Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:00

IIB xodimlari: Prezident ogohlantiruvidan keyin Andijonda jinoyatni ro‘yxatga olish qiyinlashdi!


Prezident Shavkat Mirziyoev 2019 yilning 10 yanvar kunini asosan mamlakat ichki ishlar tizimidagi ahvolni o‘rganish va muhokama qilishga bag‘ishladi.
Prezident Shavkat Mirziyoev 2019 yilning 10 yanvar kunini asosan mamlakat ichki ishlar tizimidagi ahvolni o‘rganish va muhokama qilishga bag‘ishladi.

Prezident Shavkat Mirziyoev 10 yanvar kungi selektor yig‘inida ichki ishlar tizimi rahbarlariga mamlakatdagi jinoyatlarni ochish darajasini oshirish¸ jinoyatchilikni jilovlash va jinoyat sonini kamaytirish haqida buyruq berdi. Buning ortidan Andijon viloyat ichki ishlar tizimida mas’ul lavozimda ishlovchi mulozimlar iddaosicha¸ jinoyatlar¸ xususan¸ mayda jinoyatlarni ro‘yxatga olish nihoyatda qiyinlashgan.

Ozodlik bilan shaxsi sir qolishini so‘rab gaplashgan viloyat IIBning bir-biridan mustaqil joriy mulozimlari¸ viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Sobirov “sodir etilgan har bir jinoyatni faqat o‘z roziligi bilangina ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy qilgan”ini iddao qildi.

IIB mulozimlari¸ Sobirov bu ishni prezidentga 2019 yilning birinchi choragida jinoyatchilik kamaydi deb hisobot berish maqsadida qilayotganini ta’kidladi.

Ozodlik bu iddaolarga IIV matbuot xizmati va Andijon viloyat boshqarmasidan munosabat ola olmadi.

Prezidentga maktub

Andijon viloyat ichki ishlar tizimida ishlovchi mulozimlardan biri¸ shaxsini ochiqlamasdan prezident Shavkat Mirziyoevga yozgan maktubi nusxasini Ozodlikka yubordi.

Andijon IIBsida ishlovchi ismi ochiqlanmagan mulozim prezident Shavkat Mirziyoevga yozgan 5 sahifalik maktubi nusxasini Ozodlikka yubordi.
Andijon IIBsida ishlovchi ismi ochiqlanmagan mulozim prezident Shavkat Mirziyoevga yozgan 5 sahifalik maktubi nusxasini Ozodlikka yubordi.

“Haqiqat hammaga yoqadi¸ lekin haqiqatni aytgan odam hech kimga yoqmaydi”¸ degan bu mulozim¸ “bola-chaqa boqish uchun hali ham tizimda ishlashi kerakligi bois¸ shaxsini ko‘rsatishga botinmaganini ta’kidlaydi.

Besh sahifalik prezidentga murojaatdagi asosiy e’tiroz¸ Andijon viloyat IIB boshlig‘i¸ polkovnik Shuhrat Sobirovning jinoyatni ro‘yxatga olish tizimida boshlagan o‘zgarishi bilan bog‘liq.

“Agar birorta tumanda jinoyat sodir etilib¸ (qotillikdan tashqari¸ odam o‘lmasa bo‘ldi) buyruq talabi asosida viloyat IIB Navbatchilik qismiga tuman Ichki ishlar bo‘limi Navbatchisi sodir etilgan jinoyat haqida aytsa¸ Navbatchilik qismini aytadigan gapi aniq: boshlig‘ingiz boshliqqa axborot berib qo‘ysa¸ keyin olaman¸ deydi. Tuman IIB boshlig‘i Sobirov janoblariga axborot bergudek bo‘lsa¸ shaxsiyatiga tegadigan gaplarni eshitib¸ ish faoliyatini o‘rganish uchun maxsus guruh jo‘natiladi¸ yoki bo‘lmasa “bir joyingga tiqib ol” degan gaplarni eshitadi. Jinoyatni ro‘yxatdan o‘tkazish¸ fuqaro murojaatini qonuniy hal qilish janob Shuhrat O‘rinboevichning vijdoniga havola bo‘lib qoldi”¸ - deyiladi Ozodlikka yuborilgan maktubda.

Andijon IIBsida xizmat qilayotgan bu mulozim ta’kidicha¸ prezident qarorini ijro etish iddaosi bilan ichki ishlar tizimi mutasaddilari ishdan ketishdan qo‘rqib jinoyatni yashirishga o‘tgan va 2019 yil yanvar-fevral oylarida ro‘yxatga olingan jinoyatchilik statistikasi keskin qisqargan.

“Yanvar oyidagi selektordan keyin Andijonda jinoyatchilik 40 foizga kamaydi¸ deb hisobot tayyorlashdi. Aslida¸ o‘lim bilan bog‘liq bo‘lmagan¸ ayniqsa¸ mayda jinoyatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘xtadi”¸ - deb iddao qiladi Andijon IIB tizimi mulozimlaridan biri.

Ozodlik bilan suhbatda bu mulozim¸ Andijon viloyati¸ xususan¸ o‘zi ishlayotgan hududda aynan qaysi jinoyatlarning ro‘yxatdan o‘tkazilmaganiga oid savolga “oshkor bo‘lishdan qo‘rqib” aniq javob berishni istamadi.

