Линклар

Шошилинч хабар
17 май 2021, Тошкент вақти: 06:29

Jizzax hokimi go‘sht narxini 39 ming so‘mdan oshirmaslikni buyurdi


O‘zbekiston bozorlariga sotuvga olib kelingan go‘sht ahvoli.

Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliev 21 yanvar kuni imzolagan hujjatda viloyat hududidagi bozorlarda sotiladigan to‘qqiz turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining “eng yuqori chegaralangan narxlari” belgilandi.

Go‘sht¸ baliq¸ tuxum¸ guruch¸ kartoshka¸ piyoz va sabzi narxlari narxi oshishi oldini olishga qaratilgan hokim qarori¸ undan xabar topgan tadbirkorlarning Ozodlikka aytishicha¸ bozor iqtisodi qonunlariga ziddir.

Jizzax viloyati hokimligi va viloyat Raqobat boshqarmasining Ozodlik gaplashgan rasmiylari hokim qaroriga izoh berishni istamadi.

Hokim qo‘l qo‘ygan “Tarqatish varaqasi”

Ozodlikka Jizzax viloyati davlat hokimiyati tizimida ishlovchi mulozimdan kelgan hujjat nusxasidan ko‘rilishicha¸ “Tarqatish varaqasi”ni viloyat hokimligining Iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari majmui kotibiyati hozirlagan.

Jizzax hokimi Saliev 21 yanvar kuni tasdiqlagan narxlar ro‘yxati.
Jizzax hokimi Saliev 21 yanvar kuni tasdiqlagan narxlar ro‘yxati.

21 yanvar kuni hokim Saliev imzolagan hujjatga¸ Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 martdagi EDO-03-30-13 sonli yig‘ilish bayoni (protokoli) asos bo‘lgan.

(Bu yig‘ilish bayoniga oid "O‘zbekoziqovqatzahira” uyushmasi saytida keltirilgan ma’lumotdan¸ uning “aholini asosiy oziq-ovqat tovarlari bilan ta’minlash maqsadida” bu mahsulotlar narxini hukumat tomonidan belgilash ko‘zda tutilgani tushuniladi.)

Jizzax viloyati hokimi tasdiqlagan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatida mol va qo‘y go‘shti narxini yanvar oyida davomida tadbirkorlar rastalarida 39 mingdan¸ tovuq go‘shtini 20 ming so‘mdan¸ tuxum narxini 700 so‘m¸ guruchning eng qimmatini 12 mking so‘m¸ kartoshkani 2500¸ piyozni 1000 va sabzini 2500 so‘mdan oshirmaslik topshirilgan. Ayni paytda¸ ro‘yxat ostida narxlarning mavsumga qarab o‘zgarishi ham yozib qo‘yilgan.

Bu narxlarni nazorat qilish¸ hokim qaroriga binoan¸ viloyat Moliya¸ Soliq va Raqobat boshqarmalari¸ shuningdek Jizzax viloyat bozorlar va savdo komplekslari uyushmasiga topshirilgan.

Rasmiy izoh berilmadi

Ozodlik 21 yanvar kuni viloyat hokimining mazkur qaroriga izoh so‘rab¸ hokim yordamchisi¸ hokimning iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari va iqtisodiët majmui kotibiyati rasmiylari bilan bog‘landi.

Ularning barchasi¸ bu hujjatdan xabari yo‘qligini aytish iddaosi bilan Ozodlik savollariga javob berishdan o‘zini olib qochdi.

Viloyat Raqobat qo‘mitasining Ozodlik gaplashgan rasmiysi¸ bu qarorni “iste’molchilar huquqini himoya qilish” degan iddao bilan izohlashga urindi¸ ammo hokimning nega 2019 yil 21 yanvariga kelib bunday topshiriq berganidan bexabarligini bildirdi.

“Bozor iqtisodiyotiga zid qaror”

Ozodlik bilan shaxsi sir tutilishini so‘rab gaplashgan tadbirkorlardan biri¸ 21 yanvar kungi hokim qarorini shunday baholadi.

