Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 07:08

Beshariqda dehqonning 5 ga kirgan 554 ta mevali daraxti kesib tashlandi


Beshariq tumanida kesib tashlangan besh yillik mevali daraxtlar
Beshariq tumanida kesib tashlangan besh yillik mevali daraxtlar

Farg‘ona viloyat, Beshariq tuman, Yangiqo‘rg‘on MFYda yashaydigan 32 yashar Sharifjon Omonovning tashlandiq yerda barpo qilgan bog‘i 22 yanvar kuni deyarli yo‘q qilindi.

Shartnoma asosida zovur bo‘yidagi tashlandiq yerga mingdan ortiq mevali daraxt ekib bog‘ yaratgan 12 kishidan iborat oila besh yillik mehnatiga kuydi.

Bog‘ egasi - fermerning iddao qilishicha, qo‘shni fermer xo‘jaligi rahbari uning bog‘ini tuman hokimining buyrug‘i bilan kestirib tashlagan. Tuman hokimi fikricha, bu ikki yuridik shaxs o‘rtasidagi janjal xolos.

Mevali bog‘ni yo‘q qilgan fermer bu ishni u yer unga tegishli ekanligi, shaftoliga sepiladigan kimyoviy dorilar uning tutlari bargiga ziyon yetkazgani bilan izohladi.

Beshariq tumanida kesib tashlangan besh yillik mevali daraxtlar
Beshariq tumanida kesib tashlangan besh yillik mevali daraxtlar

​Bir kunda besh yillik bog‘ yo‘q qilindi

​Beshariq tumanining Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida yashaydigan 32 yashar Sharifjon Omonov 2014 yilda “So‘x-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi” qoshidagi Meliorativ ekspeditsiya bilan tuzilgan shartnoma asosida bunyod etgan 70 sotix bog‘ining 554 tup mevaga kirgan daraxti 22 yanvar kuni kesib tashlandi.

Sharifjon Omonovning Ozodlikka aytishicha, 2018 yilda fermer bo‘lgan Iqbol Tojiev tuman hokimining buyrug‘i bilan daraxtlarga arra solgan:

- O‘tgan yil tumanda hokim o‘zgaryaptida, eski fermerni tugatib yangi fermerga yerni beryapti. Unga meni bog‘imni ham qo‘shib beryapti. Aslida u hokim tasarrufidagi yer emas, zovur yonida bo‘lgani uchun meliorativ ekspeditsiyaning yeri bu. Bu haqda shartnomam ham bor. O‘tgan yil fermer bizni boqqa kirgizmay qo‘ydi, meni, ayolimni, ota-onamni ham haqorat qilib, istagan joyingga bor, bu yerni hokim menga bergan, xohlaganingni qil degan, deyapti.

Hokimlik ham, ekspeditsiya ham bog‘ qonuniy ekanligini aytgan

Fermer uni o‘z bog‘iga kiritmaganidan so‘ng Sharifjon Omonov prezident virtual qabulxonasiga murojaat qilgan.

2018 yilning 19 may kuni Beshariq tuman hokimligi Tashkiliy nazorat guruhi rahbari D.O‘rinov bu shikoyat yuzasidan viloyat hokimi Sh.G‘anievga bergan javobida bog‘ yerining fermer xo‘jaligiga tegishli emasligi haqida ma’lumot bergan:

“O‘rganish davomida murojaatchi R. Omonov tomonidan ekilgan mevali daraxtlar yer maydoni haqiqatan ham zovur muhofaza maydoni bo‘lib, “Muharramxon Tojieva kelajagi” fermer xo‘jaligi foydalanishida emasligi aniqlandi”.

Meliorativ ekspeditsiya boshlig‘ining maktubi
Meliorativ ekspeditsiya boshlig‘ining maktubi

Ammo, bu xulosadan keyin ham Sharifjon Omonov o‘z bog‘iga kiritilmagan Meliorativ ekspeditsiyaga murojaat qilganini aytadi:

- 29 avgust kuni meliorativ ekspeditsiya boshlig‘i I.Mamajonovdan javob maktubi oldim. Unda “sizning arizangiz ekspeditsiya mutaxassislari tomonidan joyida o‘rganib chiqildi. Siz tomoningizdan so‘ralgan “KD-1” kollektori qirg‘oq bo‘yi mintaqasidagi yer maydonidan 2018 yilda shartnoma asosida foydalanishga ruxsat etiladi”, deb aytilgan. Lekin, fermer bog‘imizning birinchi yil hosilidan bizga yegizmay, hokimnikiga tashidi.

