Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:40

Crafers qandolat fabrikasi ishchilari Konstitutsiya va madhiya bo‘yicha imtihon qilindi


2018 yilning 26 oktabrida qandolat fabrikasini borib ko‘rgan prezident Shavkat Mirziyoev 850 kishi uchun ish o‘rni yaratilgani olqishlagan edi
2018 yilning 26 oktabrida qandolat fabrikasini borib ko‘rgan prezident Shavkat Mirziyoev 850 kishi uchun ish o‘rni yaratilgani olqishlagan edi

Toshkentdagi Crafers qandolat fabrikasi ishchilari O‘zbekiston Konstitutsiyasi va tarixi bo‘yicha imtihondan o‘tkazildi. Bu haqda xabar qilgan ishchiga ko‘ra, imtihondan o‘tolmaganlar ishdan haydalish xavfi qarshisida qolgan.

Ozodlikka bu haqda shikoyat qilgan qandolat fabrikasi ishchisiga ko‘ra, attestatsiya payti har bir ishchiga 15 savol berilgan, savollarning aksari O‘zbekiston Konstitutsiyasi, madhiyasi va bayrog‘i haqida bo‘lgan.

Qandolat fabrikasi vakili Ozodlik bilan suhbatda ishchilar attestatsiyadan o‘tkazilayotganini tasdiqladi.

Crafers qandolat fabrikasi ishchisi (bu ishchi va uning hamkasblari ishdan haydalishidan qo‘rqib ismlari oshkor qilinmasligini o‘tindi) o‘zi va hamkasblari ish faoliyatiga aloqasi bo‘lmagan savollar bilan attestatsiya qilinganliklari haqida Ozodlikka shikoyat qildi.

“Savollardan bir yo ikkisi ish faoliyatimizga bog‘liq, ular ham kulgili.“Bir kilo karamel upakovkasida qancha shokolad bor yoki bir yashchikda qancha quti shokolad bor?” Men vaflida ishlayman, qayoqdan bilaman nechta shokolad bo‘lishini. Boshqa savollar: Konstitutsiya, madhiya, bayroq qachon qabul qilingan? Milliy madhiyani ham yoddan ayttirishdi. Oddiy ishchilar shunday malakalanadimi?", - dedi fabrika ishchisi.

Imtihondan o‘tganlar ish joyida qolishi, o‘tolmaganlar esa, ishdan haydalishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.

“700ta ishchi attestatsiyadan o‘tkazilyapti. Ellikka ellik qisqartirish bo‘ladi, deb aytishdi. Masalan, saxarniy pechenye sexida 65 odam ishlasa 35 tasi imtihondan o‘tolmay ish bilan xayrlashyapti. Qandolatchi bo‘lish uchun tarix fakultetida o‘qish kerak bo‘lib qolyapti", - dedi Crafers qandolat fabrikasining yana bir ishchisi.

Qandolat fabrikasi vakili Ozodlik bilan suhbatda ishchilar attestatsiyadan o‘tkazilayotganini tasdiqladi, lekin bu haqda izoh berishdan bosh tortdi.

Korxonaning kadrlar bo‘limi mulozimi esa, "shunday imtihonning bo‘lgani yaxshi, xodimlar malakasiga yarasha saralanadi. Konstitutsiyani esa hamma bilishi kerak" - deb javob qildi.

Ozodlik suhbatlashgan korxona ishchisi esa, "Konstitutsiyani qandolat fabrikasi rahbarlari ham bilsa yaxshi bo‘lar edi", deya qo‘shimcha qildi.

"O‘zlari Konstitutsiyani bilsa, shu qonunga amal qilsa yaxshi bo‘lar edi. Chunki shu qonundagi mehnat normalariga amal qilinmasdan bizni 900 ming so‘mlik maosh uchun 8 soat o‘rniga kuniga 12 soatlab tikka turg‘izib ishlatishyapti", - dedi ishchi.

O‘tgan oy qandolat fabrikasi ishchilari belgilab qo‘yilgan vaqtdan ortiqcha ishlatilayotganliklari haqida Ozodlikka shikoyat qilgan edi.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi mulozimiga ko‘ra¸ Crafers qandolat fabrikasi ishchilari kasaba uyushmasiga a’zo bo‘lmagani bois, ularning huquqlarini himoya qilish imkoni cheklangan.

Toshkent shahridagi sobiq “Lak-bo‘yoq” zavodi o‘rnida tashkil etilgan “Amilov” fabrikasi (keyinchalik fabrika nomi Crafers deya o‘zgartirildi) 2018 yilning 5 oktabrda ishga tushirilgan edi. 2018 yilning 26 oktabrida ayni fabrikani borib ko‘rgan prezident Shavkat Mirziyoev 850 kishi uchun ish o‘rni yaratilganini olqishlagan edi.

Rasmiy matbuotda yozilishicha¸ 32 gektarlik hududda joylashgan korxona yiliga 50 ming tonnaga yaqin qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega.

XS
SM
MD
LG