Линклар

Шошилинч хабар
18 январ 2020, Тошкент вақти: 08:03

Ayrim "davlat sirlari"ni jamoatchilikka oshkor etishga ruxsat berildi


Oltin valyuta-zaxiralarining yillik hajmlari ham O‘zbekistonda sir saqlanar edi.

O‘zbekiston hukumati bundan avval davlat siri hisoblangan ba’zi ma’lumotlarni e’lon qilishga ruxsat berdi.

Adliya vazirligining Telegram'dagi kanalida xabar berilishicha, bu borada Vazirlar Mahkamasi 1 fevralda qaror qabul qilgan.

Qarorga muvofiq foydali qazilmalarning zaxira va resurslari, ularning qazib olish va sotish hajmlari, mablag‘larning taqsimlanish to‘g‘risidagi ma’lumotlar; Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, “Olmaliq KMK” AJ va “Navoiy KMK” DKning 2013 yildan boshlab milliy va xalqaro standartlar asosidagi moliyaviy hisobotlari; 2017 yil 1 yanvar holatigacha davlat oltin valyuta-zaxiralarining yillik hajmlari va ularning tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilish bo‘yicha cheklov olib tashlangan.

Bundan tashqari davlat va davlat tomonidan kafolatlangan (ichki va tashqi) qarzlarning umumiy hajmi, ularning manbalari, valyutalari, foiz stavkalari, so‘ndirish muddatlari, shuningdek qarzdor tashkilotlar kesimida o‘zlashtirilishi va qaytarilishi bo‘yicha ma’lumotlar ham jamoatchilikka oshkor etiladi.

Bundan avvalroq – 17 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoev mamlakatdagi oltin zaxirasi bilan bog‘liq ma’lumotlarni maxfiy ma’lumotlar sirasida chiqarish haqidagi qarorni imzolagan edi.

Qarorda mamlakatda ishlab chiqariladigan va sotiladigan oltin miqdorini maxfiylik rejimidan chiqarish bo‘yicha chora-tadbirlarni 1 oy ichida qabul qilish nazarda tutilgandi.

2018 yilning dekabr oyida Moliya vazirligi mamlakatda turli sohalarga oid qator ma’lumotlarni maxfiy ma’lumotlar sirasidan chiqarishni taklif qilgan va bu taklif jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi.

Markaziy bank 2018 yildan boshlab avval jamoatchilikdan sir tutilgan O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jamoatchilikka vaqti -vaqti bilan bildira boshlagan edi.

2018 yil oktabrda e’lon qilingan so‘nggi ma’lumotga qaraladigan bo‘lsa, O‘zbekistonning yalpi oltin-valyuta zaxirasi 26 milliard 400 million dollarni tashkil etdi. Biroq oltin zaxirasi aynan qancha ekani aytilmay kelinayotgan edi.

Toshkentda 2018 yil dekabr oyi oxirlarida o‘tgan matbuot anjumanida Bosh vaziri o‘rinbosari va Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov: “Hukumat barcha bloklarda, xususan iqtisodiyot bloki haqida gap ketganda, doimiy ravishda hamma ma’lumotlarni ochiq-oydin e’lon qilish tartibiga o‘tdi. O‘zbekistonda qancha oltin zaxirasi mavjudligi, o‘ylaymanki, yaqin haftalarda e’lon qilinadi. Chunki, u mamlakatning boyligi",- deb aytgandi.

XS
SM
MD
LG