Qashqadaryoda ko‘hna obida xarob va qarovsiz ahvolda qoldi. Eri tomonidan tinimsiz kaltaklangan ayol o‘z joniga qasd qildi. Armiyaga yuborish evaziga pora olgan mas’ullar ushlandi.
________________________________________________
Qashqadaryodagi qadimiy obida ta’miriga ajratilgan mablag‘ qaerga g‘oyib bo‘ldi?
Qarshi tumani Qovchin qishlog‘idagi o‘rta asrning mashhur faqih allomasi Shamsiddin Halvoniy mangu qo‘nim topgan qadimiy majmua xarob va qarovsiz ahvolda (“Jamiyat”, 1 fevral). XI-XII asrda tiklangan kulohi gumbazli majmua asl qiyofasini yo‘qotgan. Tabiat hodisalar va odamlarning e’tiborsizligi, qolaversa, termitlar hujumi viloyatdagi eng qadimiy majmuani achinarli ahvolga solib qo‘ygan. Xususan, 2017-2018 yillarda qabr bitiklari va sopol qoplamalarga jiddiy shikast yetgan. Holbuki, Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 1 noyabridagi qaroriga ko‘ra, Shamsiddin Halvoniy majmuasini ta’mirlash uchun davlat byudjetidan 100 ming AQSh dollari ajratilishi belgilangan. Qashqadaryo viloyat Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish mintaqaviy davlat inspeksiyasi boshlig‘i Jahongir Xalilovga ko‘ra, mablag‘ nega ajratilmagani borasida Madaniyat vazirligi va boshqa mutasaddilarga qayta-qayta murojaat qilingan, ammo biror natija chiqmagan.
Ikkinchi xotinga uylanmoqchi bo‘lgan erkak birinchi ayolini sovchilikka majburladi
O‘zbekistonda erining tahqir va kaltaklashlariga chidolmagan ayol o‘z joniga qasd qildi (“Huquq”, 7 fevral). Bu haqda bosh prokuratura alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi Hikmatilla Egamberdiev ma’lum qilgan. Ismi oshkor etilmagan erkak ikki farzand tug‘ib bergan rafiqasi bilan janjallashib, uni kaltaklash, haqoratlashni odat qilgan. So‘ng u qo‘shxotinlikni, ya’ni bir xonadonda ikki ayol bilan yashashni ixtiyor qilgan. Ammo bunga rafiqasi qarshilik qilgan. Bundan battar quturib ketgan erkak ayolini yanada ko‘proq kaltaklay boshlagan. Vaziyat shu darajaga borib yetganki, mast holda uyiga qaytgan er ayolini bo‘lajak kundoshinikiga sovchilikka borishga majburlagan. Kaltaklar va tahqirlarga chiday olmagan ayol uyi darvozaxonasida o‘zini osgan. Ayolini o‘z joniga qasd qilishiga sababchi bo‘lgan erga sud tomonidan tegishli jazo tayinlangani aytilgan. Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.
Andijonda armiyaga yuborish evaziga pora olgan mas’ullar ushlandi
Andijon viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi doimiy chaqiruv komissiyasi mas’ullari pora bilan ushlandi. Bu haqda “Darakchi” nashri xabar beradi. Doimiy chaqiruv komissiyasi katta shifokorlari Qodirov hamda Isroilova ikki nafar yigitdan 600 dollardan pora talab qilgan. Buning evaziga esa yigitlarni tibbiy ko‘rikda harbiy xizmatga yaroqli deb topish va shu orqali harbiy xizmatga yuborishni hal etish va’da qilingan. Ikki mas’ul jinoyat ustida ushlangan. Xabar qilinishicha, prokuratura ularga nisbatan ochilgan jinoiy ishni tergov qilmoqda. Avvalroq Sirdaryo viloyati Sardoba tumani mudofaa ishlari bo‘limi bo‘linma boshlig‘i Onarboy Shomurodov va nozir Odil Po‘latov chaqiruv muddatini uzaytirish evaziga harbiy xizmat yoshidagi yigitdan pora olayotganda ushlangani xabar qilingan edi.