Линклар

Шошилинч хабар
21 январ 2020, Тошкент вақти: 07:59

Namanganda erini o‘ldirib kanalga oqizganlikda gumonlanib xotini va uning o‘ynashi qidirilmoqda


Suratning Namangandagi voqeaga aloqasi yo‘q.

Namangan viloyat, Chortoq tumanidagi Bog‘iston qishlog‘ida yashagan 31 yashar yigitning jasadi To‘raqo‘rg‘on tumanidan o‘tuvchi kanaldan topildi.

Voqea guvohlarining iddaosicha, yigitni uning xotini va xotinining o‘ynashi bolta bilan chopib o‘ldirib, kanalga tashlab yuborgan.

Chortoq tuman ichki ishlar bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, qotillikda gumon qilinayotgan shaxslar qochib ketgan va ularga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.

Chortoq tumanining Bog‘iston qishlog‘idagi Uzun mahallasida yashagan 31 yashar D.K.ning ko‘rpacha va sellofanga o‘ralgan jasadi, o‘tgan haftada To‘raqo‘rg‘on tumanidan o‘tuvchi kanaldan topilgan.

Marhumning voqeadan xabardor ismi sir qolishini so‘ragan yaqinlaridan birining Ozodlikka aytishicha, jasad hali topilmasdan yigitning xotini ikki bolasi bilan g‘oyib bo‘lgan:

“Rahmatli qarindoshimiz D. Rossiyaga borib ishlab kelardi. U ketayotganida o‘zidan 6 yosh kichik amakivachchasi, Oqterak mahallasida yashaydigan 30 yashar V.ga kelinayangga men yo‘g‘imda yordam berib turasan, biror joyga boradigan bo‘lsa moshinada olib borasan, bozor-o‘charini qilib berasan deb, tayinlab ketgan ekan. Aytishlaricha, amakivachcha bilan kelin N.K. don olishib qolgan. D. o‘zi sal bezoriroq, ko‘p ichadigan bola edi. Janjal unga xotini haqida yetkazilgan uzunquloq gaplar ortidan kelib chiqqan”.

Uning aytishicha, o‘sha kuni D.ning oilasida qattiq janjal bo‘lgan:

“D. ichib olib seni ham, o‘ynashingni ham so‘yaman, degan. Onasi qo‘lidan pichoqni tortib olaman deganda, uning qo‘lini ham kesib yuborgan. Kelin uydan qochib to‘g‘ri V.ning uyiga borib, "u sizni o‘ldiradi, qoching" degan paytda eri orqadan yetib kelgan. D.ni insofga keltirish uchun uning amakisi, V.ning otasi ham janjalga aralashgan. D. amakisini ham urayotganda V. bolta bilan uning boshiga urib o‘ldirgan”, dedi marhumning qarindoshi.

Bog‘iston qishlog‘i mahalla faollaridan birining Ozodlikka aytishicha, D.ning jasadi Go‘zal dahasidagi kanalga tashlab yuborilgan:

“Jasad To‘raqo‘rg‘ongacha oqib borgan. Uni avval ko‘rpachaga, undan so‘ng tsellofanga o‘rab kanalga tashlab yuborishgan ekan. Jasadni ko‘rgan militsiya xodimining aytishicha, uning bir ko‘zi shishib ketgan, peshonasi yorilgan, miyaning orqasida bolta bilan urilgan chuqur iz bor. Jasad sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazildi”.

To‘raqo‘rg‘on tuman ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi qotillikda gumonlanayotgan V.K. va N.K.lar qochib ketganligini va ular qidiruvga berilganini Ozodlikka aytdi.

To‘raqo‘rg‘on tuman prokuraturasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi bu voqea yuzasidan tergov olib borilayotganini tasdiqladi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati bu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida Ozodlikka xabar berdi:

"Ushbu holat yuzasidan 25.01.19 y.da Chortoq tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 97- moddasi, 2- qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda".

XS
SM
MD
LG