Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2019, Тошкент вақти: 17:09

Maykl Koen Kongressda Donald Trampga qarshi ko‘rsatma berdi


Koen Kongressga ko‘rsatma berish arafasida.

Koen: Mister Tramp irqchi, tovlamachi va yolg‘onchi

Uzoq yillar AQSh prezidenti Donald Trampning shaxsiy advokati bo‘lgan Maykl Koen 27 fevral kuni Kongressning Nazorat va islohot qo‘mitasiga bergan ko‘rsatmasida prezidentni “irqchi, tovalamachi va yolg‘onchi”, deb atadi.

-Men mister Trampning noqonuniy harakatlarini yashirishda ishtirok etganimdan va vijdonimga quloq solmaganimdan uyalaman. Uyalganimning sababi, men mister Trampning kimligini yaxshi bilaman. U irqchi, U tovlamachi. U yolg‘onchi,-dedi Koen.

Kongress Tramp 2016 yildagi saylovoldi targ‘iboti paytida Rossiya bilan qanday aloqada bo‘lganini bilishni istaydi. Shu maqsadda u boshqalar qatorida Koenni ham ko‘rsatma berishga chaqirgan.

"Tramp saylov paytida ham Moskva bilan muzokaralar olib borgan"

Maykl Koenning aytishicha, Tramp saylovoldi kunlarida Moskvada osmono‘par bino qurish yuzasidan muzokaralarni olib borgan, bu ishni boshqargan, lekin AQSh xalqiga keyinchalik bu haqda yolg‘on gapirib, Moskva bilan hech qanday aloqada bo‘lmaganini bildirgan.

-Men avval mister Tramp Rossiyada “Moskva minorasi”ni qurish bo‘yicha muzokaralarni 2016 yilning yanvarida to‘xtatgan, deb yolg‘on ko‘rsatma berganman. Aslida saylovoldi kampaniyasi paytida ham muzokaralar bir necha oy davom etgan,- dedi Koen.

Sobiq advokatning aytishicha, Tramp saylov arafasida o‘zi o‘qigan maktab, kollej, universitetga xat yozib, uning imtixon baholarini oshkor etgan odamlar katta ko‘ngilsizliklarga duchor bo‘lishi haqida tahdid qilgan. Koen Trampga o‘n yilga yaqin advokat bo‘lib ishlagan yillarida, undan yuzlab odamlar va tashkilotlarni qo‘rqitishga hamda tahdid qilishga ko‘rsatma olganini ham aytdi.

Koenga ko‘ra, Tramp prezident Barak Obama va afroamerikaliklar to‘g‘risida ham haqoratli gaplarni aytgan.

Tramp: Koen halol yurist emas

Koen Kongressga ko‘rsatma berayotgan paytda Tramp Vyetnamda Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bilan uchrashayotgan edi. U o‘z munosabatini Tviter sahifasida yozib qoldirdi.

“Koen men bilan ishlagan yuristlardan biri xolos. U yolg‘onchiligi va ko‘zbo‘yamachiligi uchun Oliy sud tomonidan advokatlik maqomidan ajratilgan. U Trampga qarshi ko‘p harakatlarni qildi. U qamoq muddatini qisqartirish uchungina yolg‘on gapirayapti. U halol yurist emas”,-deb yozdi Tramp.

52 yoshli Maykl Koen o‘tgan yilning 12 dekabrida soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda va saylov kampaniyasini moliyalash to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda ayblanib uch yilga qamalgan edi. U o‘z aybini tan olgan.

Kongressmenlar nima dedi?

Kongressdagi tinglovda respublikachti Jim Jordan Koenni yolg‘onchilikda aybladi.

-Demokratlar sizdan foydalanishayapti xolos, mister Koen. Bugun siz ularning qo‘g‘irchog‘isiz. Ular prezidentni lavozimidan chetlashtirish uchun nimadir aytishi mumkin bo‘lgan odamlarni izlashayapti,-deb aytdi.

Kongressning Nazorat va islohot qo‘mitasi raisi Elayja Kammings esa:

-Xonimlar va janoblar, biz haqiqatni bilmoqchimiz. AQSh prezidenti Donald Tramp ko‘p bayonotlarni berdi. Endi amerikaliklarning boshqa tarafni ham eshitishga haqqi bor. Ular Koenning ko‘rsatmalarini tinglab, o‘zlari xulosa chiqarishadi, -deb bildirdi.

Maxsus prokuror Robert Myuller tergovi

Trampning 2016 yildagi saylov kampaniyasi paytida Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Hillari Klinton ustidan g‘alaba qozonish uchun Moskva bilan hamkorlik qilgani to‘g‘risidagi iddaolarni maxsus prokuror Robert Myuller tergov qilmoqda.

Tramp o‘zining saylov shtabi Moskva bilan hech qanday aloqada bo‘lmaganini bildirmoqda. Moskva ham bu iddaolarni rad etgan.

Ammo Myuller o‘tkazgan tergov oqibatida kamida 34 kishi va 3 ta tashkilot aybiga iqror bo‘ldi va sud hukmi bilan aybdor deb topildi.

Uotergeyt janjalidan 47 yil o‘tib...

Maykl Koenning Kongressga bergan ko‘rsatmasini, xususan, Trampning bungacha noma’lum bo‘lgan jihatlari va uning biznes imperiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “tarixiy voqea” sifatida sharhlayotganlar ham bor.

Bu ko‘rsatma 1970 yillardagi Uotergeyt janjalidan so‘ng prezidentga qarshi berilgan ko‘rsatmalarning eng shov-shuvlisi ekani aytilmoqda.

1973 yilda Oq uyning sobiq maslahatchisi Jon Din prezident Richard Nikson Uotergeyt ishi yuzasidan adolatli sudlov bo‘lishiga to‘sqinlik qilgani to‘g‘risida ko‘rsatma bergan edi. Oradan bir yil o‘tgach Nikson iste’fo berishga majbur bo‘lgan. Nikson AQSh tarixida iste’fo bergan birinchi prezident bo‘ldi.

1972 yil 17 iyunida Vashingtondagi “Uotergeyt” majmuasida joylashgan Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod shtabiga kirgan bir necha kishi hibsga olingandi. Ular shtabga eshitish moslamasini o‘rnatishga uringandilar.

Mazkur voqeani tadqiq etgan Washington Post gazetasi xodimlari Bob Vudvard va Karl Bernsteyn Demokratik partiya saylovoldi shtabiga kirgan kishilar Nikson ma’muriyati bilan bog‘liq odamlar bo‘lgan, degan xulosaga kelganlar.

XS
SM
MD
LG