Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:16

Chegaradan noqonuniy o‘tishda sovuq urgan o‘zbek muhojirlari Qozog‘istonda hibsga olindi


Rossiya- Qozog‘iston chegarasini 20 daraja sovuqda noqonuniy tarzda kesib o‘tishga uringan besh nafar o‘zbek muhojiri G‘arbiy Qozog‘iston oblastining “Muqatay” zastavasi chegarachilari tomonidan hibsga olindi.

Qozog‘iston Chegara xizmati matbuot bo‘limiga ko‘ra¸ oyoq-qo‘lini sovuq urgan migrantlar Darinsk qo‘rg‘onida joylashgan tuman shifoxonasiga olib kelingan.

- Davlat chegarasini buzganlar chegara zastavasi qo‘riqchilari nazorati ostida Zelenovskiy tumani Darinsk qo‘rg‘oni shifoxonasida qolmoqda, deya xabar qildi Qozog‘iston chegarachilari.

Ozodlik Darinsk tuman kasalxonasi xirurgiya bo‘limi xodimlari bilan bog‘lanib, besh o‘zbekistonlikdan birining ayol ekani va uning og‘ir ahvolda qolayotganini aniqladi.

Ozodlik gaplashgan shifokorning aytishicha¸ tibbiy yordam ko‘rsatilganidan keyin o‘zbekistonliklar chegarachilar tomonidan noma’lum tomonga olib ketilgan:

- Kecha olib kelishgan edi. Birining oyoqlarini sovuq urib ketgan, yana biriga pnevmoniya tashxisi qo‘yildi. Ularni keyin KNB (Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi-tahr.) xodimlari olib ketdi. Qaerga olib ketgani va qaerda saqlayotganini bilmayman. Menimcha, ularda o‘zlarining tibbiy muassasalari bor. Ular orasida bolalar yo‘q - 4 erkak va bir ayol edi. Shu ayol oyoqlarini muzlatib olgan, ahvoli juda jiddiy, dedi ismini ochiqlamagan Darinsk tuman kasalxonasi xirurgi.

Qozog‘iston Chegara xizmati o‘zbek muhojirlarining nima sababdan chegarani noqonuniy tarzda kesib o‘tganiga hozircha aniqlik kiritmadi.

Sariog‘ochdagi “Qoplonbek” zastavasi nazorat kameralariga tushgan o‘zbekistonlik muhojir.
Sariog‘ochdagi “Qoplonbek” zastavasi nazorat kameralariga tushgan o‘zbekistonlik muhojir.

Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi tarkibiga kiruvchi Chegara xizmati oldinlari ham Rossiya bilan chegarani noqonuniy kesib o‘tayotganida qo‘lga olingan o‘zbek muhojirlari bilan bog‘liq vaziyatlar to‘g‘risida xabar bergan.

Rossiya va Qozog‘iston chegarasini asosan Rossiyadan deportatsiya qilingan, qidiruvda bo‘lgan yoki hujjatlari joyida bo‘lmagan migrantlar kesib o‘tishi aytiladi. Ozodlik gaplashgan muhojirlar Qozog‘iston va Rossiya chegara hududlarida deport qilingan muhojirlarni chegaradan o‘tkazib qo‘yishning serdaromad “biznesga” aylanganini aytgan.

XS
SM
MD
LG