Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:07

Toshkent markazidagi 130 yillik uylar buziladigan bo‘ldi


Toshkentliklar orasida "Polkushka" deb ataladigan shahar markazidagi eski uylarni buzishga hozirlik ko‘rilmoqda.

Qator nashrlarning xabar qilishicha, shahar markazidagi "Lolazor" mahallasida joylashgan ayrim uylar 1891 yilda qurilgan va ularda yashayotgan aholi uyining buzilishidan norozi.

Holatni maxsus o‘rgangan Gazeta.uz nashrining yozishicha, shu yilning 2 fevral oqshomida Shahrisabz ko‘chasida bu hududdagi uylarning buzilishi haqidagi e’lon paydo bo‘lgan.

Aholining aytishicha, bu hududda zamonaviy ko‘p qavatli uylar qurishini aytgan "Muhandis-Konsulting" xususiy shirkati vakillari aholiga yangi uylardan kvartira berishni va’da qilmoqda.

Ammo, nashr muxbiri gaplashgan toshkentliklar, 1966 yildagi zilzilani ham ko‘targan bu uylarni yangi uylarga almashishga qarshi ekanini aytmoqdalar.

Ayni paytda, Gazeta.uz nashriga ko‘ra, 3 fevral kuni mahalla ahli bilan uchrashgan quruvchi shirkat vakillari uylarni buzish uchun hokimiyatdan berilgan ruxsatnomani taqdim eta olmagan.

"Bu uchastkadagi uylar 2025 yilgacha baribir buziladi. Bu uylar avariya holatida, ma’nan eskirgan turar-joy fondiga kiritilgan. Agar xususiy firmalar qilmasa, oxir-oqibatda davlatning o‘zi bu uylarni buzadi. Ayni paytda, bu hududdagi 1 kvadrat metr maydon uchun taklif qilingan narx 250 dollarni tashkil qiladi", deya iqtibos keltiradi nashr, quruvchi shirkatga yaqin ekani aytilgan manbadan.

Fergana.agency nashrining yozishicha, Toshkent markazidagi Shahrisabz, Mirobod, Fidokor va Oybek ko‘chalari kesishgan hududda joylashgan "Lolazor" mahallasidagi uylar 1891 yilda qurilgan. Ular 1917 yilgi inqilobga qadar 1 qavatli bo‘lgan, so‘ngra ikkinchi qavati ulangan.

O‘z davrida bu uylar Chor Rossiyasi askarlari uchun otxona, kazarma; Ikkinchi jahon urushi davrida esa evakuatsiya qilinib, Toshkentga olib kelingan odamlar uchun boshpana vazifasini o‘tagan.

Muhimi, yashovchilar bu hududdagi eski binolar ostida bombadan saqlanadigan o‘ta mustahkam yerto‘lalar borligi, ulardan 2 tasi hanuz ochilmaganini aytib keladilar.

Tarixiy merosni saqlash bo‘yicha ekspert Yens Yordanning Gazeta.uz nashriga aytishicha, "Lolazor" mahallasidagi kabi 3 uydan iborat ansambllar sovet zamonida arxitektura yodgorliklari sirasiga kiritilgan edi.

"Mustaqillikka erishilgach, barcha ko‘p kvartirali turar-joy binolari bu ro‘yxatdan chiqarildi. O‘zbekistonda tarixiy binolarning saqlanishiga oid eng katta muammo - mana shudir", deydi ekspert ushbu nashrga.

Ayni paytda, mavzuni yoritayotgan nashrlar "Muhandis-Konsulting" xususiy shirkatining 2016 yil 21 sentabrda 6 million so‘mlik ustav kapitali bilan tuzilgani, faoliyatining asosiy yo‘nalishi esa "Maxsus magazinlarda mayda metal buyumlar, lak-buyoq va shisha buyumlari chakana savdosi" ekaniga e’tiborni tortmoqdalar.

O‘tgan yilning 23 dekabrida Bosh vazir Abdulla Aripov, tez orada Toshkent shahridagi barcha eskirgan va xaroba turar-joy binolari to‘liq buzilib, o‘rniga ko‘p qavatli qulay turar-joy binolari qurilishini bildirgan edi.

O‘shanda Aripov Toshkentning Sergeli tumanida qurilgan yangi ko‘p qavatli uylarni ko‘zdan kechirgan prezident Mirziyoev shahardagi eskirib ketgan uylarning barchasini buzib, o‘rnida qulay ko‘p qavatli turar-joy binolari qurishni vazifasini topshirganini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG