Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2019, Тошкент вақти: 20:31

Toshkentda "davlatga 800 milliard so‘m ziyon yetkazgan" 23 tadbirkor ustidan sud boshlandi


O‘zbek metallurgiya kombinati

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida Bekoboddagi "O‘zbekiston Metallurgiya kombinati" ("O‘zmetkombinat") Aksionerlik jamiyati bilan hamkorlik qilgan shirkatlar egalari va xodimlari ustidan 14 fevral kuni sud jarayoni boshlangani Ozodlikka bugun ma’lum bo‘ldi.

Tergov ishlaridan xabardor O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mas’ul xodimining Ozodlikka 21 fevral kuni norasmiy ma’lum qilishicha, 23 shaxs salkam bir million dollar miqdorida "iqtisodiy zarar" yetkazishda ayblanmoqda.

Ayblanuvchilar yaqinlarining iddao qilishicha, tergov paytida sudlanuvchilarning aksariga ruhiy bosimlar qo‘llanilgan, ba’zilari esa qiynoqlarga solingan.

"Iqtisodiy zarar"

Ozodlikka yetib kelgan tergov xulosalaridan ma’lum bo‘lishicha, 23 nafar sudlanuvchining hammasi O‘zbekiston JKning 167- (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish) va 209- (Mansab soxtakorligi) moddalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlanmoqda.

5 ayol va 18 erkakning barchasi "davlat va jamiyatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga" taxminan 800 milliard so‘m (salkam bir million AQSh dollari) miqdorida "iqtisodiy zarar" yetkazishda ayblanmoqda.

Ozodlik 2017 yilning oktabrida "49ta tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi" shirkatlarning 80 nafarga yaqin egalari va xodimlari hibsga olingani haqida xabar bergandi.

2017 yil iyul oyida O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining qariyb yigirma nafar xodimi Bekoboddagi metallurgiya kombinatida ikki oy davomida kompleks tekshiruv o‘tkazgani ortidan bir necha amaldor ishdan bo‘shatilgan edi.

49 shirkat egalari va xodimlari ustidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari mazkur tekshiruvlarga borib taqaladi.

Bosh prokuratura mas’ul xodimining Ozodlikka norasmiy bildirishicha, qamoqqa olingan shaxslar yuritgan shirkatlar "O‘zmetkombinat" rahbariyati bilan kelishib, kombinatga shartnoma asosida boshqa yuridik shaxslar nomidan metallolom topshirganlar va "qayta ishlangan metallolomni "qonunga xilof ravishda" sotganlar.

Biroq, tergov ishiga aloqador prokuratura xodimining ma’lum qilishicha, tergov jarayonida dastlab qamoqqa olingan 80 nafarga yaqin gumonlanuvchining aksari "jinoyat alomati bo‘lmagani uchun" keyinchalik qo‘yib yuborilgan.

Sudga tortilgan 23 nafardan olti nafari hamon hibsda ushlab turilibdi, qolgan 16 nafari o‘z yashash manzilini tark etmaslik va tergov bilan hamkorlik qilish sharti bilan ochiqqa chiqarilgan va yana bir nafar gumonlanuvchi qidiruvga berilgan.

"Qiynoq da’volari"

Ayblanuvchilar huquqlarini himoya qilayotgan ba’zi advokatlarning da’vo qilishlaricha, tergov jarayoni jinoyat-protsessual qonuni normalariga xilof ravishda olib borilgan.

"2017 yil kuzida jinoyat ishi qo‘zg‘atilar ekan, gumonlanuvchilar yoniga taxminan 25 kun davomida advokatlar kiritilmadi. Birorta gumonlanuvchi o‘z advokatini ko‘ra olmadi bu muddat ichida. Bu qonunga xilofdir", - dedi ismi sir qolishini so‘ragan advokatlardan biri.

Sudlanuvchilardan biri, 61 yashar Bahodir Halilov yaqinlarining 21 fevral kuni Ozodlik bilan muloqot chog‘ida da’vo qilishicha, Halilov tergovning dastlabki kunlarida qiynoqqa tutilgan.

Yaqinlariga ko‘ra, hibsga olingach Bahodir Halilov va yana ikki gumonlanuvchi - Baxtiyor Nishonov va Odil Sattorov tergovning dastlabki kunlari Toshkent shahar ichki ishlar izolyatorida 15 kun ushlab turilgan va Bahodir Halilovning qo‘li aynan o‘sha yerda singan.

"Toshkent shahar IIVsi izolyatori uriladigan-suriladigan joy hisoblanadi. U yerda gumonlanuvchilarni saqlash uchun sharoit yo‘q. Ana o‘sha yerdan Bahodir akaning qo‘li sinib chiqqan. U bizga aynan o‘sha joyda qiynoqlarga solingani va qo‘li singanini aytib berdi",- dedi Bahodir Halilovning yaqinlaridan biri 21 fevral kuni Ozodlikka.

Ammo, Ozodlikda mazkur iddaolarni tekshirishning imkoni yo‘q.

Sud jarayoni bir necha oy davom etishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG