Линклар

Шошилинч хабар
20 январ 2020, Тошкент вақти: 03:29

O‘zbek yozuvchisi Hamid Ismoil asari Yevropa adabiy mukofoti g‘olibi bo‘ldi


Yozuvchi Hamid Ismoil

Taniqli o‘zbek yozuvchisi 65 yashar Hamid Ismoilning “Jinlar bazmi” romani 7 mart kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining adabiy mukofotini qo‘lga kiritdi. G‘olibga esdalik medali bilan birgalikda 20 ming yevro beriladi.

Tanlov finalida latviyalik yozuvchi Nora Iksten va polyak yozuvchisi Olga Tokarchuk ham ishtirok etgan bo‘lsada bosh sovrin o‘zbek yozuvchisiga nasib qildi.​

Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining adabiy mukofoti jami 40 ta mamlakat yozuvchilarining ingliz tilida chop qilingan asarlarini qamrab olgan.

Mukofot umuminsoniy g‘oya va muammolar tasvirlangan polifonik asarlarga beriladi.

“Jinlar bazmi” romani ikki qismli. Yozuvchi Hamid Ismoilning Ozodlikka aytishicha birinchi qismda Oyxon taqdiri qalamga olinadi. Ikkinchi qismda esa taniqli o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriyning qamalishi va 30-yillardagi ziyolilar qatag‘oni fojiasi ochib beriladi.

Romanni ingliz tiliga ingliz tarjimonlari Donald Reyfild va Jon Farndon o‘girgan.

2018 yilda mukofotni turk yozuvchisi Burhon Senmez “Istanbul, Istanbul” romani uchun qo‘lga kiritgan edi.

O‘zbek o‘quvchilari “Jinlar bazmi” romanining ilk boblari bilan 2012 yili muallifning Internetdagi Feysbuk sahifasi orqali tanishgan edi.

Hozir Londonda istiqomat qilayotgan yozuvchi Hamid Ismoilning Ozodlik muxbiriga bildirishicha, yuksak sovrin olgan yangi roman 1938 yili otib o‘ldirilgan o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriyning so‘nggi kunlari haqida hikoya qiladi.

- Abdulla Qodiriyning hayoti, 1937 yil 31 dekabrda qamalganidan boshlab to 4 oktyabr 1938 yil otilguniga qadar tasvirlangan. Lekin bu faqat Abdulla Qodiriyning qamoqda yotgan hayoti haqida emasda, uning asari haqida, ko‘ngliga tugib yurgan asari haqida. Chunki bizga ma’lumki, qamalishidan oldin Abdulla Qodiriy Muzayyana Alaviya, boshqa yozuvchilarga, men bir roman yozmoqchiman degan. Bu roman o‘zbek adabiyotshunosligida “Kanizak “romani degan ta’bir ostida kirgan. Lekin aslida bu kanizak haqida emas¸ Oyxon poshsho degan xo‘ja qiz haqida, deydi Hamid Ismoilov.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:23 0:00
Бевосита линк

Yoqib yuborilgan "Kanizak" romani qayta tiklandi

1937 yil dekabr oyida Abdulla Qodiriy qamoqqa olinganida uning hali chop qilinmagan qo‘lyozmalari yoqiladi.

Bu qo‘lyozmalar ichida "Kanizak" romani ham bo‘lgani taxmin qilinadi.

Bu roman o‘sha paytda favqulloda mashhur bo‘lgan “O‘tgan kunlar” romanidan ham ta’sirli bo‘lishi haqida Toshkent va Samarqanddagi adabiyot ahli orasida oshig‘ich gap-so‘zlar tarqalgan edi.

Romanning taqdir taqozosi bilan uch amirga hamto‘shak bo‘lgan kanizak hikoyasi ekani munaqqidlar tarafidan qayd qilinadi.

Bu kitobning KGB o‘tyoqarlari tarafidan “o‘zbek yozuvchilari” yozgan “xulosa”ga binoan yoqib yuborilgani haqida arxiv ma’lumotlari bor¸ xolos.

