Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:34

Magnitogorskda yangi portlashlar to‘g‘risida anonim xabarlar tarqaldi


Magnitogorskda portlagan qo‘pqavatli turar joy.
Magnitogorskda portlagan qo‘pqavatli turar joy.

Rossiyaning Magnitogorsk shahrida yangi portlashlar to‘g‘risida mish-mishlar tarqaldi, bir nechta ma’muriy bino evakuatsiya qilingani xabar qilindi. Bu xabarlarni “spam” ekanini ta’kidlayotgan mahalliy hukumat “provokatsiyaga uchmaslikka” da’vat etmoqda.

Chelyabinsk viloyati Magnitogorsk shahrining bir nechta muassasasi terrorchilik hujumlari borasida olgan anonim xatlardan keyin evakuatsiya qilindi.

Mahalliy axborot vositalari xabar qilishicha, noma’lum xabarchi shifoxonalar, o‘quv maskanlari va savdo markazlari minalashtirilgani to‘g‘risida xabarlarni yuborgan. Jumladan, mahalliy xavfsizlik xizmati Magnitogorsk shahar 1-sonli shahar shifoxonasi elektron manziliga 21 yanvar kuni tungi soat 3-larda quyidagi mazmundagi ogohlantirish xati kelib tushganini tasdiqladi.

“Biz uyushtirgan ikkita portlash hukumat aholi xavfsizligini ta’minlay olmasligini yaqqol ko‘rsatdi. Biz binoda bomba borligini xabar qilgandik, ammo hukumat bunga beparvo qoldi. Xuddi shunday marshrut taksi bilan bog‘liq ma’lumot inobatga olinmadi. Endi biz sizga elektron ko‘rinishda ogohlantirish yuborayapmiz”, deyiladi shifoxonaga kelib tushgan xatlardan birida.

Mintaqaviy FSB boshqarmasi ushbu ma’lumot tekshirilayotgani va xat muallifini topish harakatlari boshlanganini ma’lum qildi.

Ayni damda, ijtimoiy tarmoqlarda Magnitogorskda bir nechta maktab, xususan 31 dekabr kuni ko‘p qavatli uy portlab ketgan ko‘chada joylashgan “Lyovushka” xususiy maktabi va 52-sonli o‘rta ta’lim maktabi evakuatsiya qilingani, yana bir nechta maktab kinologlar yordamida tekshirilgani xabari chiqdi.

Biroq, shahar ma’muriyati 6-sonli maktab va shahar shifoxonalari odatiy rejimda o‘z ishini davom ettirayotganini bildirdi.

Magnitogorsk shahar ma’muriyati rasmiy saytida aholiga “provokatsiyalarga uchmaslik” to‘g‘risida chaqiriq e’lon qilindi.

- Magnitogorsk shahrida spam ko‘rinishidagi anonim xatlar tarqalmoqdaki, uning asosiy maqsadi – shaharda vaziyatni izdan chiqarish va aholi o‘rtasida sarosima uyg‘otishdir, deyiladi rasmiy xabarda.

Magnitogorskda 2018 yilning 31 dekabr kuni portlash oqibatida vayron bo‘lgan bino ostida qolib, 42 kishi qurbon bo‘lgandi, binoning bir pod’ezdi o‘pirilib tushgandi.

Biroz vaqt o‘tib yana bir portlash marshrut taksisida sodir bo‘lgan edi.

Bu ikki portlashning o‘zaro bog‘liqligini inkor etib kelayotgan Rossiya FSBsi ko‘pqavatli bino portlashiga maishiy gaz sabab bo‘lganini taxmin qilmoqda. Tergovchilar portlash sodir bo‘lgan joylarda portlovchi moddalar qoldiqlari aniqlanmaganini e’lon qildi.

Birmuncha vaqt oldin terrorchi tashkilotlar faoliyatini kuzatib borayotgan SITE Intelligence Group tashkiloti Al Naba arab gazetasiga tayanib “Islom davlati” terrorchilik tashkiloti Magnitogorskdagi qo‘pqavatli uy va marshrutkadagi portlashlarni o‘z zimmasiga olganini xabar qilgandi.

Rossiya Tergov Qo‘mitasi bunga javoban “Islom davlati” jangarilari bayonotlariga ishonmaslikka chaqirdi.

Oxirgi yillarda Rossiyaning turli hududlarida sodir bo‘lgan barcha terrorchilik hujumlarida kavkazliklar va Markaziy Osiyo o‘lkalaridan kelgan muhojirlar ayblangan.

XS
SM
MD
LG