Линклар

Шошилинч хабар
18 май 2021, Тошкент вақти: 09:42

Qotib uxlagan odamning miyasi o‘zini-o‘zi tozalaydi


Rochester universiteti xodimlari yaqinda o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, chuqur uyqu miyaning keraksiz moddalarni hamda zararli toksinlarni tozalash faoliyatini yaxshilay oladi.

Bundan avval o‘tkazilgan tadqiqotlar odatda kishi yoshi o‘tishi bilan uyqusi sayozlashib, beqarorlashib borishini ko‘rsatgan.

Rochester xodimlari anesteziya berilgan sichqonlarning uyqusini o‘rganib chiqqan. Xususan, ularning miyasidagi elektrik signallarni, yurak ishlashini hamda miyada tozalanish oqimini kuzatishgan.

Tajriba davomida ketamin va ksilazin kabi dorilar yordamida chuqur uyqu davomida kuzatiladigan yurak sekinroq urishi hamda miyaning elektrik faoliyati sekinlashib, barqarorlashishiga erishilgan.

Natijada sekin va barqaror ishlagan miya va yurak faoliyati glimfatik tizim uchun foydali ekanligi aniqlagan. Mazkur tizim miyaning o‘zini tozalash faoliyati uchun mas’uldir.

Uyqu bilan bog‘liq muammolar tufayli glimfatik tizimning faoliyati buzilishi Alsgeymer kasalligiga olib kelishi mumkin, chunki beta amiloid hamda tau kabi zaharli moddalarning miyada to‘planishi hamda Alsgeymer kasalligi o‘rtasida bog‘liqlik borligi aniqlangan.

Yangi tadqiqot natijalari qarish va uyqusizlik hamda Alsgeymer kasalligiga chalinish xavfining oshishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni tasdiqladi. Boshqacha qilib aytganda, uyqu qancha chuqur bo‘lsa, shuncha yaxshi.

Tadqiqot mualliflari so‘zlariga ko‘ra, uyqu sifati Alsgeymer hamda demensiya kelib chiqishini oldindan bashorat qilishda ko‘maklashishi mumkin. Shuningdek, izlanish natijalari yordamida uyqu terapiyasi hamda uning sifatini yaxshilash usullari ishlab chiqilishi mumkin.

Rochester xodimlarining tadqiqotlari xulosalari Science Advances jurnalida chop etildi.

XS
SM
MD
LG