Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, o‘tgan yili mamlakat bo‘ylab 462 ta jamoat hojatxonasi qurilganini bildirdi. 25 yanvar kuni matbuot anjumanida aytilishicha, 50ta hojatxona qo‘mitaning ijtimoiy tarmoqlarda hazil-mutoyiba bo‘lgan tashabbusi - hojatxona qurgan tadbirkorlarga soliqdan imtiyoz berilishi haqidagi "sms-xabarlar" ortidan qurilgan.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi saytida chop etilgan press-relizda 2018 yilda turizm sohasida qilingan asosiy ishlar bo‘yicha hisobot berildi.
Ushbu yig‘inda aytilishicha, o‘tgan yili mamlakatga kelgan sayyohlar uchun xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlari doirasida sanitariya-gigiena shahobchalarini qurishni istovchilarga alohida imtiyozlar taqdim qilingan.
Oqibatda, 2018 yilda mamlakat bo‘ylab 500ga yaqin hojatxona qurilgan.
"Tadbiq etilgan imtiyozlar natijasida o‘tgan yilda jami 462 SGSh (sanitariya-gigiena shahobchalari - hojatxonalar - tahr. ) faoliyati yo‘lga qo‘yildi, shu jumladan ularning 50 ga yaqini imtiyozlarni keng targ‘ib qilish (SMS xabarlar orqali) natijasida barpo etildi", deya ta’kilanadi qo‘mita chop etgan press-relizda.
2018 yilda O‘zbekiston hukumatining mamlakatda turizmni rivojlantirishga qaratilgan qarori bilan jamoat hojatxonalarini qurmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga soliqdan katta imtiyozlar berilgan.
O‘tgan yili sentabr oyida Davlat turizm qo‘mitasi bu imtiyozlarni targ‘ib qilib, ommaviy SMS-xabarlar jo‘natgan va bu o‘z vaqtida o‘zbekistonlik blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida hazil-mutoyibalarga sabab bo‘lgandi.
Turizm qo‘mitasi, shuningdek, 2018 yilning oktabr oyidan xorijdan borgan sayyohlarga yaqin-atrofidagi hojatxonalarni topishda yordam beruvchi UzFinder mobil dasturini ishga tushirishini ham ma’lum qilgandi. GPS texnologiyasi vositasida ishlaydigan mobil dastur sayyohlarga o‘z yaqinidagi oziq-ovqat do‘konlari, mehmonxona va boshqa ob’ektlarni ko‘rsatishi lozim edi. Ammo, bunday qurilma ishga tushgani haqida hozircha ma’lumot yo‘q.
Shuningdek, yig‘ilishda berilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakat turizm salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan 150ga yaqin chora-tadbir amalga oshirilgan.
Bulardan asosiysi viza rejimiga oid: qo‘shimcha tarzda 9 mamlakat fuqarolari uchun vizasiz rejim tadbiq etilgan, elektron viza tizimi ishga tushirilgan va xorij fuqarolarini ro‘yxatga olish jarayoni elektron formatga o‘tkazilgan.
Turizm infratuzilmasini yaxshilash uchun esa 142 ta mehmonxona qurilgan, 234 yangi turoperator ish boshlagan.
Aytilishicha, 2018 yilda O‘zbekistonga 5 million sayyoh borgan, bu esa 2017 yilgiga nisbatan ikki barobarga ko‘pdir.