O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida yashagan 9-sinf o‘quvchisi A.S. noma’lum kimyoviy modda ichib o‘lganini tasdiqladi.
2 mart kuni hodisani yoritgan Ozodlikka marhumning yaqinlari kimyoviy moddani o‘quvchiga "sinfdoshlari bergan"ini iddao qilgan edi.
Bosh prokuratura bayonotiga ko‘ra, 15 fevral kuni soat 17:00 larda Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumani yashovchi, voyaga yetmagan A.S. (2003 yilda tug‘ilgan) o‘z uyida noma’lum kimyoviy moddani ichib yuborgan va 26 fevral kuni shifoxonada vafot etgan.
Prokuratura bayonotida A.S. noma’lum dori moddasini o‘zi o‘qiydigan 17-sonli maktabning 10a-sinf o‘quvchisidan olgani va uyiga kelib, ichgani haqida tushuntirish xati bergani aytilgan.
Bosh prokuraturaning 4 mart kuni mahalliy nashrlar chop etgan bayonotida A.S. o‘qigan maktabning kimyo laboratoriyada turli moddalarning saqlanish tartibini o‘rganish yuzasidan viloyat Xalq ta’limi boshqarmasiga tekshiruv o‘tkazish tayinlangani aytilgan.
3 mart kuni Ozodlikka Farg‘ona viloyati Xalq ta’limi boshqarmasidan kelgan xatda tekshiruv Xalq ta’limi O‘zbekiston tumani bo‘limi va 17-maktab rahbariyati bilan birga o‘tkazilgani aytilgan.
Viloyat boshqarmasiga ko‘ra, surishtruv natijasida o‘quvchiga maktabda hech qanday kimyoviy modda yuttirilmagani, maktabda unga tazyiq o‘tkazilmagani aniqlangan.
Ammo, shu kunga qadar bolaning aynan qanday kimyoviy modda yutgani, ya’ni aholi uyi yoki maktabda saqlanishi mumkin bo‘lgan qanday xavfli preparatdan o‘lgani noma’lum qolmoqda.
Bosh prokuraturaning bolaga bu preparat maktabda berilgani ehtimoldan soqit qilinmagan bayonotida "noma’lum kimyoviy modda" atamasi qo‘llangan. Ammo, bu ehtimolni to‘liq rad etayotgan Farg‘ona viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi uni "noma’lum dori", deb ta’riflamoqda.
Shuningdek, sud tayinlagan tibbiy ekspertizaning 19 fevral kuni chiqqan natijasida bu preparatdan bola tanasiga yetgan jarohat aniqlangan.
Gazeta.uz nashrining yozishicha, tibbiy ekspertiza natijasida "A.S.da gemorragik peritonit va og‘ir darajadagi karaxtlik hamda oshqozon devorlarini butunligini buzilishi bilan kechgan oshqozon, 12 barmoqli ichak, katta charvini kimyoviy kuyishi bo‘lib, bu og‘iz orqali qabul qilingan kimyoviy modda ta’siri natijasida yuzaga kelgani qayd etilib, ushbu jarohatlar xayot uchun xavfli og‘ir shikastlar toifasiga kirishi ko‘rsatilgan".
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hozirda o‘quvchi o‘limiga sabab bo‘lgan bu preparatni aniqlash uchun sud tayinlagan kimyoviy ekspertiza davom etmoqda.