Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:22

Prezident Mirziyoev Ozodlikka: "Mingdan ming rahmat! Kelinglar! (VIDEO)


Prezident Shavkat Mirziyoev Berlinda o‘zbek yoshlari bilan qisqa suhbatlashdi.
Prezident Shavkat Mirziyoev Berlinda o‘zbek yoshlari bilan qisqa suhbatlashdi.

Ozodlik muxbirining Berlindan xabar berishicha, 21 yanvar kuni Belvyu saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevni Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer kutib oldi.

Shavkat Mirziyoev va Frank-Valter Shtaynmayer Germaniyadagi barcha xarbiy qismlar vakillarini o‘zida jam qilgan faxriy qorovul yonidan yurib o‘tishdi.

Ayni tadbir ishtirokchisi Germaniyadagi urush va tinchlikni o‘rganish tadqiqot markazi xodimi Turonbek Qozoqovning Ozodlikka aytishicha¸ "nemis harbiylarining O‘zbekiston prezidentini olqishlashi jiddiy ramziy ahamiyatga" ega.

Germaniya bu olqishlash bilan harbiy sohadagi ikki davlat aloqalarini yangi saviyaga ko‘tarilishini istaydi, dedi Turonbek Qozoqov.

Inson huquqlar bo‘yicha O‘zbekiston Germaniya forumi vakili¸ yaqinda O‘zbekistonga borib mulozimlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib kelgan Lin Shvaysfusning Ozodlikka aytishicha¸ iqtisodiy¸ xarbiy munosabatlar yaxshilanishi mamlakatda siyosiy erkinliklar berilishi bilan parallel amalga oshirilsagina samara beradi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev kunning ikkinchi yarmida Federal kansler Angela Merkel va Bundestag raisi Volfgang Shoyble bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

22 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Myunxen shahrida Bavariya bo‘lgasi bosh vaziri Markus Zyoder hamda Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Germaniya rahbarlari bilan uchrashuvi oldidan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Ozodlik salomiga javoban minnatdorchilik bildirdi.

Ozodlik salomlarini yetkazgan muxbirga Shavkat Mirziyoev: "Mingdan ming rahmat! Sog‘ bo‘linlar. Kelinglar... Kelinglar" dedi.

Мирзиëев Озодликка: Мингдан минг раҳмат¸ келинглар¸ соғ бўлинглар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:13 0:00

O‘zbek-German forumi Mirziyoevni ko‘proq islohot o‘tkazishga chaqirdi

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbek-German forumi vakili tahlilchi Lin Shvaysfus Ozodlik bilan suhbatda Shavkat Mirziyoev tarixga reformator sifatida kirishi mumkinligini aytdi. Ammo, buning uchun "bundan ham ko‘proq ishlarni qilishi kerak".

Lin Shvaysfus jumladan shunday dedi:

Bu - Shavkat Mirziyoevning Germaniyaga o‘zgacha tashrifi. U buyuk reformator sifatida dunyoga tanilyapti, bu qisman haqiqat. Ancha islohotlarga asos solindi. Ammo ularning aksari iqtisod sohasida. Mirziyoev "buyuk reformator" degan obro‘ni mustahkamlash uchun bundan ham ko‘proq ishlarni qilishi kerak. Bizni xavotirga solayotgan inson huquqlari masalasiga e’tibor qilishi kerak. O‘zbekistonda hali ham minglab siyosiy mahkumlar bor. Ularning aksari qiynoqlarga solingani haqida ma’lumotlar bor. Korrupsiya darajasi haliyam juda yuqori. O‘zbekiston hali ham majburiy mehnatdan foydalanadi va har yili fuqarolarni paxta dalalariga chiqaradi. Biz Prezident Mirziyoev tarixga buyuk reformator sifatida kirishiga chin yurakdan tilakdoshmiz va qo‘ldan kelgancha yordam berishga tayyormiz.

Германиялик таҳлилчи: Мирзиëев ислоҳотлари асосан иқтисодда бўляпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:59 0:00

Prezident Shavkat Mirziyoev Germaniya prezidenti bilan uchrashdi

21 yanvar kuni Belvyu saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevni Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer kutib oldi, deya xabar berdi president.uz cayti.

Shavkat Mirziyoevni rasmiy kutib olish marosimida uning "sharafiga faxriy qorovul saf tortdi".

"Muzokara avvalida Shavkat Mirziyoev Frank-Valter Shtaynmayerni joriy yilning may oyida nishonlanadigan Germaniya Federativ Respublikasi tashkil topganining 70 yilligi bilan tabrikladi," deya ta’kidlanadi xabarda.

Federal kansler Angela Merkelning taklifiga binoan Germaniyaga rasmiy tashrif bilan borgan prezident Shavkat Mirziyoevning asosiy uchrashuvlari 21 yanvar kuni poytaxt Berlinda bo‘lib o‘tadi.

Prezident Shavkat Mirziyoev bugun Germaniyada asosiy uchrashuvlarni o‘tkazadi

O‘zbekiston prezidentini Berlinda kutib olish tantanasi.
O‘zbekiston prezidentini Berlinda kutib olish tantanasi.

​Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, Shavkat Mirziyoev Federal prezident Frank-Valter Shtaynmayer, Federal kansler Angela Merkel va Bundestag raisi Volfgang Shoyble bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

Muzokaralarda O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish, madaniy-gumanitar, fan-ta’lim va turizm sohalaridagi aloqalarni faollashtirish kabi masalalarni muhokama qilish ko‘zda tutilgan.

Mirziyoev 22 yanvar kuni Myunxenda Bavariya bosh vaziri Markus Zyoder hamda Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoev 20 yanvar kuni ikki kunlik rasmiy tashrif bilan Germaniyaga kelgan edi.

“Tegel xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Davlatimiz rahbarini Germaniya rasmiy shaxslari kutib oldi”, deyiladi rasmiy xabarda.

"Iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik jihatdan ulkan imkoniyatlarga ega Germaniya bilan hamkorlikdan ham katta maqsadlar ko‘zlangan", deya xabar qiladi matbuot xizmati.

Mirziyoev Berlinda o‘zbek yoshlari bilan uchrashdi

“Germaniyada o‘qiyotgan, ilmiy izlanishlar olib borayotgan bir guruh o‘zbekistonlik yoshlar Berlin shahrida Prezident Shavkat Mirziyoevni katta xursandchilik bilan kutib oldi”, deb xabar berdi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, vatandoshlar bilan O‘zbekiston delegatsiyasi joylashgan qarorgoh oldida samimiy suhbat bo‘lib o‘tgan.

Berlindagi o‘zbeklar Mirziyoevni kutib olmoqda.
Berlindagi o‘zbeklar Mirziyoevni kutib olmoqda.

Prezident Germaniyadagi o‘zbekistonliklarning o‘qish va ishlari, orzu-istaklari bilan qiziqdi.

– Rivojlangan davlatlar barcha sohalarga ilmiy yondashib natijaga erishgan. Biz ham juda katta izlanishdamiz. Butun harakatlarimiz dunyo bilan teng bo‘lishga, xalqimizga munosib hayot yaratishga qaratilgan. Islohotlarni sizdek ilg‘or yoshlar bilan birga amalga oshiramiz. Hamma o‘rgangan bilim, “nou-xau”laringni O‘zbekistonning har bir sohasi intiqlik bilan kutyapti. Qancha ko‘p bilimli bo‘lsak, shuncha qudratli bo‘lamiz,- dedi Shavkat Mirziyoev.

“Prezident yoshlarni o‘qish va izlanishlarini muvaffaqiyatli tugatib, bilim va tajribalarini mamlakatimiz rivojiga yo‘naltirishga taklif etdi”, deb yozdi prezident matbuot xizmati.

Safar arafasida O‘zbekiston - Germaniya biznes forumi bo‘ldi

Bu safar arafasida - 14 yanvar kuni Berlinda O‘zbekistonga nemis kapitalini jalb qilish va o‘zaro iqtisodiy munosabatlarni jonlantirish imkonlarini muhokama qilish uchun nemis-o‘zbek biznes forumi uyushtirildi.

Tadbirda qatnashgan O‘zbekiston rasmiylari hisobotiga ko‘ra, 2018 yilning 9 oyi yakuni bo‘yicha Germaniya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar aylanmasi 526 million dollarni tashkil qilgan.

​Bu raqam Germaniyaning boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodidagi ishtiroki bilan qiyoslaganda, anchayin oz. Jumladan, Germaniyaning Qozog‘iston bilan 2017 yildagi tovar aylanmasi 5 milliard dollarni tashkil qilgan.

Bundan tashqari, Berlindagi tahlilchilar, O‘zbekistonda sarmoyadorlar uchun muhim bo‘lgan shaffoflik, qonun ustuvorligi va mustaqil sud institutlari hanuz yetarli darajada rivojlanmagani nemis sarmoyadorlarini ikkilantirib turganini aytadi.

"Chegara bilmas muxbirlar" O‘zbekistondagi matbuot erkinligiga e’tibor qaratdi

Shuningdek, Mirziyoevning Germaniya safari arafasida “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkiloti kansler Angela Merkelni O‘zbekiston prezidenti bilan uchrashuv chog‘ida matbuot erkinligi masalasiga e’tibor qaratishga chaqirdi.

Tashkilotning bildirishicha, O‘zbekistonda internet (Facebook va YouTube kabi ijtimoiy tarmoqlar) hamon qattiq nazorat ostida qolmoqda, mustaqil saytlarning ko‘pchiligi to‘sib qo‘yilgan, tanqidiy nuqtai nazarda bo‘lgan jurnalistlar esa mamlakatga kiritilmayapti.

“Chegara bilmas muxbirlar” Mirziyoev hokimiyatga kelganidan so‘ng qamoqda yotgan jurnalistlar ozod etilganini e’tirof etgan, ammo tashkilot bu yangi prezidentni “odamlarga yaxshi ko‘rsatish maqsadida amalga oshirilgan” harakatdan boshqa narsa emas, deb hisoblashini bildirgan.

Hozircha O‘zbekiston va Germaniya rahbarlari o‘rtasida o‘tadigan uchrashuvlar ortidan jurnalistlar va matbuot vakillari uchun brifing yoki matbuot anjumani bo‘lishi haqida ma’lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG