Линклар

Шошилинч хабар
04 декабр 2020, Тошкент вақти: 01:37

Hukumat yollagan nemis jurnalistlari O‘zbekiston haqida tanqidiy maqolalar yozdi


Bu maqola "Oq oltin qullari" deb ataladi

O‘zbekiston prezidentining yanvar oyida Germaniyaga tashrifi arafasida rasmiy Toshkent Berlindagi piar agentligi bilan “mamlakatni vasf qilish” borasida shartnoma tuzdi.

Berlinda faoliyat olib boradigan GPRC German PR​ and consulting group GmbH​ nemis jurnalistlarini Mirziyoevning Germaniyaga tashrifidan oldin O‘zbekistonga yo‘lladi.

Yollangan jurnalistlar O‘zbekistonning yuqori lavozimli mulozimlari bilan suhbatlar o‘tkazdi.

O‘zbekiston prezidentining tashrifi kunlari bu jurnalistlarning maqolalari nemis matbuotida nashr qilindi.

Maqolalarda "vasf qilishdan ko‘ra tanqidiy tahlil alomati ko‘proq deydi" germaniyalik tahlilchi Ekkehard Maas Ozodlik bilan suhbatda.

Berlindagi GPRC German PR and consulting group shirkati rahbari va asoschisi Konstantin Panovko Ozodlik bilan 23 yanvar kungi suhbatda "Maqsad O‘zbekistonni maqtash emas, balki u qanday bo‘lsa, shu shaklda Germaniyaga tanitish," deya ta’kidladi.

Panovkoning yana aytishicha¸ u rahbarlik qiladigan piar shirkati "jurnalistlar yozgan maqolalar mundarijasi va maqola fokusiga hech bir tarzda ta’sir ko‘rsatmagan".

O‘zbekistondagi paxta qullari

O‘zbekiston prezidenti Germaniyaga safar qilarkan nufuzli Frankfurter Rundschau Rheinpfalz va Badische Zeitung kabi gazetalarda va yana o‘nlab kichikroq mahalliy nashrlarda piar agentligi tarafidan yollangan jurnalistlarning maqolalari nashr etildi.

Piar agentlik tarafidan yollanib, O‘zbekistonga borgan jurnalistlardan biri 34 yashar Feliks Lill (Felix Lill) yozgan maqola “Oq oltin qullari” deb ataladi.

Germaniyaning nufuzli Frankfurter Rundschau gazetasida chop qilingan bu maqola O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Qudbiev va inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya forumi rahbari Umida Niyozovalar bilan suhbat asosida tayërlangan.

Bu maqolaning tagida piar shirkat moliyasi asosida yozilgani eslatilgan.

Germaniyalik tahlilchi Ekkehard Maasning aytishicha, "maqtovli maqola nemis zehniyati tarafidan deyarli qabul qilinmaydi. Aks ta’sir berishi ham mumkin. Tanqidiy bo‘lsa ham bu maqolalar orqali nemis jamoatchiligida O‘zbekiston haqida ob’ektiv tasavvur" paydo bo‘ladi.

Rasmiy Toshkent yollagan nemis jurnalistlaridan biri Feliks Lill maqolasida inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya forumi rahbari Umida Niyozovaning O‘zbekistonda majburiy mehnat haqidagi tanqidiy fikrlariga keng o‘rin berilgan.

Niyozovaning Ozodlikka bildirishicha¸ maqolalar yuksak jurnalistik tamoyillar asosida yozilgan:

- Agar teskarisi bo‘lganida nufuzli nemis gazetalari buni bosmasdi. Shu paytgacha Ukraina¸ Qozog‘iston va Ozarbayjon hukumatlari samarali qo‘llab kelgan uslub¸ ya’ni piar agentlik yordamida mamlakat imidjini yaxshilash uslubini O‘zbekiston ham qo‘llay boshladi. GPRC agentligi - o‘z vaqtida qamoqda jazo o‘tagan ukrain siyosatchisi Yuliya Timoshenkoni siyosiy tutqun va mazlum deya G‘arb jamoatchiligi fikrini o‘zgartira olgan kuchli shirkat. Bu shirkat yollagan jurnalistlar yozgan maqolalarni o‘qigan odamda O‘zbekiston haqida mutlaq pozitiv fikr uyg‘onmasa kerak deb o‘ylayman, deydi Niyozova.

Berlindagi GPRC German PR and consulting group shirkati rahbari va asoschisi Konstantin Panovko Ozodlik bilan 23 yanvar kungi suhbatda "O‘zbekiston haqida mutlaq maqtovli maqola yozish maqsadi qo‘yilmaganini" ta’kidladi.

- Maqolalar mazmunini biz muhokama qilmaymiz. Siz e’tibor berganingizday maqolalar tanqidiy ruhdadir. Bu yaxshimi yoki yomonmi? Davlat konsalting shirkat yollab maqola yozdirishi yaxshimi? Bilasiz, G‘arbda ishlash bo‘yicha katta tajribaga ega davlatlar bor. Shu bilan birga ayni masalada kamroq tajribaga ega davlatlar bor. Shu ma’noda bizning maslahatimiz O‘zbekiston uchun foydali bo‘ldi, deb o‘ylayman. Tanqidiy maqolalar chiqsa ham. Maqsad O‘zbekistonni boricha tanitish edi. Bu maqsadga qanchalik erishganimizni esa nemis o‘quvchisi belgilaydi, deydi suhbatdosh.

O‘zbekiston marhum prezident Karimov tarafidan boshqarilgan 25 yil davomida barcha xalqaro hisobot va G‘arb matbuotida majburiy mehnat va inson erkinliklari borsida “yomonlarning yomoni” deya atalgan.

O‘zbekistonning yangi rahbari Shavkat Mirziyoev davriga kelib "o‘zgarayotgan va ochiqlik sari intilayotgan reformator yetakchi" haqidagi fikrlar matbuot sarlavhalariga chiqdi.

Germaniyadagi Süddeutsche Zeitung gazetasining redaksion maqolasida Mirziyoev "Markaziy Osiyodagi perestroyka yetakchisi" deya maqtaldi.

XS
SM
MD
LG