fermerga “futbol solig‘i” soldi


Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov
Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov

9 yanvar kuni Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov “Viloyat futbol federatsiyasining 2019 yilgi superliga o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha” o‘tkazgan yig‘ilishi nihoyasida viloyat hududida faoliyat yuritayotgan barcha tadbirkorlik sub’yektlariga “Andijon professional futbol klubi (PFK)” uchun jami 8 milliard 55 million so‘mlik “homiylik yordami” to‘lash talabini qo‘ydi.

“Yig‘ilish bayoniga ilova” deb atalgan 6 sahifalik hujjatning Ozodlikka 15 yanvar kuni yuborilgan nusxasida jami 167 ta korxona va tashkilot nomi va ularga solingan “futbol solig‘i” miqdori aniq yozilgan.

Viloyat hokimligining mazkur yig‘ilishda bevosita qatnashgan mulozimi¸ shaxsi sir qolish sharti bilan¸ majlisda qatnashgan tadbirkor va mulozimlardan mahalliy futbol klubiga “homiylik yordami” berish so‘ralganini tasdiqladi.

“Andijon PFK”dagi vaziyatdan yaxshi xabardor mahalliy mulozim esa¸ futbol klubining bosh sponsori GM Uzbekistan smetaga kiritilgan mablag‘ning uchdan birini ham bermagani oqibatida superligaga chiqqan klubning moliyaviy jihatdan og‘ir ahvolda qolgani viloyat hokimini shunday harakatga majburlaganini bildirdi.

GM Uzbekistan rasmiylari hozircha sponsorlik majburiyatining nega bajarilmayotgani haqidagi Ozodlik savollariga javob bermadi.

Hokim raisligida o‘tgan yig‘ilish

2019 yilning 9 yanvar kuni Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda mahalliy “Andijon” futbol klubining moddiy-texnik bazasidagi muammolar muhokama qilingan.

Unda viloyat hokimligi rasmiylari va tuman hokimlaridan tashqari Andijondagi aksar korxona va tashkilotlar¸ xususiy biznes egalari ham qatnashgan.

Yig‘ilishda “Andijon” futbol klubining og‘ir moliyaviy ahvoli¸ xususan¸ uning stadionining mart oyida boshlanadigan superliga o‘yinlariga umuman tayyor emasligi muhokama qilingan¸ bu vaziyatga oid klub bosh direktori Ma’ruf Abdusalom axboroti tinglangan.

Majlis qarorida “Andijon” klubining 2019 yilgi superligada munosib o‘ynashini ta’minlash maqsadida homiylik yordamini ko‘rsatish bo‘yicha tashabbusini” qo‘llab-quvvatlash aytilgan¸ qaror ilovasida esa¸ bunday “tashabbus” ko‘rsatgan 167 ta korxona va muassasa ro‘yxati keltirilgan.

Андижон вилоят ҳокимлигида футбол клубига моддий ëрдам бериш масаласида ўтказилган йиғилиш қарори ва иловаси
Андижон вилоят ҳокимлигида футбол клубига моддий ëрдам бериш масаласида ўтказилган йиғилиш қарори ва иловаси

​ Ro‘yxatga tushgan har bir korxonaga futbol klubining “Asaka bank”dagi hisob raqamiga belgilangan pulni o‘tkazib berish topshirilgan.

Davlat muassasalariga 5 million so‘mdan soliq solingan bo‘lsa¸ xususiy korxonalarga solingan o‘lpon miqdori 350 million so‘mgacha boradi.