Zamonaviy o‘zbek yozuvchisi Hamid Ismoil o‘sha yozilmagan kitobni quvvai hofiza ërdamida “qayta tiklash”ga uringanini aytadi.

- Qodiriy bu romanni yozayotganda hibsga olinadi. Men o‘z asarimda Qodiriyning qamoqqa olinish arafasi va otilgunga qadar qamoqdagi kunlarini qalamga oldim, deydi Hamid Ismoil.

Suhbatdoshga ko‘ra, Qodiriy ëza boshlagan tarixiy roman syurrealistik tarzda qamoqda ham davom etadi.

Qodiriy o‘z romanidagi qahramonlari bilan qamoqda uchrashadi. Ozod bo‘lishiga ishongan Qodiriy qamoqda ham roman uchun materiallar yig‘adi.

Ammo KGB askari miltig‘idan otilgan qo‘rg‘oshin o‘q Abdulla Qodiriy umriga nuqta qo‘yadi.

Roman qo‘lyozmasi KGB ning maxsus pechkasida yonib kul bo‘ldi. Ammo rus yozuvchisi Mixail Bulgakov yozganidek "qo‘lyozmalar yonmaydi"

2019 yilning 7 mart kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining adabiy mukofotini qo‘lga kiritgan "Jinlar bazmi" asari¸ Hamid Ismoil fikricha¸ "Qodiriy ruhining o‘lmasligidan dalolat".

Kitobni o‘zbek o‘quvchisi o‘qidimi?

"Bugungi kunda yozuvchi yozgan asar bilan o‘quvchi o‘rtasida ulkan jar paydo bo‘lgani haqida xavotirli gaplar bor. "Jinlar bazmi"ning ingliz tilida o‘qilib sovrin olgani yaxshi xabar¸ ammo kitobni o‘zbek o‘quvchisi ham o‘qidimi?"

Ozodlik muxbirining bu savollariga javob bergan roman muallifi o‘quvchilarning Qodiriy taqdiriga dardkashligidan ta’sirlanganini aytadi:

- Bilasizmi, bu romanni kompyuterda tergan ayol o‘zbek ayoli, yig‘lab-yig‘lab o‘qibdi. Menga eng asosiy baho shu. Yana bir katta ayol ba’zi so‘zlarni tushunmaganida¸ mashinkachi ayoldan so‘rab yurgan qaynonasi ham kitobni qo‘ymasdan o‘qib chiqibdi. Shu menga eng katta baho, deydi Hamid Ismoil.

Novqatda tug‘ilib Londonda yashayotgan mashhur o‘zbek yozuvchisi

Hamid Ismoil 1954 yili Qirg‘iziston janubidagi Novqat qishlog‘ida tug‘ilgan. Harbiy bilim yurtini tugatib zirhli quroldan o‘q otuvchi mergan guvohnomasini oldi.

Harbiy maslakdan voz kechgan Hamid Ismoil Toshkent davlat universitetida filologiyadan tahsil oldi. Ilk she’rlar kitobini 1987 yil Toshkentda rus tilida chop qildirdi.

Hamid Ismoil 1992 yili bir guruh xorijiy jurnalistlar bilan birgalikda “Hilolga oshiq Farg‘ona” hujjatli filmini suratga olganidan so‘ng rasmiy Toshkent nazarida istalmagan shaxsga aylandi.

1992 yilda O‘zbekistondan chiqarib yuborilganidan keyin yozuvchi Fransiya, Germaniya, AQSh, Buyuk Britaniya va Rossiyada bir necha kitoblarini e’lon qildi.

Hamid Ismoil asarlari Ingaborg Baldauff va Zigrid Klaynmixel kabi nemis tarjimonlari tarafidan tarjima qilinib Germaniyada nashr qilingan.

Ismoilning asarlari Britaniyaning “Rossica”, AQShning “Aatsee” adabiy sovrinlariga loyiq ko‘rilgan.

XS
SM
MD
LG