Meliorativ ekspeditsiya boshlig‘ining maktubi
Meliorativ ekspeditsiya boshlig‘ining maktubi

"Bolalarim chetga ketmasin, shu yerda ishlasin deb, bog‘ qilgan edim"

Sharifjon Omonovning otasi, 62 yashar Rasuljon Omonovning Ozodlikka aytishicha, oilasidagi 12 jon besh yil davomida shu yer uchun kechayu-kunduz ishlagan:

- Ana shu daraxtlarni kesib uvol qilishganidan keyin mazam qochib qoldi, o‘zimga kelolmayapman. Bu yer zovur yoqasida bo‘lgan, paxta maydoniga kirmaydi. Tashlandiq, o‘ydim-chuqur bir joy edi. Shuni zambarlarda tuproq tashib, qo‘l mehanti bilan er qildik. Oborib ekkanimizga besh yil bo‘lyapti, uyda danakdan chiqarib payvand qildik. Bollar chet elga chiqib ketmasin, o‘zimizda ishlasin degan maqsadda qilgan edik. O‘tgan yil hosilga kirdi, lekin fermer bizni urib, so‘kib borgizmay qo‘ydi. Agar biz qilmaganimizda hozirgacha o‘shanday yotardi, u yer. Endi ko‘chatlar hosilga kirganda egasi chiqib qoldi. Biz berishga rozi bo‘lmaganimizdan so‘ng, kesib tashladi. Uvol bo‘ldi, uvol.

Tasdiqlangan bog‘ xaritasi
Tasdiqlangan bog‘ xaritasi

"Pilla qurti boqmagani uchun bog‘ni kestirdim"

“Muharramxon Tojieva kelajagi” fermer xo‘jaligi rahbari Iqbol Tojiev Ozodlik bilan suhbatda 554 tup mevali daraxtni kestirib tashlaganini tasdiqlar ekan, bu yer unga tegishli ekanligini aytdi:

- 2018 yilning 30 mart kuni tugatilgan fermerning yerini menga qo‘shib berdi. 8 quti ipak qurti boqish kerak ekan. Bularga aytsam, boqmaymiz dedi. Keyin hokimning oldiga bordim. Hokim tutasan, dedi. Keyin 3 quti qurtimiz bular shaftoliga dori sepgani uchun o‘ldi. Shuning uchun ularni kiritmadim. Qaror mening qo‘limda, ularning qo‘lida hech narsa yo‘q. Ularning shartnomasini So‘x-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi bekor qilgan. U yerni haydatib, men paxta ekaman!

Tuman hokimi: "Mening bu ishga aloqam yo‘q!"

Beshariq tumani hokimi Rasuljon Jo‘raev Ozodlik bilan suhbatda fermer bilan bog‘bon o‘rtasidagi nizoga aloqasi yo‘qligini aytdi:

- Sharifjon menga murojaat qildi. Men unga aytdim, mabodo seni fuqarolik huquqing poymol bo‘layotgan bo‘lsa, fermer senga qarshi harakat qilayotgan bo‘lsa ma’muriy organlarga murojaat qil, qonuniy chorasini ko‘radi, deganman. Bu ikki yuridik shaxs o‘rtasidagi nizo. Melioratsiya boshqarmasi u bilan shartnomani noqonuniy qilgan. Men uning bog‘ini buzib tashla deb topshiriq bermaganman.

Sharifjon Omonov 31 yanvar kuni Toshkentda adolat istab turli xil idoralarning eshigini qoqib yurganini aytdi:

- Bizning tumanda korrupsiya juda rivojlangan. Hokimning aytgani aytgan, degani degan bo‘ladi. Hozir Bosh vazirga ariza topshirdim, Bosh prokuraturaga shikoyat qildim. Prezidentimiz bog‘dorchilikni rivojlantirish haqida ko‘p yaxshi gaplar aytgan. Mening esa mevaga kirgan 554 tup mevali daraxtimni kesib tashlashdi. Bunga kimdir javob berishi kerak!

XS
SM
MD
LG