Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:43

O‘quvchisini urib komaga tushirgan o‘qituvchi jazoga tortildi


O‘zbekiston dzyudo darsida urilgan va komaga tushgan bola
O‘zbekiston dzyudo darsida urilgan va komaga tushgan bola

Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidagi sport maktab internati sport murabbiysi o‘quvchini urib komaga tushirgani ortidan jazoga totildi.

Xorazmlik jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetovning Ozodlikka ma’lum qilishicha¸ jinoyat ishlari bo‘yicha Hazorasp tuman sudi sport murabbiysi Jumanazar Ro‘zmetov O‘zbekiston jinoyat kodeksining 104-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topgan.

Sud hukmiga ko‘ra¸ sport murabbiysiga nisbatan 2 yilu sakkiz oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Hazorasp tuman sudi kotibining Ozodlikka bildirishicha¸ o‘quvchini kaltaklagan sport murabbiysi Jumanazar Ro‘zmetov qasddan hayot uchun xavfli bo‘lgan shikast yetkazishda aybdor deb topilgan.

Bola yaqinlarining Ozodlikka bildirishicha, 2018 yilning 20 sentabr kuni kaltaklangani ortidan komaga tushgan 5- sinf o‘quvchisi Bobonazar Xudoynazarov 3 oy davomida koma holatida yotgandan so‘ng o‘ziga kelgan.

Yaqinlariga ko‘ra, 11 yashar Bobonazar Xudoynazarov bugungi kunda hamon uy sharoitida davolanishni davom ettirmoqda.

Xorazm viloyat, Bog‘ot tuman prokuraturasi 1 oktabr kuni Olimpiada milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 36 yashar murabbiysi shu maktabning 5- sinf o‘quvchisini dars paytida kaltaklagani voqeasini o‘z nazoratiga olganligini Ozodlikka bildirgan edi.

Nima bo‘lgan edi?

Bog‘ot tuman, "Qipchoq qishloq", Bo‘ka mahallasida yashovchi ota-ona o‘z farzandini joriy yil sentabrida tumandagi maxsus sport internatning dzyu-do sinfiga bergan. Ozodlik bilan suhbatlashgan bolaning qarindoshlaridan biriga ko‘ra¸ “dzyu-do” murabbiysi bolaga ilk kundan boshlab "o‘gay ko‘z bilan qarab boshlagan":

- Sen tennis sinfga o‘tib o‘qi¸ “dzyu-do”ni eplolmaysan, deb aytibdi bolaga. Bolaning otasi tennis kerak emas, “dzyu-do”da o‘qiydi, deb qattiq turdi. O‘qituvchi esa, bolani bezdirish uchun har kuni 40 o‘quvchining oldida urgan. 20 sentabr kuni esa, bolani hushidan ketgunga qadar uribdi¸ degan edi ismi aytilmasligini istagan bolaning qarindoshi.

Respublika Bosh prokuraturasining Ozodlikka bildirishicha¸ “o‘quvchi 2018 yilning 21 sentabr, tonggi 4 da koma holatiga tushgan”.

Xorazmlik jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetovning Ozodlikka bildirishicha, mahalliy mulozimlarning voqeani bekitishga tirishgan bo‘lsa ham voqea sudgacha yetib kelgan:

- Bolaning otasi 22 sentabr kuni tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda 2018 yilning 20 sentabr kuni tumandagi Olimpiada milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 5-sinfida ta’lim oluvchi o‘g‘li Bobonazar Xudoynazarvni sport fani o‘qituvchisi Jumanazar Ro‘zmetov bosh qismiga urib tan jarohati yetkazganligini bildirgan. 24 sentabr kuni borib militsiyadan so‘rasam, hali ham tekshiruv boshlanmagan edi.

Jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov Xorazm viloyat sport qo‘mitasi raisi Shokir Madaminov¸ viloyat hokimining yoshlar siyosati bo‘yicha o‘rinbosari San’atbek Salaev bilan uchrashganidan keyin bemor neyrojarrohlar tomonidan muolaja qilina boshlaydi.

Ammo o‘quvchini kaltaklagan murabbiy ustidan jinoyat ishi voqeadan 8 kun o‘tib ochilgan edi.

"Nega bu qadar kech?" degan savolga javob bergan o‘quvchining yaqinlari “Tumandagi mulozimlar ishni bosti-bosti qilib yopig‘liq qozon yopig‘liq qolishini istashgan edi", deb javob berishgan edi.

Ozodlik bilan suhbatda viloyat hokimligi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyasining mas’ul kotibi Marimboy Masharipov ham voqeaning oshkor bo‘lishidan manfaatdor emasligini ta’kidlagan edi:

- Bo‘lar ish bo‘ldi, nima qilasizlar endi shuni shov-shuv qilib?

Bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan o‘tkazilayotgan taftish chog‘ida sport maktab-internatida bolalarni kaltaklash oddiy hol ekani ma’lum bo‘ldi.

Mahalliy jurnalist Ro‘zimboy Hasanning Ozodlikka aytishicha¸ nafaqat tuman, balki viloyatdagi barcha maktablarda bolalar kaltaklanadi.

Tuman prokurori Alisher Ro‘zmetov o‘quvchi kaltaklangan sport maktabidagi o‘quvchilar bilan yakkama- yakka suhbatlashganida barcha o‘quvchilar kaltak yegani haqida aytib berishgan edi.

XS
SM
MD
LG