Bozor iqtisodiga asoslangan O‘zbekistonda narxlarning davlat tomonidan belgilanishi bozor iqtisodi mohiyatiga ziddir. Men ishlab chiqargan mahsulotimga nima uchun hukumat narx belgilashi kerak? Bozor narxlarini talab va taklif o‘rtasidagi nisbat shakllantiradi. Deylik¸ men bozordan em-xashakni falon pulga olib mol boqsamda¸ hokim uni tannarxidan arzonga sotasan deb buyruq bersa¸ men bozorga go‘sht olib chiqmayman. Yo Xorazmdan guruch opkelib Jizzaxda sotadigalarning ham o‘ziga yarasha xarajati bor – ularga ham falon so‘mdan oshirmaysan¸ deb buyruq bersa¸ ertaga zarariga ishlamaydiku – olib kelishni yig‘ishtiradi”¸ deydi bu tadbirkor.

Ozodlik suhbatlashgan viloyat iqtisodiy tizimi mulozimi¸ hokimning bozor narxlarini ma’muriy-buyruqbozlik bilan nazorat qilish urinishi teskari natija berishi va bozordagi asosiy oziq-ovqat narxlarining sun’iy ravishda ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi mumkinligini aytadi.

Go‘sht Toshkent yo Farg‘onada qimmat bo‘lsa¸ Jizzax emas¸ o‘sha qimmatroq joyga olib boradida! Bunaqa qilib bozorni nazorat qilish Karimov davrida bor edi. Har yili bizga asosiy oziq-ovqat narxlarining chegarasi belgilangan ro‘yxat kelardi¸ lekin u ko‘proq davlat ta’minoti tizimlariga taalluqli edi. Mirziyoev kelganidan beri Jizzaxda bunaqa cheklov birinchi kuzatilayapti. QQS(qo‘shimcha qiymat solig‘i) o‘zgarganidan keyin narx-navo keskin oshib ketishidan qo‘rqishayapti¸ shekilli”¸ deydi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois ismini ochiqlamagan jizzaxlik mulozim.

Qaror qanday ijro etiladi?

21 yanvar kuni Ozodlik suhbatlashgan oddiy jizzaxliklar shahar bozorida bir kilo mol va qo‘y go‘shti narxining 40-42 ming so‘m ekanini bildirdi.

Bu narxning hokim buyrug‘i bilan qanday qilib 39 mingga tushirilishi haqidagi savolga mahalliy hokimiyat mulozimi¸ uning ijrosi topshirilgan soliqchilarning bozordagi savdogar va tadbirkorlarga eskicha bosim o‘tkazishni boshlashini taxmin qiladi.

Bu narsa Mirziyoev kelganidan so‘ng yo‘qolgandek bo‘lgan edi. Bozorni ma’muriy buyruqbozlik bilan nazorat qilaman¸ deb o‘ylagan hokim bu nazoratni Karimov davridagi kabi faqat ma’muriy bosimni kuchaytirish orqali amalga oshirishi mumkin. Bu esa¸ Mirziyoev kelganidan beri tadbirkorlarni himoya qilish haqida qo‘l qo‘ygan o‘nlab qaror va farmonlar mohiyatiga zid bo‘ladi”¸ deydi iqtisod tizimi mulozimi.

Ozodlik hozircha O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 6 mart kungi yig‘ilishi bayoniga asosan¸ asosiy iste’mol mahsulotlari narxining hokimlar tomonidan cheklab qo‘yilgan-qo‘yilmagani haqida ma’lumotga ega emas.

2017 yil iyun oyida go‘sht narxining keskin qimmatlashi oldini olish maqsadida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov go‘sht narxini 29 ming so‘mdan oshirmaslik haqida buyruq bergan edi.

Abdurahmonov va boshqa hokimlarning bozordagi narxlarni sun’iy ushlab turish urinishlari oqibatida xususiy qassobxonalar bir necha kunga yopilib¸ supermarketlardagi go‘sh rastalari bo‘shab qolgani ko‘rilgan edi.

XS
SM
MD
LG