“Odatiy hol”

Andijonlik tadbirkorlardan biri¸ viloyat hokimining bu majlisi va buyrug‘idan so‘ng tadbirkorlarga pulni tezroq o‘tkazish bo‘yicha bosim boshlanganini aytdi:

«Davleniye qilayapti joylardagi tuman hokimlari - toza ishlayapsanmi¸ kamchiliging yo‘qmi¸ ish bor joyda kamchilik bo‘ladi¸ meni to‘g‘ri tushundilaringmi¸ deb. Aytilgan pulni qaerdan oladi tadbirkor¸ bularni qiziqtirmaydi. Andijon bunaqa narsada doim birinchilikda. Viloyat hokimi hozir nomer odin¸ vesi ancha kuchayib ketgan¸ lyuboyini o‘tirg‘izib-turg‘izadi. Prezident unga hamma vakolatni berib qo‘ygan shekilli. Birov yo‘q deb ko‘rsinchi¸ nima bo‘ladi”¸ deydi tadbirkor va fermerlarning futbol solig‘iga g‘iring deya olmayotganini e’tirof qilgan andijonlik tadbirkor.

“Muammo Asaka zavodining pul bermay qo‘yganida”

“Andijon PFK”dagi vaziyatdan yaxshi xabardor mahalliy mulozim¸ bir necha yildan so‘ng superligaga chiqqan klubning moliyaviy¸ moddiy-texnikaviy ahvoli o‘ta nochorligini aytdi.

Klub bosh sponsori - GM Uzbekistan. Smetaga ko‘ra, zavod futbol klubiga 3 milliard so‘mcha mablag‘ ajratishi kerak. Ammo hozirgacha bu pulning uchdan birini ham bermagan. Klub stadionidagi ahvol superliga o‘yinlariga umuman tayyor emas. Klub direktori “O‘zavtosanoat”dan pul so‘rab yuripti¸ lekin hech narsa yo‘q. Shunga hokim tadbirkorlarga shunaqa soliq solishga majbur bo‘lgan¸ mahalliy klubni qo‘llash uchun”¸- dedi “Andijon” klubiga yaqin mulozim 16 yanvar kuni Ozodlik bilan suhbatda.

O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 9 martdagi qaroriga muvofiq "GM Uzbekistan" korxonasi Andijon futbol klubining bosh sponsori etib tayinlangan.
O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 9 martdagi qaroriga muvofiq "GM Uzbekistan" korxonasi Andijon futbol klubining bosh sponsori etib tayinlangan.

Bu suhbatdosh¸ hamma joyda o‘zini “Andijon” futbol klubining bosh sponsori sifatida ko‘rsatib kelayotgan GM Uzbekistan¸ sponsor sifatida prezidentdan qator imtiyozlar olgani¸ ammo amalda klubni mutlaq tashlab qo‘yganini aytdi.

“GM Uzbekistan bankrot yoqasida”

Ozodlik o‘zini “Andijon” futbol klubining bosh sponsori deb taqdim etayotganiga qaramay sponsorlik majburiyatini nega bajarmayotganini so‘rash uchun “O‘zavtosanoat” matbuot xizmati¸ moliya bo‘limi va Asakadagi GM Uzbekistan zavodi rasmiylari bilan bog‘landi. Ammo Ozodlik suhbatdoshlari bu vaziyatdan xabarlari yo‘qligini aytish bilan cheklandi.

GM Uzbekistan korxonasining shaxsi sir qolishini so‘ragan rasmiysi Ozodlik savoliga qisqa qilib¸ “Avtosanoat” bankrotlik yoqasida turganda¸ futbolga pul qayda¸ degan mazmunda gapirdi.

Pul yo‘qligi sababi - bu mashinalar sotuvi kam. Eksport yo‘q. Rahbar-kadrlar hammasi nol. 220.000 planni bajarish uchun qilingan xarajatlar ulkan bo‘ldi. Juda ko‘p import detallar AVIAGRUZ qilib olib kelindi. GM Uzbekistanni hozir prokuratura tekshirayapti. Bu ketishda¸ bakrot bo‘ladigan bo‘lib turipti. Qisqasi¸ ne do futbola”¸ dedi matbuotga ochiq gapirish vakolati yo‘qligidan ismi sir qolishini so‘ragan GM Uzbekistan korxonasi mulozimi.

XS
SM
MD
LG