Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2019, Тошкент вақти: 09:55

Elektr tokining yuqori kuchlanishidan yuzlab xonadonning televizori kuydi


Surxondaryo viloyatining Angor tumanidagi Oxunboboev mahallasida 3 mart kuni elektr tokida ishlab turgan barcha asbob-jihozlar ishdan chiqdi.

Voqea guvohlarining aytishlaricha, 3 mart kuni tushdan keyin elektr simlariga birdaniga yuqori kuchlanishda kelgan tok, xonadonlarda ishlab turgan barcha televizor, konditsioner, lampochka va boshqa uskunalarni portlatib, kuydirib yuborgan.

Mahalla rasmiysi 3 mart kuni 73ta xonadonda elektr jihozlari ishdan chiqqanini aytmoqda.

Oxunboboev mahallasida yashaydigan, 80 yashar Abdulla Shopo‘latovning aytishicha, uning ikki televizori 3 mart kuni kuyib ketgan:

- O‘g‘limizning katta televizori bor edi, u kuydi. Keyin o‘g‘limiz kichik televizorni qo‘ygan edi, u ham kuydi. Buning sababchisi elektroset, svetni o‘ynatib ko‘p svet bergan. Borib so‘rasak, sug‘urta qildirganmisiz deydi. Axir bu tabiiy ofat emasku, buning javobgari elektroset. Bizda, bu yerda, hech ushlaydigan joyi qolmadi. Mirziyoevning qishloq hududlarini obodonlashtirish haqidagi farmonlarini bu yerdagilar oyog‘ini osmondan qilib ijro etishmoqda. Mening aytar gapim shu!

Oxunboboevlik Ro‘zigul o‘zi va qo‘shnilarining barcha elektr asboblari kuyib qolganini aytadi:

- Lampochkalar birdaniga oppoq bo‘ldiyu, keyin paq etib yorilib ketdi. Meni televizorim, elektr hisoblagichim ham kuydi. Bu birinchi bor bo‘layotgani yo‘q. Har safar televizorim kuyganda, yangi televizor olishimga mablag‘im yo‘q. Qo‘shnilarimning ham televizorlari kuyib ketgan. Bitta kelin dugonamiz bor, uch marta kuydi televizori. Bu bizning aybimiz emasku, televizorlarimizni kuydirganlar o‘rniga boshqa olib bersin.

Elektr hisoblagich va televizoridan ayrilgan Yulduzxon ham elektr tarmoqlari idorasi aholiga yetkazgan zararini qoplab berishi shartligini aytadi:

- Televizorim bilan uchyotchigim paqillab portlab ketdi. Qo‘shnilarimda ham shu ahvol. Elektr idorasi kelib har bir uyga kirib ko‘rsin, xalqqa qancha jabr yetkazganini hisobini olsin, elektr hisoblagichlarni o‘z hisobidan o‘rnatsin, yangi televizor olib bersin. Biz elektrdan bepul foydalanmaymizku, bizdan haqini undirib olishni biladi, tokini ham o‘xshatib bersin.

Angor tumanidagi Oxunboboev mahalla fuqarolar yig‘ini kotibi Erkin Gapparovning Ozodlikka aytishicha, 3 mart kuni sodir bo‘lgan hodisa barcha xonadonlarga katta moliyaviy zarar olib kelgan:

- 3 martda kun bo‘yi svet o‘chib-yonib, o‘ynab turdi. Bir soat yoqadi, bir soat o‘chiradi. O‘sha payt zamikanie bo‘lganmi, ikkita faza qo‘shilib qolgan, oqibatda esa yuzlab oilaning uyida elektrda ishlab turgan texnikalar kuyib ketdi. Biz bu voqea ortidan ishchi guruh tuzib, hozircha 73 ta xonadonni aniqladik, birida televizor kuygan, birida radio kuygan, birida elektr hisoblagichlar, lampochkalar, birida konditsioner, telefon zaryad qiluvchi uskunalar, nimaiki tokka ulangan bo‘lsa hammasi kuygan. Arizalar tushishda davom etmoqda. Bu voqea yuzasidan prokuraturaga xat qilib bordim, lekin prokuror arizamni qabul qilmadi.

Angor tumani prokurori Jasur Rahmonov Ozodlik bilan suhbatda, haqiqatan ham Erkin Gapparov 5 mart kuni prokuraturaga murojaat qilganini, lekin nima sababdan uning arizasi o‘rinbosari tomonidan qabul qilinmaganini hozircha bilmayotganini aytdi:

"O‘rinbosarim ish bilan chiqib ketgan, telefoni o‘chgani bois uni hozir topolmayapman. Lekin bizga qilingan murojaatlar hammasi ko‘rib chiqiladi. Jumladan, Erkin Gapparovning arizasi ham. Biz bu holatni tegishli soha mutaxassisi ishtirokida o‘rganib chiqamiz va qonuniy to‘xtamga kelamiz".

Angor elektr tarmoqlari idorasining dispetcheri va uning rahbari Alisher Yo‘ldoshev Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

O‘zbekistonda kuz-qish mavsumida elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar ko‘p bo‘lishi haqida Ozodlik muntazam xabar berib kelgan.

O‘zbekistonda hozirgi vaqtda ish faoliyatida bo‘lgan energetika qurilmalari o‘tgan asrning o‘rtalarida ishga tushirilgan bo‘lib, ularning deyarli 67 foizi eskirgan.

Bu ma’lumot "O‘zbekenergo" AJ matbuot xizmatining bayonotida keltirilgan.

Mahalliy saytlar e’lon qilgan bayonotda aytilishicha, mamlakatdagi mavjud elektrostantsiyalar ham o‘tgan asrning 50-60 yillarida barpo etilgan bo‘lib, ularning aksariyatida quvvatlar allaqachon muddatini o‘tab bo‘lgan. Eng yangisi hisoblangan Taxiatosh IESning ham foydalanishga topshirilganiga 27 yildan oshgan.

«O‘zbekenergo» o‘z xatida elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash ustida ishlar amalga oshirilayotgani to‘g‘risida yozgan.

XS
SM
MD
LG