Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:37

HRW: Tojik faoli Rossiyada o‘g‘irlandi va qiynoqqa solindi


Sharofiddin Gadoev (chapda) taqiqlangan Tojikiston Islom partiyasining quvg‘indagi rahbari Muhiddin Kabiriy bilan 2 mart kuni tarqatilgan videoda.
Sharofiddin Gadoev (chapda) taqiqlangan Tojikiston Islom partiyasining quvg‘indagi rahbari Muhiddin Kabiriy bilan 2 mart kuni tarqatilgan videoda.

Inson haqlarini himoya qiluvchi Human Rights Watch (HRW) tashkiloti xabar qilishicha, Tojikiston muxolifati faoli Niderlandiyaga qaytib kelishga ruxsat tegishidan oldin Rossiya va Tojikistonda o‘g‘irlab ketilgan, kaltaklangan va qiynoqqa solingan.

Unga Niderlandiyada qochqin maqomi berilgandi.

HRWning Markaziy Osiy bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlouning “Ozodlik” radiosiga aytishicha, “24-guruh” harakatining yetakchi faollaridan birini o‘tgan oy Moskvada politsiya va Federal xavfsizlik xizmati (FXX) xodimlari o‘g‘irlab ketgan va Tojikiston hokimiyat idoralari qo‘liga topshirgan. Ular esa Sharofiddin Gadoevni uchoqda poytaxt Dushanbe shahriga olib kelgan.

‒ Moskvadan Dushanbe shahriga olib kelingandan so‘ng unga nisbatan qanchalik zo‘ravonlik qilingani, ko‘ylagi qonga botganini ko‘rib turibmiz, ‒ dedi Sverdlou.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Gadoev Moskva aeroportida yordam so‘rashga harakat qilganida, tojik xavfsizlik xizmati xodimlari uni shafqatsizlarcha kaltaklagan va baqira olmasligi uchun og‘ziga lenta yopishtirib qo‘ygan.

Gadoev o‘tgan oyda Niderlandiyadagi ixtiyoriy qochqinlikdan qaytib, kutilmaganda Dushanbeda paydo bo‘lib qoldi. Tojikiston hokimiyat idoralari uning o‘z ixtiyori bilan qaytib kelganini iddao qilgan edi. Bu bilan ular hamkasb va tarafdorlarining Gadoev o‘g‘irlab ketilgani haqidagi gaplarini rad etmoqchi bo‘ldi.

2 martda Gadoev Tojikistonning Yevropada faoliyat yuritayotgan muxolifatdagi tashkiloti Feysbuk sahifasining jonli video efirida paydo bo‘ldi va kutilmaganda, uning yana Yevropaga qaytgani ma’lum bo‘ldi.

Videoni tarqatgan Tojikiston milliy ittifoqi vakiliga ko‘ra, video Germaniyaning Frankfurt aeroportidan efirga uzatilgan.

Sverdlouga ko‘ra, Gadoevning Tojkistonda hibsdan ozod etilib, Niderlandiyaga eson-omon qaytib kelishiga Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatda qochqin maqomiga ega ekani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Tojikiston hokimiyat idoralari 33 yashar Gadoev vataniga o‘z ixtiyori bilan qaytib kelganini aytgandi. Bu ham yetmaganday, uning muxolifat haqida bildirgan tanqidiy fikrlari va boshqa faollarni ham Tojikistonga qaytib kelishga qilgan da’vati yozib olingan videoni tarqatdi.

Ammo, 19 fevralda Gadoevning hamkasblari oldinroq yozib olingan videoni e’lon qildi. Videoda u “Tojikistonda yuzaga kelgan muammolar va tojik mehnat muhojirlari bilan bog‘liq vaziyat”ni muhokama qilish uchun Rossiya xavfsizlik kengashi rasmiylari bilan uchrashuvga - Moskvaga yo‘l olayotganini aytadi.

‒ Agar men qo‘qqisdan Tojikiston televideniesi va Yutub kanalida paydo bo‘lib, o‘z ixtiyorim bilan keldim, deb aytsam, aslo ishonmanglar, ‒ deya ogohlantiradi u o‘sha videoda. ‒ Men o‘z xohishim bilan Tojikistonga borishni rejalashtirayotganim yo‘q.

Ichki ishlar vazirligi dastlab Gadoev kontrabanda mahsulotlari va qalbaki hujjatlarga egalikda ayblanganini e’lon qildi.

Sverdlou HRW “Gadoev Niderlandiyadagi qadrdonlari oldiga qaytib kelganidan xursand ekani”ni bildirdi. Inson haqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar, Gadoevning quvg‘indagi hamkasblari, Germaniyaning Dushanbedagi elchixonasi va Niderlandiya Tashqi ishlar vazirligining “o‘z vaqtidagi sa’y-harakatlari” sabab bunga imkon tug‘ildi, deya qo‘shimcha qildi u.

Prezident Emomali Rahmon 1992 yildan beri Tojikistonni boshqarib kelmoqda va hurfikrli kishilar huquqini toptagani uchun qayta-qayta tanqid qilinmoqda.

“24-guruh” 2014 yil oktabrida “ekstremistik” tashkilot deb topildi hamda Dushanbe va boshqa shaharlarda hukumatga qarshi namoyishlar uyushtirgani uchun taqiqlab qo‘yildi.

Uning asoschisi Umarali Quvatov 2015 yil martida Istanbulda o‘ldirildi.

XS
SM
MD
LG