Andijon ichki ishlar tizimida ishlovchi boshqa mulozim ham viloyatda jinoyatchilik statistikasini kamaytirish maqsadida mayda jinoyatlarni ro‘yxatga olmaslik jarayoni mavjudligini tasdiqladi.

“Bu og‘zaki buyruq asosida bo‘layapti. Ubiystva, narkotiklar, ugon, bosqinchilikdan tashqari hammasini ro‘yxatdan o‘tkazmaslik aytilgan. Lekin holatiga qarab - jinoyat og‘ir, o‘ta og‘ir bo‘lsa iloj yo‘q. Yoki jabrlanuvchi chora ko‘rasan deb turib olsa¸ o‘tkazadi¸ majbur. Boshqa jinoyatlar¸ masalan¸ zo‘rlash¸ birovning uyiga o‘g‘rilikka tushish kabi holatlarda “yarashuv bo‘ladi”¸ “yarashtirilganlar ustida yaxshilab ishlanadi”¸ - deydi Ozodlik gaplashgan Andijon ichki ishlar tizimidagi zobitlaridan yana biri.

Andijon ichki ishlar tizimiga yaqin yana bir mahalliy mulozim¸ bu jarayonning borayotganini tasdiqlab¸ shaharning 23-maktabi 5-sinf o‘quvchisining o‘z uyida osilgan holda topilgani¸ 11-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Aloqa kollejining 3-kurs talabasini pichoqlab qo‘yganining rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilmaganini iddao qildi.

Ozodlik bu jinoyatlar sodir bo‘lgani va ularning Andijon ichki ishlar tizimida ro‘yxatdan o‘tgan-o‘tmaganiga hozircha aniqlik kirita olmaydi.

Andijon viloyati va shahri ichki ishlar tizimining Ozodlik bog‘langan navbatchilari bunday ma’lumotning matbuotga berilmasligini bildirdi.

Ayni paytda¸ O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri qabulxonasi rasmiylari Andijonda jinoyatni ro‘yxatdan o‘tkazishning qiyinlashganiga oid iddaolarga ham javob berishni istamadi. Vazirlik matbuot xizmati telefon raqamiga esa¸ kunlar davomida hech kim javob bermadi.

Prezident buyrug‘i

10 yanvar kuni ichki ishlar tizimi faoliyatiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoev 2018 yilda 3734 ta jinoyatning ochilmay qolganini qayta-qayta ta’kidlab¸ tizim rahbarlariga bu ko‘rsatkichni zudlik bilan yaxshilashni talab qilgan edi.

Yig‘inning Ozodlikka yuborilgan qariyb ikki soatlik audioyozuvida Shavkat Mirziyoev IIV rahbarlariga qarata:

- 3000 dan ko‘p jinoyat ochilmaganiga yo olti oyda manga hisobotini berasan¸ yo ikkoving ham ishdan ketasan – jinoyat ochilmadimi – javob berasan¸ - deydi jumladan.

10 yanvar kungi majlisda prezident Andijondagi jinoyatchilik statistikasiga alohida to‘xtalib¸ viloyat rahbarlari¸ xususan¸ IIB boshlig‘iga ogohlantirish bergan edi.

Andijonning barcha tumanlarida og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar soni oshgani¸ xususan¸ 7 tumanda qotilliklar ¸ yana 7 tumanda og‘ir tan jarohati yetkazish ko‘payganini alohida ta’kidlagan Mirziyoev:

- Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Sobirov¸ viloyat prokurori Qodirov va Milliy gvardiya okrug rahbari Sheraliev [larni] birinchi chorak yakunida o‘zgarish qilmagan taqdirda¸ qat’iy chora ko‘rish to‘g‘risida ogohlantiraman.

Andijon ichki ishlar tizimida ishlovchi mulozimlar Ozodlik bilan suhbatda viloyat rahbarlari¸ xususan¸ jinoyatchilikni qayd etib boruvchi birlamchi idora sanalgan ichki ishlar bo‘limlarida jinoyatni ro‘yxatdan o‘tkazishning qiyinlashganinini bevosita ana shu ogohlantiruv bilan bog‘laydi.

“Bular o‘z amalini saqlab qolish - prezidentga yolg‘on hisobot berish uchun jinoyatchilikni ro‘yxatdan o‘tkazmaslik tizimini yaratishdi. Bu ishning o‘zi jinoyatdir”¸ - deydi Ozodlik gaplashgan IIV mulozimlari.

10 yanvar kungi majlisda aytilganlardan¸ bu ishning jinoyat ekanini prezident ham yaxshi biladi.

“Xohlasak 10 foiz¸ xohlamasak 35 foiz deb yozaverardik (jinoyatlar soni nazarda tutilmoqda – tahr.) kimga qanday yoqsa¸ shunday o‘qiyverardi. U zamon o‘tib bo‘ldi. Faqat kompyuter tizimiga kiritiladi endi. Kim agar kompyuterdagi yangi tizimga kiritmasa¸ u jinoyatchi o‘zi; rahbar bo‘lib u yerga bermasa¸ jinoyatchi u”¸ deydi Ozodlikka yuborilgan audioyozuvda prezident Mirziyoev.

XS
SM
MD
LG